Yangi Toshkentdagi ilk xonadonlarga aholi 2027-yil bahorida ko‘chib kirishi mumkin
Shaharning dastlabki turar joy majmualarida 20 mingta xonadon qurilmoqda. Kelasi yilning o‘zida Yangi Toshkentda 50 mingga yaqin kishi yashashi, ishlashi va turli xizmatlardan foydalanishi uchun sharoit yaratiladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan ilk turar joy majmualariga aholini joylashtirish 2027-yil bahoridan boshlanishi mumkin. Bu haqda 27-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktori o‘rinbosari Maqsud Abbosxonov ma’lum qildi.
15 mingta kvartira yil yakunigacha topshiriladi
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda direksiya tomonidan 20 mingta xonadonni o‘z ichiga olgan “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Ushbu majmuadagi xonadonlarga dastlabki aholini 2027-yil bahorida joylashtirish rejalashtirilgan.
Abbosxonov yil yakuniga qadar 15 mingta kvartirani foydalanishga topshirish ko‘zda tutilganini bildirdi. Shuningdek, yangi shaharda istiqomat qiladiganlar qatorida talabalar, shuningdek, hozirda hududda vaqtincha faoliyat yuritayotgan vazirlik va idoralar xodimlari ham bo‘ladi.
“Yil oxirigacha 15 mingta kvartirani topshiramiz. Talabalar va hozirda yangi shahar hududida vaqtincha ishlayotgan vazirlik hamda idoralar xodimlarini hisobga olsak, 2027-yilning o‘zida taxminan 50 ming kishi joylashishini mo‘ljallaganmiz”, — dedi u.
Yangi Toshkent 1,5 million aholiga mo‘ljallangan
Direksiya vakilining qo‘shimcha qilishicha, qurilish ishlari to‘liq yakunlangach, Yangi Toshkent 1,5 million kishi istiqomat qilishi uchun mo‘ljallangan shaharga aylanadi.
Hozirgi rejalarga ko‘ra, 2027-yil davomida hududda 50 mingga yaqin kishining yashashi, mehnat qilishi va zarur xizmatlardan foydalanishi uchun tegishli sharoitlar yaratiladi. Bu ko‘rsatkichga nafaqat yangi xonadonlarga ko‘chib keladigan aholi, balki shaharda ishlaydigan va ta’lim oladigan fuqarolar ham kiradi.



