Juma, 27-noyabr, 2026
☁ +9° kechasi +5°

“Arzon qurilib, tez buziladigan yo‘llar kerak emas”: Prezident yo‘llar sifatini tanqid qildi

O‘zbekistonda yo‘llar uzoq vaqt xizmat qilishi uchun qurilish talablari o‘zgartirilmoqda. 2027-yildan xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilishda polimer bitum hamda geotekstil texnologiyalaridan foydalanish majburiy bo‘ladi.

2 daqiqa o‘qiladi

“Arzon qurilib, tez buziladigan yo‘llar kerak emas”: Prezident yo‘llar sifatini tanqid qildi

Keyinchalik bu talab davlat va mahalliy ahamiyatdagi yo‘llarga ham tatbiq etiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident yo‘llarning sifatiga alohida e’tibor qaratdi

27-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev transport va logistika sohasidagi investorlar hamda tadbirkorlar bilan uchrashdi. Unda yo‘llarning sifati va ta’mirlash xarajatlarini kamaytirish masalalari muhokama qilindi.

“Arzon qurilib, ertaga yana byudjetdan pul talab qiladigan yo‘l emas, uzoq yil xizmat qiladigan sifatli yo‘l kerak”, — dedi davlat rahbari.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, polimer bitumdan to‘g‘ri foydalanish yo‘llarning xizmat muddatini 3–4 yilga uzaytirishi mumkin. Bu material asfaltning jazirama issiqda chidamli bo‘lishiga yordam beradi va yo‘lni qayta-qayta ta’mirlashga ketadigan xarajatlarni kamaytiradi.

Farg‘onada yo‘l qurilishi uchun yangi mahsulot ishlab chiqariladi

Yangi texnologiyani keng qo‘llash uchun zarur materiallarni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 2027-yil mart oyidan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida yiliga 50 ming tonna polimer bitum ishlab chiqarish boshlanadi.

Prezident yil oxirigacha zavodning ishlab chiqarish quvvatini kamida 100 ming tonnaga yetkazishni topshirdi. Bu mahsulot yo‘l qoplamasining mustahkamligini oshirish va ta’mirlashga sarflanadigan mablag‘ni tejash uchun ishlatiladi.

Urganch—Xiva yo‘lida yangi texnologiya sinab ko‘rildi

Yo‘l qurilishidagi yana bir yangilik Urganch—Xiva pulli avtomobil yo‘lida qo‘llanildi. Ushbu yo‘lning asfalt-beton qoplamasida ilk bor geotekstil materialidan foydalanilgan.

Geotekstil avtomobillar og‘irligidan tushadigan yuklamani bir tekis taqsimlashga yordam beradi. Natijada asfalt qoplamasining deformatsiyalanishi kamayadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu texnologiya yo‘lning xizmat muddatini yana 4–5 yilga uzaytirishi mumkin.

Yo‘l va ko‘priklar qurilishiga milliardlab dollar yo‘naltiriladi

Uchrashuvda so‘nggi o‘n yil davomida yo‘l qurilishi va ta’mirlash ishlariga 80 trillion so‘m ajratilgani ma’lum qilindi. Shu davrda mamlakat bo‘ylab 7 ming kilometr yo‘l qayta qurilgan, yana 125 ming kilometr yo‘l ta’mirlangan.
2027-yilda Surxondaryo, Qashqadaryo, Sirdaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi avtomobil yo‘llarini xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda rekonstruksiya qilish boshlanadi. Bundan tashqari, hozirda umumiy qiymati 5,6 milliard dollar bo‘lgan, jami 593 kilometrlik pulli yo‘llarni qurishga oid beshta loyiha ustida ish boshlangan. Yo‘l va ko‘priklar qurilishiga xususiy investorlar ham kengroq jalb qilinadi.
Prezident hokimlarga bir oy ichida har bir hududdan bir yoki ikkitadan yo‘l va ko‘prikni tanlab, ularni qurish, saqlash va boshqarish sharti bilan investorlarga taklif qilishni boshlash vazifasini topshirdi.