O‘zbek futboli tarixidagi yagona va so‘nggi tarixiy chempionlikka 30 yil to‘ldi
Bugun, 16-oktyabr kuni O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo o‘yinlarida chempionlikni qo‘lga kiritganiga 30-yil to‘ldi. Bu cho‘qqi hali hamon mamlakat terma jamoasi uchun etalon bo‘lib kelmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Bugun, 16-oktyabr kuni O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo o‘yinlarida chempionlikni qo‘lga kiritganiga 30-yil to‘ldi. Bu cho‘qqi hali hamon mamlakat terma jamoasi uchun etalon bo‘lib kelmoqda.
Yagona va so‘nggi...
1994-yilning oktyabr oyi o‘zbek futboli tarixi sahifalariga oltin harflar bilan zikr etilgan. O‘shanda Yaponiyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi finalda xitoylik futbolchilarni 4:2 hisobida dog‘da qoldirib, chempionlikni rasmiylashtirishgan edi. Mana o‘sha olamshumul voqelikka ham 30-yil to‘ldi. Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, mazkur muvaffaqiyat mamlakat bosh jamoasining o‘z faoliyatida qo‘lga kiritgan yagona va so‘nggi bo‘lib qolmoqda.
Osiyo o‘yinlari
O‘zbekiston mustaqil ravishda ilk marotaba 1994-yili Yaponiyaning Xirosima shahridagi XII Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan. O‘yinlar 1994-yilning 2-16-oktyabr kunlari tashkil etilgan. O‘sha qit’a o‘yinlarida 135 nafar o‘zbekistonlik sportchi yurtimiz sharafini himoya qilgan. Musobaqa yakuniga ko‘ra terma jamoamiz a’zolari 11 ta oltin, 12 ta kumush va 19 ta bronza medallariga ega chiqishgan. Umumiy hisobda 42 ta medal qo‘lga kiritilgan.
Musobaqa tafsiloti
Xirosimada o‘tgan musobaqada O‘zbekiston B guruhida Saudiya Arabistoni, Malayziya, Gonkong va Tailandni mag‘lub etib, 12 ochko bilan pley-offga yo‘l olgan. Birodar Abduraimov va Rustam Akramov boshchiligidagi jamoa 1/4 finalda Turkmanistondan (3:0), yarimfinalda esa Janubiy Koreyadan (1:0) ustun kelgan. Finalda esa Xitoy 4:2 hisobida mag‘lub etilgan va tarixiy chempionlikka erishilgan.
Futbol terma jamoamiz tarkibida quyidagi futbolchilar to‘p tepishgan:
Yuriy Sheykin
Fevzi Davletov
Andrey Fyodorov
Mirjalol Qosimov
Farhod Magomedov
Ilhom Sharipov
Abduqahhor Marifaliyev
Sergey Lebedev
Igor Shkvirin
Azamat Abduraimov
Shuhrat Maqsudov
Rustam Do‘rmonov
Abdusamad Do‘rmonov
Ulug‘bek Ro‘zimov
Stepan Atayan
Berdax Allaniyazov
Aleksandr Tixonov.





