Shanba, 28-noyabr, 2026
Havo 71 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +12° kechasi +3°

Mirziyoyev yana bir bor Markaziy Osiyoni yagona turizmga birlashirish tashabbusini ilgari surdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev turizmni barqaror rivojlantirish bo‘yicha global besh yillik harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif qildi. Davlat rahbari Markaziy Osiyoni yagona turistik makonga aylantirish zarurligini ham ta’kidladi.

4 daqiqa o‘qiladi

Turist

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ichki turizmni rivojlantirish va globallashuv jarayonida milliy madaniy merosni asrab qolish muhimligini ta’kidladi. Davlat rahbari 2027-yilda o‘tkaziladigan Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili bilan cheklanib qolmasdan, ushbu yo‘nalishda uzoq muddatli global harakatlar dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik reja taklif etildi

27-noyabr kuni Toshkentda Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yilining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida prezident Shavkat Mirziyoyev 2027-yil doirasidagi tadbirlar bilan cheklanib qolmaslik, turizmni barqaror rivojlantirishga qaratilgan global besh yillik harakatlar rejasini ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.

Uning fikricha, mazkur dastur BMTning Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida amalga oshirilishi, bunda davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektorning imkoniyatlari hamda sa’y-harakatlari birlashtirilishi lozim.

Davlat rahbari Markaziy Osiyoni yagona turistik makon sifatida rivojlantirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan mintaqa mamlakatlarini qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi.

Shuningdek, prezident turizm sanoatining turli inqiroz va tashqi ta’sirlarga bardoshliligini oshirish masalasiga e’tibor qaratdi. Bu borada ichki turizmni rivojlantirish, milliy o‘zlikni anglash va etnomadaniy qadriyatlarni asrab-avaylash muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

O‘zbekistonga kelayotgan turistlar soni 11,6 millionga yetdi

Murojaatda O‘zbekistonda turizm sohasida erishilgan natijalar va yaratilgan infratuzilma imkoniyatlari ham keltirildi.

Prezidentning ma’lum qilishicha, 2026-yilning dastlabki o‘n oyida mamlakatga 11,6 million nafar xorijiy turist tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning to‘liq 12 oylik natijasiga teng. Shu davrda turistik xizmatlar eksporti 1,5 baravar ko‘payib, 6 milliard dollarga yetgan.

Ayni paytda mamlakatda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi ham kengayib bormoqda. Xususan, O‘zbekistonda 7,6 mingta mehmonxona va boshqa joylashtirish vositasi faoliyat yuritmoqda. Bozorda 50 dan ortiq xalqaro mehmonxona brendi mavjud.

Havo transporti yo‘nalishida ham imkoniyatlar kengaygan. O‘zbekiston 54 ta davlat bilan havo qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bitimlar tuzgan. Bugungi kunda 33 ta davlatning 102 ta shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.

Turizm va unga bog‘liq tarmoqlarda qariyb 1 million kishi mehnat qilmoqda. So‘nggi besh yil davomida esa ushbu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 50 dan ortiq turdagi imtiyozlar joriy etilgan.

Turizm yo‘nalishlari va hududlar geografiyasi kengaytiriladi

Kelgusida O‘zbekistonga keladigan xorijiy sayyohlarning mamlakatda qolish muddatini uzaytirish va ularga taklif etiladigan xizmatlar ko‘lamini oshirish rejalashtirilgan.

Bunda faqat an’anaviy sayohat yo‘nalishlari bilan cheklanib qolmasdan, ishbilarmonlik, sarguzasht, ekstremal, tibbiy va gastronomik turizmni rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, agro- va etnoturizm imkoniyatlaridan ham kengroq foydalanish ko‘zda tutilgan.

Yana bir muhim vazifa — tarixiy shaharlardagi madaniy meros obyektlariga tushayotgan turistlar oqimi bilan bog‘liq yuklamani kamaytirish. Buning uchun sayyohlarni mamlakatning yangi hududlariga yo‘naltirish, turizm salohiyatiga ega boshqa manzillarni ham ommalashtirish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan turistik majmualar, turistik qishloqlar va mahallalar tashkil etish orqali hududlarda yangi sayohat maskanlarini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

2027-yil Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilingan

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilgan edi.

Mazkur tashabbus 80 dan ortiq davlat tomonidan ma’qullangan. Uning asosiy maqsadi turizmni uzoq muddatli va barqaror rivojlantirish, sohaning turli inqirozlarga moslashuvchanligini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Mirziyoyev mintaqaviy turizm makonini yaratish tashabbusini avval ham ilgari surgan

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlarini yagona turistik makonga birlashtirish g‘oyasini ilk bor ilgari surayotgani yo‘q. Prezident 2026-yil 4-may kuni Samarqandda o‘tkazilgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishida ham “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusi bilan chiqqan edi.

O‘sha yig‘ilishda davlat rahbari dunyodagi beqaror vaziyat sabab millionlab sayyohlar xavfsiz sayohat yo‘nalishlarini izlayotganini ta’kidlab, Markaziy Osiyoning ziyorat, madaniy, gastronomik, etnik, ekstremal va tibbiy turizm yo‘nalishlaridagi imkoniyatlariga e’tibor qaratgan.

Prezident O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish, viza va transport tizimini takomillashtirish, shuningdek, sayyohlar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida so‘nggi o‘n yilda xorijiy turistlar oqimi olti baravar ko‘payib, 12 million nafarga yetganini qayd etgan.

Shuningdek, Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi O‘zbekistonning yangi turistik maskanlariga aylanayotgani, shunga o‘xshash majmualar qo‘shni mamlakatlarda ham barpo etilayotganini ta’kidlagan. Shu asosda mintaqa davlatlarining tarixiy va madaniy meros obyektlarini yagona sayyohlik yo‘nalishiga birlashtirish taklifini bildirgan.

Davlat rahbari qo‘shni mamlakatlar, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkorlarni turizmni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar portfelini shakllantirish hamda ularni birgalikda moliyalashtirishga chaqirgan edi.