Turizm reklamasi orqali O‘zbekistonga qancha sayyoh kelganini qanday aniqlash mumkin?
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida reklama samaradorligini geolokatsiya orqali o‘lchash, sayyohlik xizmatlarini yagona platformada birlashtirish va xorijda Uzcard hamda Humo kartalari bilan to‘lov qilish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TITF) doirasida o‘tkazilgan “Raqamli transformatsiya: yangi imkoniyatlar va istiqbollar” mavzusidagi sessiyada xalqaro reklama samaradorligini o‘lchash, sayyohlik xizmatlarini yagona platformaga birlashtirish, elektron to‘lovlar va SI texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
O‘zbekiston reklamasi sayyohni mamlakatga olib kela olganmi yoki yo‘qmi — endi buni uning telefoni orqali aniqlash mumkin
Turizm reklamasi uchun katta pul sarflanadi, ammo bir savol doim ochiq qoladi: reklamani ko‘rgan odam rostdan ham O‘zbekistonga keldimi?
Amadeus kompaniyasi vakili Brent Robertsning tushuntirishicha, masalan, Nike kabi brendlar uchun mijozni kuzatish oson — xaridor ularning saytiga kiradi va krossovka sotib oladi. Ammo davlatlar aviachipta yoki mehmonxona sotadigan barcha saytlarni nazorat qila olmaydi. Shu sababli reklama qanchalik foyda berganini bilish qiyin.
Amadeus vakili bu muammoni geolokatsiya ma’lumotlari orqali hal qilish usulini taklif qilmoqda.
“Biz Ispaniya, Germaniya, Finlandiya kabi mamlakatlarda reklama kampaniyalarini o‘tkazish jarayonida qamrab olingan odamlarning aynan o‘zini kuzatamiz. Ularga o‘xshash auditoriyani emas, balki reklamani ko‘rganlarning o‘zini. Keyin ular O‘zbekistonga safar qilgan-qilmaganini aniqlaymiz”, — dedi Brent Roberts.
Uning tushuntirishicha, mobil qurilmalarning reklama identifikatori va geolokatsiya ma’lumotlari asosida foydalanuvchining bir mamlakatdan boshqasiga ko‘chgani aniqlanadi. Natijada reklama ortidan O‘zbekistonga qancha sayyoh kelgani va mamlakat iqtisodiyotiga qanday daromad keltirganini baholash mumkin. Brent Roberts bu usulni turizm marketingiga kiritilgan investitsiyaning iqtisodiy samarasini ko‘rsatish vositalaridan biri sifatida ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, dunyodagi barcha turagentliklar mijozlarga chipta va mehmonxona band qilish uchun Amadeus, Sabre, Travelport, TravelSky kabi maxsus ishchi dasturlardan foydalanadi. Endi O‘zbekiston reklamasi aynan o‘sha dasturlarning ichiga joylashtiriladi. Ya’ni turagent mijoziga “Qayerga sayohat qilsam ekan?” deb chipta qidirayotgan paytda ekranida O‘zbekiston taklifi chiqadi. Reklamadan oldin va keyin nechta chipta hamda mehmonxona xonasi sotilganini solishtirish orqali reklama samarasini osonlikcha bilish mumkin.
Sayohat.uz barcha turistik xizmatlarni birlashtirmoqchi
Sessiyada Sayohat.uz platformasi haqida ma’lumotlar berildi. Bu platforma Turizm qo‘mitasiga tegishli bo‘lib, uni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash vazifasi UZINFOCOM markazi zimmasiga yuklatilgan.
Platforma vakili Ravshan Mahmudovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda turizm jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, sayyohlar uchun raqamli xizmatlar hali ham turli platformalarga tarqalib ketgan.
“Vizalar bir portal orqali rasmiylashtiriladi, transport chiptalari turli saytlarda sotiladi, mehmonxonalar esa xalqaro platformalar orqali bron qilinadi. Bu sayyohlar uchun safarni rejalashtirishni murakkablashtiradi”, — dedi u.
Ravshan Mahmudov keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda xorijiy fuqarolar O‘zbekistonga 11,7 million turistik safarni amalga oshirgan. Bu 2024-yilga nisbatan 47 foizdan ko‘proq o‘sishni anglatadi. 2026-yil yanvar–oktyabr oylarida esa safarlar soni 11,6 millionga yetgan. Sayohat.uz platformasi aynan shu xizmatlarni yagona raqamli makonda birlashtirishni maqsad qilgan.
Hozirda platformada quyidagi xizmatlar mavjud:
- Elektron vizalar;
- Elektron SIM-kartalar;
- Avia, temir yo‘l va avtobus chiptalari;
- Sun’iy intellekt asosidagi xizmatlar.
Mehmonxonalar va mehmon uylarini platformaga integratsiya qilish pilot bosqichida. Xalqaro to‘lov tizimlarini ulash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Keyingi bosqichda avtomobil ijarasi xizmatlarini qo‘shish va xalqaro platformalar bilan integratsiya uchun ochiq API taqdim etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, o‘zining bron qilish tizimi yoki veb-sayti bo‘lmagan kichik biznes vakillari ham platformada maxsus akkaunt orqali xizmatlarini joylashtirishi va boshqarishi mumkin.
