Shanba, 28-noyabr, 2026
Havo 65 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +3° kechasi +3°

DXX raisining sobiq o‘rinbosari G‘ayratullo Yoziyev 15 yilga qamaldi

DXXning sobiq yuqori lavozimli mansabdorlari ishtirokidagi jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi. Xizmat raisining sobiq o‘rinbosari, general-leytenant G‘ayratullo Yoziyev 15 yilga, uning bir qator sobiq hamkasblari esa 15 yildan 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi. Ayrim sudlanuvchilarning boshqa jinoyat ishi bo‘yicha ham hukm qilingani sababli ularning qamoq muddati yanada uzayishi mumkin.

2 daqiqa o‘qiladi

DXX

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi Davlat xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari, general-leytenant G‘ayratullo Yoziyevga nisbatan hukm chiqardi. U bir qator jinoyatlarda aybdor deb topilib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda huquq faoli, “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Yoziyevga bir nechta modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgan

Abdurahmon Tashanovning yozishicha, G‘ayratullo Yoziyev 2024-yil dekabridan 2026-yil martigacha DXX Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasiga rahbarlik qilgan. U Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish), shuningdek, hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan chetga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi bilan bog‘liq jinoyatlarda aybli deb topilgan.

Huquq faoli keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, G‘ayratullo Yoziyev boshchiligidagi jinoiy guruh faoliyati yuzasidan tergov harakatlarini Bosh prokuratura huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi olib borgan. Mazkur ish bo‘yicha sudlanuvchilar 2026-yil bahorida qo‘lga olingan.

DXXning boshqa sobiq mansabdorlari ham uzoq muddatga qamaldi

Ushbu jinoyat ishi doirasida DXXning boshqa sobiq yuqori lavozimli xodimlariga ham hukm chiqarilgan.

Jumladan, DXX raisining sobiq o‘rinbosari, polkovnik Alijon Ashurov tovlamachilik, sud ishlariga aralashish va pora olish jinoyatlarida aybdor deb topilib, 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

DXX boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan polkovnik Muzaffar Nurboyev esa hujjatlarni qalbakilashtirish, qiynoqqa solish, sud ishlariga aralashish va talon-torojlik ayblovlari bilan 17 yil muddatga qamalgan.

Shuningdek, polkovniklar Temur Shorisqiyev va Gonchar Uzoqov tovlamachilik, sud ishlariga aralashish hamda pora olish jinoyatlari uchun 16 yil 6 oydan ozodlikdan mahrum etilgan. Polkovnik Suhrob Sayfitdinov 16 yil, polkovnik O. Abdullayev esa 15 yil qamoq jazosini olgan.

Jinoiy guruh a’zolari sifatida ko‘rsatilgan Valiyev, O‘roqov, Boysariyev va Shokirovlarga nisbatan esa ozodlikni cheklash, jarima hamda axloq tuzatish ishlari jazolari tayinlangan.

“Koreya ishi” bo‘yicha ham hukmlar chiqarilgan

Abdurahmon Tashanovning qayd etishicha, Alijon Ashurov, Suhrob Sayfitdinov, Gonchar Uzoqov va Temur Shorisqiyev yana bir jinoyat ishi — 90 million dollarlik mablag‘ bilan bog‘liq “Koreya ishi” doirasida ham sudlangan.

Mazkur ish yuzasidan 2026-yil 17-sentabr kuni Toshkent shahrining Bektemir tumani sudi tomonidan ularga nisbatan uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Huquq faoli ta’kidlashicha, protsessual qonunchilik talablariga muvofiq, ushbu shaxslarga ikki jinoyat ishi bo‘yicha belgilangan jazolar qo‘shib hisoblangan taqdirda, ularning qamoqda qolish muddati yanada uzayishi mumkin.