$
 11839.59
6.22
 13569.35
-8.26
 140.42
0.63
weather
+26
Кечаси   +14°

Forbes rossiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonda yo‘l qo‘yadigan 5 ta asosiy xatoni sanadi

Tadbirkor Foto: Gazeta.uz

O‘zbekiston bozori Rossiya biznesi uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda. Biroq Rossiyada yillar davomida ishlagan biznes modelini Toshkentga o‘zgartirmasdan olib kirish kutilgan natijani bermasligi mumkin. Tadbirkor va Copy.ru tarmog‘i asoschisi Ruslan Galifanov Rossiyalik biznesmenlarning O‘zbekistonda ko‘p uchraydigan xatolarini sanab o‘tdi, deb yozmoqda Forbes nashri.

O‘zbekiston bozori nega rossiyalik tadbirkorlarni qiziqtirmoqda?

Nashrning yozishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi yillarda yuqori sur’atlarda o‘smoqda. 2026-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 160 milliard dollardan oshgan. Dastlab bunday ko‘rsatkichga 2030-yilda erishish rejalashtirilgan edi. 2026-yilning dastlabki olti oyida iqtisodiyot 8,5 foizga o‘sdi.

Hukumat iqtisodiy salohiyatni kengaytirish, investitsiyalardan samarali foydalanish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga e’tibor qaratmoqda.

Mamlakatda raqamlashtirish jarayoni ham tezlashgan. Ikki yil avval O‘zbekistonda ilk “yakkashox” kompaniya paydo bo‘ldi. IT Park rezidentlari soni 3 mingdan oshdi. Yevroosiyo va Osiyo davlatlaridan jalb qilingan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning jamg‘arilgan hajmi 39,6 milliard dollarga yetgan. So‘nggi besh yil ichida bu ko‘rsatkich 2,5 baravarga oshgan.

Xitoy, Rossiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Turkiya va Janubiy Koreya O‘zbekistonning eng yirik investorlaridan hisoblanadi. Mamlakat kelgusi 10 yil ichida 450 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilishni maqsad qilgan.

Toshkent alohida biznes bozori sifatida shakllangan

O‘zbekistonning eng yirik shahri va poytaxti Toshkentda 2026-yil boshida qariyb 3,2 million kishi yashagan. Shaharda infratuzilma faol rivojlanmoqda. Ayrim xizmatlar va narxlar bo‘yicha Toshkent ayrim yo‘nalishlarda Moskva bilan tenglashgan.

Biroq mamlakatning barcha hududlari bir xil iqtisodiy darajada emas. Poytaxt va viloyatlar o‘rtasidagi tafovut sezilarli bo‘lib, eng boy va eng kambag‘al hududlar o‘rtasidagi farq 3,6 baravarga yetadi.

Shu sababli O‘zbekistonga kirib kelayotgan rossiyalik tadbirkorlarning katta qismi Toshkentni tanlaydi. Xarid qobiliyati jihatidan poytaxtni mamlakatning boshqa hududlari bilan bir xil bozor deb qarash qiyin.

Rossiya biznesini O‘zbekistonga jalb qilayotgan omillar faqat iqtisodiy o‘sish bilan cheklanmaydi. Til to‘sig‘ining deyarli mavjud emasligi, geografik yaqinlik, umumiy sovet tarixi va madaniy o‘xshashliklar ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadqiqotlarda O‘zbekiston aholisining 50–80 foizi rus tilida so‘zlasha olishi qayd etilgan. Yirik shaharlarda, jumladan Toshkentda, bu ulush yuqoriroq. Rus tili biznes, IT, ta’lim va kundalik hayotda ham keng qo‘llanadi.

Bularning barchasi rossiyalik tadbirkorlarda O‘zbekiston bozori ularga yaxshi tanish va mosdek taassurot uyg‘otadi. Ammo aynan shu qarash biznesda jiddiy xatolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Birinchi xato: Rossiyadagi biznes modelini o‘zgartirmasdan olib kirish

Rossiyalik tadbirkorlarning asosiy xatolaridan biri MDH davlatlaridagi biznes muhiti deyarli bir xil, deb hisoblashdir. Natijada Moskvada yillar davomida samara bergan boshqaruv usullari yangi bozorga moslashtirilmasdan qo‘llanadi.

