Mast holda takror rulga o‘tirganlarga 2 yilgacha qamoq: Senat jazoni kuchaytirishni ma’qulladi
O‘zbekistonda yo‘l qoidalarini buzgan haydovchilarni yanada og‘ir jazolar kutishi mumkin. 28-noyabr kuni Senatning 21-yalpi majlisida yo‘l harakati xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.
3 daqiqa o‘qiladi

Hujjatda mast holda rulga o‘tirish, voyaga yetmaganlarga mashina boshqartirish, tezlikni keskin oshirish va yo‘llarda xavfli harakatlar qilish uchun yangi jazo choralari belgilangan.
Mast holda mashina haydaganlar 2 yilgacha qamalishi mumkin
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda mast holda avtomobil boshqarish holatlari ko‘paygan. 2024-yilda bunday 11 994 ta qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 13 521 taga yetgan. Shu sababli Jinoyat kodeksining 261¹-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, mast holda transport vositasini takroran boshqargan shaxs 1 yildan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Bu orqali spirtli ichimlik iste’mol qilib, qayta-qayta rulga o‘tirayotgan haydovchilarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Voyaga yetmagan bolaga mashina berganlar ham jazolanadi
Avtomobilni yosh bolalarga boshqartirish ham jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda. 2025-yilda 14 yosh va undan kichik bolalar ishtirokida 168 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Endi voyaga yetmaganlarga transport vositasini boshqarishni topshirganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Jinoyat kodeksiga yangi 261³-modda kiritilib, bunday holat oqibatida kimdir o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati olsa, aybdorga 3 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Agar hodisa odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, jazo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, ma’muriy javobgarlik doirasida 50 BHM miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Tezlikni oshirganlarga qancha jarima solinadi?
Yangi qonunda tezlikni me’yordan keskin oshiradigan haydovchilarga ham katta jarimalar belgilangan. 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida belgilangan tezlikni soatiga 40–60 kilometrga oshirish bilan bog‘liq 19 719 ta holat qayd etilgan.
Qonunda jarimalar quyidagicha nazarda tutilmoqda:
Tezlikni 40 km/soatdan ortiq oshirish — 25 BHMgacha jarima.
Tezlikni 60 km/soatdan ortiq oshirish — 45 BHMgacha jarima.
Tezlikni 80 km/soatdan ortiq oshirish — 65 BHM jarima va 6 oyga haydovchilik huquqidan mahrum qilish.
Drift va noqonuniy poygalarga ham qarshi choralar kuchaytiriladi
Yo‘llarda drift qilish, xavfli manyovrlar bajarish va boshqa haydovchilarning harakatiga ataylab xalaqit berish holatlari ham e’tibordan chetda qolmagan.
2025-yilda yo‘l bezoriligi bilan bog‘liq 604 ta huquqbuzarlik qayd etilgan. 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa bunday holatlar soni 572 tani tashkil qilgan. Shu bois noqonuniy avtomobil poygalari, drift va boshqa xavfli harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, yangi qonundan maqsad haydovchilarni faqat jarimaga tortish emas. Asosiy e’tibor yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, haydovchilarning mas’uliyatini oshirish va insonlar hayotini saqlab qolishga qaratilgan. Qonun Senat tomonidan ma’qullangan. Undagi yangi jazo choralari qonun belgilangan tartibda kuchga kirgandan so‘ng qo‘llaniladi.



