Juma, 13-noyabr, 2026
Havo 73 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +5° kechasi +2°

Statistikalardagi farq ochiqlandi Aholi soni ham, iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham o‘zgargan

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish yakunlari nafaqat demografik ko‘rsatkichlarni, balki iqtisodiyotning hajmini ham o‘zgartirdi.

4 daqiqa o‘qiladi

Statistikalardagi farq ochiqlandi Aholi soni ham, iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham o‘zgargan

O‘zbekistonning 2025-yildagi yalpi ichki mahsuloti (YaIM) avvalgi hisob-kitoblarga nisbatan 277,1 trillion so‘mga yoki 15 foizga yuqori baholangan. Eng qizig‘i, bu o‘zgarish iqtisodiyot bir yil ichida 15 foizga o‘sganini anglatmaydi. Gap avvalgi hisob-kitoblarda to‘liq aks etmagan iqtisodiy faoliyatni yangi ma’lumotlar asosida qayta hisoblash haqida ketmoqda.

UZ24.uz muxbiri Milliy statistika qo‘mitasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning yakuniy natijalari hamda ularning iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri yuzasidan ma’lumotlar to‘pladi.

O‘zbekiston aholisi avvalgi hisobdan 810 ming nafarga ko‘p 

Ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, 2026-yil 15-yanvarda O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 047 321 nafarni tashkil etgan. Bu avvalgi joriy hisob-kitobdan 810,6 ming nafarga yoki 2,1 foizga ko‘p.
 
Bundan tashqari, aholining yoshi, jinsi, oilaviy va ijtimoiy holati, ta’lim darajasi, milliy hamda til tarkibi kabi ma’lumotlar jamlangan. Bunda o‘zini o‘zi belgilash tamoyiliga amal qilingan. Ya’ni respondentlardan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan, javoblar ularning o‘zlari taqdim etgan ma’lumotlar asosida qayd etilgan. Shu sababli ayrim ko‘rsatkichlar ma’muriy hisob-kitoblardan farq qilishi mumkin.

Xo‘sh, avvalgi hisob-kitoblarda qaysi iqtisodiy faoliyatlar to‘liq aks etmagan?
                                                                                       
Statistika qo‘mitasi buning uchta asosiy sababini ko‘rsatmoqda.  Birinchisi, aholini ro‘yxatga olish natijalari. Ushbu jarayonda uy-joy fondi, turar joylar soni va aholi tomonidan bajarilgan qurilish ishlari haqida yangi ma’lumotlar olingan. Natijada YaIM hisob-kitoblariga qo‘shimcha 36,4 trillion so‘mlik hajm kiritilgan.
 
Ikkinchisi, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish. Ekin maydonlari va chorva mollari soniga aniqlik kiritilishi natijasida 80,4 trillion so‘mlik farq yuzaga kelgan.
 
Uchinchisi, korxona va tashkilotlarning yangilangan statistik hisobotlari. Bu omil eng katta ulushga ega. Yangi ma’lumotlar hisobiga YaIMga 160,3 trillion so‘mlik aniqlik kiritilgan.
 
Demak, qayta baholangan 277,1 trillion so‘mning 57,9 foizi korxonalar va tashkilotlar bo‘yicha yangilangan ma’lumotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining 24,6 foizi norasmiy sektorga to‘g‘ri keladi
 
Qayta hisob-kitoblarning yana bir muhim natijasi – hujjatlashtirilmagan iqtisodiyot ulushining kamayishi bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarda iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi 26,9 foiz deb baholangan. Yangi ma’lumotlardan keyin bu ko‘rsatkich 24,6 foizga tushgan. Bu yerda muhim jihat shundaki, mamlakat iqtisodiyotining avvalgi hisob-kitoblarda to‘liq aks etmagan qismi ham qayta baholash jarayonida hisobga olingan.
 
Yig‘ilgan ma’lumotlar qanchalik xavfsiz saqlangan?
 
Aholini ro‘yxatga olish jarayonida millionlab fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari yig‘ilgani sababli kiberxavfsizlik masalasi ko‘tarildi.
 
Matbuot anjumani doirasida Statistika qo‘mitasi sayt tizimida ikkita kamchilik aniqlaganini, ularni bartaraf etish yuzasidan murojaat qilinganida esa tegishli mutaxassislar tomonidan yetarlicha e’tibor berilmaganini aytildi.
 
Qo‘mita vakilining ta’kidlashicha, aholini ro‘yxatga olish axborot tizimi Kiberxavfsizlik markazining uch bosqichli ekspertizasidan o‘tkazilgan. Bu bosqichlar loyihalashtirish, qurish va tizimni ishga tushirish jarayonlarini qamrab olgan.
 
Bundan tashqari, tizim Kiberxavfsizlik markazining monitoring tizimiga ulangan va pullik monitoring xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ma’lumotlar almashinuvida esa shifrlash texnologiyalaridan foydalanilgan. Tizimni ishlab chiqishda Axborot texnologiyalari vazirligi, UNICON korxonasi va Kiberxavfsizlik markazi hamkorlik qilgan.
 
Ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonida esa shaxsni aniqlash imkonini beruvchi ma’lumotlar xeshlash texnologiyasi orqali anonimlashtirilgan. Shuningdek, qayta ishlash bilan shug‘ullangan xodimlarning kompyuterlari internetga ulanmagan va ma’lumotlarni tashqi qurilmalarga yozish imkoniyati cheklangan.
 
Shunga qaramay, ko‘tarilgan kamchiliklari bo‘yicha aniq javob berilmadi. Aniqlangan zaifliklar bartaraf etilgan-etilmagani ham ochiqlanmadi.

Migratsiya bo‘yicha yakuniy raqamlar qachon e’lon qilinadi?
 
Matbuot anjumanida chet eldagi qochqin maqomini olgan, boshpana so‘ragan yoki fuqaroligi bekor qilingan o‘zbekistonliklarning ro‘yxatga olish jarayonida qanday hisobga olinishiga to‘xtalib o‘tildi.
 
Qo‘mita vakillarining tushuntirishicha, chet elda 12 oydan ortiq yashayotgan boshqa maqomdagi fuqarolar O‘zbekistonning doimiy aholisi tarkibiga kiritilmagan. Bu xalqaro hisob yuritish tamoyillari bilan bog‘liq. Chunki har bir davlat o‘z hududida yashayotgan doimiy aholini hisobga olishi kerak.
 
Migratsiyaga oid batafsil ma’lumotlar esa hali e’lon qilinmagan. Qo‘mita vakillari uy xo‘jaliklari va bandlikka oid ma’lumotlarni dekabr oyi oxirigacha, migratsiyaga oid yakuniy ma’lumotlarni esa yanvar oyida taqdim etishni rejalashtirayotganini bildirdi.