Chet elda Uzcard va Humo kartalari bilan to‘lov qilish mumkin bo‘ladi
Endi o‘zbekistonliklar xorijga chiqqanda naqd pul ko‘tarib yurishi yoki valyuta almashtirishi shart emas. O‘zbekistonning milliy kartalari — Uzcard va Humo xalqaro to‘lov tizimlari bilan bog‘lanmoqda. Xususan, 27-sentabrdan boshlab Visa va Mastercard kartalarini telefon orqali to‘lov qilish imkonini beruvchi Apple Pay va Google Pay xizmatlariga ulash boshlangan edi. 7-noyabrdan esa bu qulaylik oddiy Uzcard va Humo kartalari uchun ham ishga tushirildi. Endi karta egasi do‘konlarda kartaning o‘zini emas, shunchaki telefonini terminalga tekkizib to‘lov qilishi mumkin.
Bundan tashqari, Markaziy Bank vakili Doston Baxtiyorov milliy kartalarni qo‘shni va hamkor davlatlar tizimlari bilan birlashtirish ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berdi. Tez orada Humo kartasini Xitoyning mashhur AliPay+ tizimiga ulab, Xitoyda bemalol xaridlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Xitoylik sayyohlar ham O‘zbekistonga kelganida o‘zlarining Alipay hamyonlari orqali bizning do‘konlarda to‘lov qila oladi. Xuddi shunday qulaylik Hindiston va Qirg‘iziston bilan ham yo‘lga qo‘yilmoqda: o‘zbekistonliklar bu davlatlarda, ularning fuqarolari esa O‘zbekistonda o‘z mobil ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Aeroportlarda pasport ko‘rsatish o‘rniga yuzni tanish tizimi joriy etilmoqda
Tadbirda ikki yildan beri Toshkentda yashab, Raqamli texnologiyalar vazirligida faoliyat yuritayotgan yaponiyalik mutaxassis Akihiro Sakurai ham sun’iy intellekt sayyohlarga qanday qulaylik yaratishi haqida gapirdi. Uning fikricha, texnologiyalar eng avvalo yo‘lovchining vaqtini tejashi va asabini asrashi kerak.
U bunga misol sifatida Samarqand aeroportida joriy etilgan yuzni tanish (Face ID) tizimini keltirdi. Odatda samolyotga chiqqunga qadar yo‘lovchi bir necha joyda pasporti va chiptasini ko‘rsatishga majbur bo‘ladi. Yangi texnologiya yordamida esa ro‘yxatdan o‘tish, xavfsizlik va pasport nazoratidan tortib, to samolyot bortiga chiqqunga qadar barcha bosqichlardan hujjat ko‘rsatmasdan, shunchaki kamera qarshisidan o‘tish orqali tez va oson o‘tish mumkin.
“Turizm sohasi tinchlik va iqtisodiy farovonlik ramzidir. Xavfsizliksiz, mablag‘siz odamlar sayohat qila olmaydi. Shuning uchun turizm kelajakda O‘zbekiston taraqqiyotining drayveriga aylanadi. Ushbu sohaning gullab-yashnashini rag‘batlantirish esa hukumatning mas’uliyatidir”, — Akihiro Sakurai, Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassisi.
“Samimiy va tabiiy bo‘ling”
Sessiya yakunida Amadeus vakili Brent Roberts O‘zbekistonning turizm sohasidagi biznes vakillari hamda davlat idoralariga kelgusi rivojlanish uchun to‘rtta muhim tavsiya berdi:
- O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlar sun’iy intellekt tizimlari tomonidan oson topilishi va ishonchli manba sifatida foydalanilishi kerak;
Turistlar haqida to‘plangan ma’lumotlar faqat statistika yoki taqdimot uchun emas, balki yangi bozorlarni tanlash, yangi aviaqatnov yo‘nalishlarini ishlab chiqish va maqsadli reklama kampaniyalarini tashkil etish uchun ishlatilishi lozim;
Har bir bozor va sayyohlar guruhiga ularning qiziqishlariga mos takliflar taqdim etish muhim.
“Va nihoyat, samimiy va tabiiy bo‘ling. Bilasizmi, O‘zbekiston sayyohlarga juda ko‘p narsalarni taklif qila oladi. Sizda tarixiy meros, tarix, madaniyat va gastronomiya bor. Bularning barchasi ajoyib, ammo bunday imkoniyatlar boshqa mamlakatlarda ham mavjud. O‘zbekistonning eng katta ustunliklaridan biri — uning odamlari, mehmondo‘stligi, insonlar bilan muloqot qilish tarzi va mehmonlarni samimiy kutib olishidir. Shuning uchun ana shu qadriyatlarga sodiq qoling. Samimiy va tabiiy bo‘ling”, — Brent Roberts.