Aslida O‘zbekistondagi biznes yuritish an’analari Rossiya va Yevropadagidan sezilarli darajada farq qiladi. Bu farqlar ko‘pincha katta qarorlarda emas, balki bitimlarning tezligi va natijasiga ta’sir qiladigan kundalik jarayonlarda ko‘rinadi.

Masalan, O‘zbekistondagi B2B bozorida buyurtma berayotgan mijoz buning uchun komissiya kutishi mumkin. Kompaniya menejeri pudratchini tanlashda unga taklif qilinayotgan “keshbek” miqdorini ham hisobga olishi ehtimoli bor. Bunday to‘lov buyurtma qiymatining 5 foizidan 50 foizigacha yetishi mumkin.

Mahalliy kompaniyalar bunday tizimga yillar davomida moslashgan. Rossiya va Yevropadan kirib kelayotgan yetkazib beruvchilar esa tanlovga duch keladi: o‘zlari uchun odatiy bo‘lmagan amaliyotlarni qabul qilish yoki bunday usullar qo‘llanmaydigan va biznes yuritish standartlari o‘zlariga yaqin bo‘lgan xorijiy kompaniyalar segmentida ishlash.

Ikkinchi xato: biznesni masofadan turib boshqarish

Yangi bozorda rahbarning o‘zi jarayonlarga qanchalik aralashishi kerakligini noto‘g‘ri baholash ham keng tarqalgan muammolardan biridir.

O‘zbekistonda biznes yuritishda rahbarning bevosita ishtiroki, ayniqsa, hamkorlik va aloqalarni shakllantirish bosqichida muhim ahamiyatga ega. Tanish-bilish va shaxsiy munosabatlar ayrim hollarda kompaniya rivojiga bevosita ta’sir qiladi.

Muhim masalalar ko‘pincha yuzma-yuz hal qilinadi. Yirik bitimlar ham rahbarning shaxsan ishtirokida tuzilishi mumkin. Biznes vakillari o‘zaro munosabatlarni bevosita uchrashuvlar orqali davom ettirishni afzal ko‘radi.

Rahbar mahalliy jarayonlardan chetda qolsa, biznes muhitining o‘ziga xos jihatlarini tushunish qiyinlashadi. Ayniqsa, faoliyatida ko‘plab jarayon va rasmiy tekshiruvlar mavjud kompaniyalar bunday holatda muammoga duch kelishi mumkin.

Masalan, bir kuni soliq idorasi inspektorlari 500 dollar to‘lashni talab qilishi, ertasi kuni esa yong‘in xavfsizligi xodimlari shunga yaqin summani so‘rashi mumkin. Bunday vaziyatda talabning qonuniyligini yoki o‘z huquqlarini yetarlicha bilmaydigan biznesdan noaniqlikdan foydalanib pul undirishga urinish ekanini aniqlash doim ham oson emas.

Uchinchi xato: malakali kadrlar masalasini yetarlicha baholamaslik

Toshkentda tajribali menejerlar va tor soha mutaxassislarining maoshga bo‘lgan talabi ko‘pincha Moskva darajasida, ayrim holatlarda esa undan ham yuqori. Shunga qaramay, bunday mablag‘ga mos nomzod topish oson emas.

Ayniqsa, tor ixtisoslashgan mutaxassislar yetishmovchiligi seziladi. Muayyan texnik ko‘nikmaga ega ishlab chiqarish xodimlarini mahalliy mehnat bozoridan topish ayrim hollarda deyarli imkonsiz bo‘lib, buning uchun bir necha oy sarflanishi mumkin.

Bunga matbaa korxonasi misol bo‘la oladi. 1000 dollar maosh taklif qilinganiga qaramay, kadrlar agentligi yordamisiz bosmaxona operatorini topishning imkoni bo‘lmagan. Mutaxassis oxir-oqibat agentlik orqali topilgan, biroq jarayon kutilganidan ko‘proq vaqt va mablag‘ talab qilgan.

