Shanba, 28-noyabr, 2026
Havo 65 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +3° kechasi +3°

Toshkentda xorijliklar tashkil etgan ikkita noqonuniy call-markaz fosh etildi

Markazlardan 122 nafar chet el fuqarosi aniqlanib, ko‘plab texnik vositalar, naqd pul va mingdan ortiq SIM-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

2 daqiqa o‘qiladi

DXX

Toshkent shahrida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari fuqarolari tomonidan tashkil etilgan ikkita noqonuniy call-markaz faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.

Tezkor tadbir “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida o‘tkazilgan. Uning davomida mazkur markazlarda faoliyat yuritgan jami 122 nafar xorijiy davlat fuqarosi aniqlangan.

Ko‘plab texnik vositalar va mingdan ortiq SIM-karta olib qo‘yildi

Tezkor tadbir natijasida 18,5 ming AQSh dollari va 116,5 million so‘m naqd pul, 67 ta noutbuk, 569 ta mobil telefon, 6 ta Wi-Fi qurilmasi hamda 3 ta sun’iy yo‘ldosh aloqa qurilmasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, 5 ta kompyuter, 3 ta planshet va xorijiy davlatlar mobil operatorlariga tegishli 1 000 dan ortiq SIM-karta ham olib qo‘yilgan.

Yevropa va Sharqiy Osiyo fuqarolarini internet orqali chuv tushirishgan

Tergov davomida aniqlanishicha, gumonlanuvchilar Yevropa va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan onlayn-platformalardan foydalanib, firibgarlik sxemalarini amalga oshirgan. Ular virusli havolalarni yuborish orqali xorijiy davlatlar fuqarolarining pul mablag‘larini ham qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, mazkur guruh tomonidan 64 895 USDT miqdoridagi kriptoaktivlar noqonuniy muomalaga kiritilgani ham ma’lum bo‘lgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda vakolatli organlar tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.