O‘zbekiston Sharq va G‘arbni bog‘lovchi yirik quruqlik portiga aylantiriladi
O‘zbekistonning xalqaro transport yo‘laklaridagi mavqeini mustahkamlash maqsadida 1,6 milliard dollarlik 9 ta yirik logistika markazi quriladi. Shuningdek, mamlakatning logistika quvvatlarini kelgusi 10 yilda 80 million tonnaga yetkazish, bir nechta hududni transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirish rejalashtirilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasi vakillari, investorlar va tadbirkorlar bilan uchrashuvda mamlakatning xalqaro transport yo‘laklaridagi o‘rnini mustahkamlash, logistika infratuzilmasini kengaytirish va yangi markazlar tashkil etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
O‘zbekiston yirik xalqaro logistika markaziga aylantiriladi
Uchrashuvda O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi yuk oqimlarini bog‘laydigan yirik quruqlik portiga aylantirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Shu bilan birga, hozirda O‘rta yo‘lakning mavjud salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Ushbu transport yo‘nalishi imkoniyatlarini kengaytirish va yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida mutasaddilarga Ozarbayjon, Turkmaniston hamda Gruziya bilan elektron yuk hujjatlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvlarni yakunlash topshirildi.
Bundan tashqari, mamlakatimizdan Kaspiy va Qora dengizlar, Sharqiy Xitoy dengizi hamda Boltiqbo‘yi davlatlari portlarigacha blok-poyezdlar qatnovini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu haqda transport xizmatlaridan foydalanuvchi tadbirkorlarni xabardor qilish ham nazarda tutilgan.
Logistika quvvatlari 80 million tonnaga yetkaziladi
Mamlakatning transport-logistika imkoniyatlarini uzoq muddatli istiqbolda kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, kelgusi o‘n yil davomida logistika quvvatlarini 80 million tonnaga yetkazish maqsad qilingan.
Bu borada hududlarning ixtisoslashuvini kuchaytirishga ham e’tibor qaratiladi. Endilikda Xonobod shahri, Olot, Termiz, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.
Mazkur hududlarda logistika infratuzilmasini rivojlantirish, yuklarni qabul qilish, saqlash va tashish imkoniyatlarini kengaytirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi.
9 ta logistika markazi uchun 1,6 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi
Prezident zamonaviy logistika markazlari uchun belgilangan soliq imtiyozlariga ham alohida to‘xtaldi. Xususan, bunday markazlar yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilingan.
Davlat rahbari ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini ta’kidlab, mutasaddilar va hudud hokimlariga investorlar bilan hamkorlikda yirik loyihalarni amalga oshirishni topshirdi.
Unga ko‘ra, umumiy qiymati 1,6 milliard dollar bo‘lgan 9 ta yirik logistika markazi barpo etilishi kerak. Ushbu loyihalar mamlakatning transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va xalqaro yuk tashishdagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.