Rossiyadagi ofis xodimlarini vaqtincha Toshkentga olib kelish ham muammoning doimiy yechimi emas. Mutaxassislar bir-ikki oydan ortiq muddatga ko‘chib kelishga rozi bo‘lmasligi mumkin. BAA kabi boshqa yo‘nalishlar ular uchun jozibadorroq bo‘lishi ehtimoli ham bor.

Rus tilida so‘zlashuvchi ayrim mutaxassislar Toshkentni raqamli xizmatlari yetarlicha rivojlanmagan, kundalik hayotda korrupsiya darajasi yuqori va boshqa davlatlar bilan havo qatnovlari cheklangan shahar sifatida ko‘rmoqda.

Natijada biznesga aynan mahalliy jamoani qat’iy boshqarish va nazorat qilish zarur bo‘lgan paytda malakali rahbarlar yetishmasligi mumkin.

To‘rtinchi xato: nazoratni ishonch bilan almashtirish

Rossiya biznes madaniyatida vakolatlarni xodimlarga topshirish va ularga mustaqil ishlash imkonini berish keng tarqalgan boshqaruv usullaridan biridir. Xodimga ma’lum yo‘nalish uchun javobgarlik yuklanadi va u ishni mustaqil davom ettiradi.

O‘zbekistonda esa bunday yondashuv har doim ham kutilgan natijani bermasligi mumkin. Jarayonlar doimiy, hatto kundalik nazoratsiz qolsa, boshqaruv intizomi tez susayishi ehtimoli bor.

Hatto tajribali va malakali xodimlar ham buyurtmalarni o‘tkazib yuborishi, topshiriqlarni unutishi yoki o‘zlari belgilagan muddatlarga rioya qilmasligi mumkin.

Amaliyotda Toshkentdagi kompaniya vakili xorijiy mijoz bilan bir nechta uchrashuvni o‘tkazib yuborgan holat kuzatilgan. Bunga uning ish vaqtida shaxsiy ishlari bilan ofisdan tez-tez chiqib ketgani sabab bo‘lgan.

Rahbariyat xodim bilan bir necha marta suhbatlashgan. U o‘z xatosini tan olgan va bundan buyon hech bo‘lmaganda ish vaqtida ofisdan chiqishini oldindan ma’lum qilishga va’da bergan. Shunga qaramay, holat yana takrorlangan.

Faqat ishonchga asoslangan boshqaruvni davom ettirayotgan kompaniyalarda ish sifati pasayishi muntazam muammoga aylanishi mumkin. Xodimlarni boshqa boshqaruv modeliga moslashtirish esa yillar talab qilishi ehtimoldan xoli emas.

Bundan tashqari, mahalliy muhitni to‘liq o‘z qarashlariga moslashtirishga urinish ham o‘zini oqlamasligi mumkin. Uzoq vaqt davomida bir xil usulda ishlagan odamlarning barchasi ham o‘zgarishga tayyor emas.

Beshinchi xato: mahalliy ish taqvimini hisobga olmaslik

Toshkentda juma kuni tushdan keyingi vaqt amalda ish haftasining faol qismidan chiqib ketadi. Dushanba kuni esa ish jarayoni nisbatan sekin boshlanadi. Natijada amaldagi faol ish haftasi ko‘pincha uch kunga qisqarib qoladi.

Birinchi qarashda Moskvada ham shunga o‘xshash holat bor, degan tasavvur paydo bo‘lishi mumkin. Biroq uning ko‘lami va biznesga ta’siri bir xil emas. Muallifning fikricha, Rossiyadagi biznes muhiti ancha faol.

Ramazon oyida esa biznes faolligi deyarli nol darajaga tushadi. Yangi yil bayramlari bilan birga bu davr amalda qariyb bir yarim oylik tanaffusga aylanadi. Shu vaqt mobaynida biznes xarajatlarni o‘z mablag‘i hisobidan qoplashiga to‘g‘ri keladi. Bunga boshqa mahalliy bayramlar ham qo‘shiladi.

