Yandex Maps O‘zbekistonning turistik obyektlari haqidagi rasmiy ma’lumotlar bilan boyitiladi
O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilayotganlar endi mehmonxonalar, turistik manzillar, Wi-Fi nuqtalari va boshqa zarur obyektlar haqidagi rasmiy ma’lumotlarni Yandex Maps orqali topishi mumkin. Milliy PR-markaz va Yandex Uzbekistan mamlakatning turistik infratuzilmasini raqamli xaritaga integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sayyohlar uchun raqamli navigatsiya imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Yandex Uzbekistan va Turizm qo‘mitasi huzuridagi Milliy PR-markaz hamkorlikda Yandex Maps platformasiga turistik infratuzilma obyektlari va xizmatlari haqidagi rasmiy ma’lumotlarni joylashtirish ustida ish olib boradi. Bu haqdagi memorandum 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida imzolandi.
Xaritalarda turistik yo‘nalishlar va xizmatlar haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ladi
Kelishuvga muvofiq, Yandex Maps platformasini O‘zbekistonning turistik infratuzilmasiga oid ma’lumotlar bilan to‘ldirish ko‘zda tutilgan. Xususan, xaritaga sayyohlik yo‘nalishlari, mehmonxonalar va boshqa sertifikatlangan joylashtirish vositalari, yo‘l ko‘rsatkichlari, Wi-Fi tarmog‘iga ulanish mumkin bo‘lgan nuqtalar hamda jamoat hojatxonalari haqidagi rasmiy ma’lumotlar integratsiya qilinadi.
Ushbu ma’lumotlarni platformaga kiritish orqali sayohatchilar mamlakat bo‘ylab harakatlanish, kerakli manzillarni topish va mavjud xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, xaritadagi ma’lumotlarning mazmuni va dolzarbligini oshirish, ularni turistlarning amaliy ehtiyojlariga moslashtirish maqsad qilingan.
Memorandum turizm yarmarkasi doirasida imzolandi
Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum 26-noyabr kuni “Ipak yo‘lida turizm” nomli 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida imzolandi.
Hujjatni Milliy PR-markaz direktori Shahboz Saidxonov va Yandex Uzbekistan kompaniyasining strategik rivojlanish bo‘yicha vitse-prezidenti Sardor Qodirov imzoladi.
Tomonlarning mazkur hamkorligi O‘zbekiston turizmida raqamli yechimlarni rivojlantirish va sayohatchilar uchun yagona axborot muhitini shakllantirishga qaratilgan. Bunda zamonaviy texnologiyalar orqali xorijiy va mahalliy sayyohlarning mamlakat bo‘ylab mustaqil sayohat qilishini yengillashtirish, turistik manzillar va ulardagi xizmatlar haqida ma’lumot olish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, raqamli platformalarda turistik obyektlarning aks ettirilishi mamlakatdagi sayyohlik maskanlarining kengroq auditoriyaga tanilishiga ham xizmat qilishi kutilmoqda.



