Vodiyga ikkinchi temir yo‘l liniyasi qurilishi mumkin
O‘zbekistonda temir yo‘l infratuzilmasini kengaytirish doirasida Farg‘ona vodiysiga olib boruvchi yo‘nalishlarda qo‘shimcha liniyalar qurish rejalashtirilmoqda. Xususan, To‘qimachi – Angren uchastkasida ikkinchi temir yo‘l qurilishi kelasi yil aprel oyida boshlanadi, Angren – Pop yo‘nalishida esa shunday liniya barpo etish masalasi ko‘rib chiqiladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasi vakillari, investorlar va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda mamlakat temir yo‘l infratuzilmasini kengaytirish, mavjud yo‘nalishlarni modernizatsiya qilish va xalqaro yuk tashish imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li yuk tashish hajmini 10 barobar oshiradi
Uchrashuvda qayd etilishicha, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li foydalanishga topshirilgach, ushbu yo‘nalish orqali yuk tashish hajmi hozirgiga nisbatan 10 barobar ko‘payishi mumkin. Natijada yillik yuk tashish ko‘rsatkichi 15–16 million tonnaga yetishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan davlat rahbari milliy temir yo‘l tarmog‘ini kelgusidagi yuk oqimiga tayyorlash va uning o‘tkazuvchanlik imkoniyatlarini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Hozirgi vaqtda mamlakatdagi temir yo‘l tarmoqlarining 25 foizi to‘liq quvvat bilan ishlamoqda. Yana 15 foizida esa ortiqcha yuklama mavjud. Bu holat infratuzilmani bosqichma-bosqich kengaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
2030-yilgacha yangi temir yo‘llar quriladi
Belgilangan rejaga ko‘ra, 2030-yilga qadar mamlakatda jami 545 kilometr yangi temir yo‘l liniyasi barpo etiladi. Shu bilan birga, elektrlashtirilgan temir yo‘llar ulushi 65 foizga yetkaziladi. Elektropoyezdlar parki esa 31 tagacha kengaytiriladi.
Mavjud yo‘nalishlarni yangilash va qo‘shimcha temir yo‘l liniyalarini qurish ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Xususan, kelgusi yilda Angren – Pop temir yo‘l liniyasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishda ikkinchi temir yo‘l liniyasini qurish imkoniyati ham ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, kelasi yil aprel oyidan To‘qimachi – Angren yo‘nalishida ikkinchi temir yo‘l qurilishi boshlanadi.
Bir nechta yo‘nalishda modernizatsiya va elektrlashtirish ishlari olib boriladi
Rejaga muvofiq, Toshg‘uzor – Qumqo‘rg‘on temir yo‘l uchastkalarini modernizatsiya qilish ishlari yakuniga yetkaziladi. Shuningdek, Andijon – Xonobod hamda Qumqo‘rg‘on – Quduqli yo‘nalishlari to‘liq elektrlashtiriladi.
Toshkent – Samarqand yo‘nalishida esa mavjud temir yo‘l tarmog‘idan alohida, yuqori tezlikdagi yangi liniya qurish ishlariga kirishiladi.
Mazkur loyihalar temir yo‘l transportining o‘tkazuvchanlik salohiyatini oshirish, yuk va yo‘lovchi tashish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro moliya tashkilotlari va investorlarni ushbu loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqirdi. Hamkorlikka taklif etilayotgan temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarining umumiy qiymati 8 milliard dollarni tashkil etadi.