Bu tartibni tadbirkor oldindan hisobga olishi kerak. Chunki xodimlar, mijozlar va yetkazib beruvchilar ham shu ish ritmida faoliyat yuritadi. Rossiyalik biznesmenlarda esa bunday sharoit biznes kutilganidan sekinroq rivojlanayotgandek taassurot uyg‘otishi mumkin.

O‘zbekistonda biznes yuritishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda kelishuvlarga munosabatni ham to‘g‘ri tushunish muhim.

Masalan, bu yerda aytilgan “ha”ni bir necha bor tekshirib ko‘rish kerak. Rossiya va Yevropa biznes madaniyatida ijobiy javob, ochiqchasiga aldash holati bo‘lmasa, odatda kelishuvga rozilikni anglatadi.

O‘zbekistonda esa “ha” ba’zan shunchaki muloyim javob bo‘lishi mumkin. Ya’ni bu javob kelishilgan ishni belgilangan muddatda bajarish qat’iy niyatini anglatmasligi ehtimoli bor.

Muddatlar masalasida ham ehtiyotkorlik talab etiladi. Masalan, pudratchining “bugun boraman” degan va’dasi amalda “shu hafta boraman” ma’nosini anglatishi mumkin. Ba’zan ish keyingi haftaga ham qolib ketadi.

Shuningdek, biznes rejasida mahalliy menejerlarga to‘lanadigan yuqori maosh yoki Rossiyadan bir nechta muhim rahbarni Toshkentga ko‘chirish xarajatlarini oldindan hisobga olish kerak.

Mahalliy mutaxassislarga aniq va qat’iy boshqaruv zarur. O‘zini o‘zi boshqarishga asoslangan “firuza” boshqaruv madaniyatigacha esa hali ancha masofa bor.

Rossiyadan rahbarlarni olib kelish ayrim tadbirkorlarga qulayroq variant bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Biroq bunga rozi bo‘ladigan mutaxassislarni topish qiyin va qimmatga tushadi. Ko‘chishga rozi bo‘lgan xodimlar odatda maoshining sezilarli darajada oshirilishini kutadi.

Mahalliy qoidalarni qabul qilmasdan bozorga kirish qimmatga tushishi mumkin

Yangi bozorga kirayotgan kompaniya O‘zbekistondagi biznes yuritish qoidalarini oldindan o‘rganishi va ularni qabul qilishi kerak. Bu moslashish davrida inkor etish, norozilik, kelishishga urinish va qarshilik kabi bosqichlarga ketadigan vaqtni qisqartiradi.

Moslashishi kerak bo‘lgan tomon faqat mahalliy jamoa emas. Boshqa davlatdan ko‘chib kelgan rahbarlar ham O‘zbekiston sharoitiga moslashishi zarur.

O‘zbekistondagi kompaniyani Rossiya kompaniyasining shunchaki “O‘zbekiston ofisi” sifatida tashkil etish har doim ham ishlamaydi. U mahalliy sharoitga moslashtirilgan alohida tuzilma sifatida faoliyat yuritishi kerak.

O‘zbekiston katta iqtisodiy salohiyatga ega va mamlakatga kapital oqimi sezilarli darajada oshmoqda. Biroq Rossiyada shakllangan boshqaruv modelini hech qanday o‘zgarishsiz O‘zbekiston bozoriga olib kirish muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Muammolarning katta qismi tadbirkorlarning Rossiyada shakllangan biznesga oid kutishlarini yangi bozorga ham to‘liq tatbiq etishidan kelib chiqadi. Kutishlar va real sharoit o‘rtasidagi tafovut esa ayrim hollarda millionlab dollarlik zarar bilan namoyon bo‘lishi mumkin.

Muvaffaqiyatsizlik har doim ham bankrotlik yoki sud jarayoni bilan tugamaydi. Ba’zan kompaniya bir necha yil davomida to‘plangan noaniqlik va charchoqdan so‘ng o‘z aktivlarini mahalliy menejmentga topshiradi.

Natijada Rossiya biznesi uchun eng katta xarajat bir martalik moliyaviy zarar emas, balki bozor haqidagi noto‘g‘ri kutishlardan kelib chiqqan uzoq muddatli charchoq bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat