$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“O‘zbekneftegaz”ning sof foydasi 50 foizga kamaydi

uzbekneftegaz

“O‘zbekneftegaz” AJning 2023-yildagi sof foydasi 611,6 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 52,6 foizga kamaygan. Bu haqda Kapital Depozit investitsiya kompaniyasi xabar berdi.

Qisqa muddatli kreditlar 2,2 trln. so‘mga yetgan

Tushumlar 11,2 foizga o‘sib, 14,7 trln. so‘mga yetgan. Yil davomida dividendlar ko‘rinishidagi daromadlar 1,2 trln.dan 2,5 trln. so‘mga ko‘paygan. Uzoq muddatli bank kreditlari 18 trln.dan 17,6 trln. so‘mga kamaygan bo‘lsa, qisqa muddatli kreditlar 746,8 mlrd.dan 2,2 trln. so‘mga yetgan.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekneftegaz”ning 2022-yildagi sof foydasi 1,3 trln. so‘mni, 2021-2020-yillarda esa 3,3 trln. so‘mni tashkil qilgan.

Yillik reja 29,3 mlrd. kub deya taxmin qilinmoqda

Kompaniyaning tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichi yildan yilga pasayib bormoqda. Xususan, bu miqdor 2024-yilda 29,3 mlrd. kub metr bo‘lishi kutilmoqda. Kompaniya 2021-yilda 33,9 mlrd. kub, 2022-yilda esa 32,2 mlrd. kub metr tabiiy gaz qazib olgan. Agar 2024-yilda 29,3 mlrd. kub metrlik prognozni hisobga olsak, 3 yil ichida kompaniya gaz qazib olishni 13,6 foizga pasaytirgan bo‘ladi.

Chinozdagi qayta ishlash zavodining xususiylashishi

Bundan bir muddat oldin “O‘zbekneftegaz”ga tegishli “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiylashtirilgan edi. Xaridor – sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli “Petroleum Technology Group” MChJ bo‘lgan.

Shuningdek, “O‘zbekneftegaz”ga tegishli benzin shoxobchalari egaligi ham yuqorida keltirilgan kompaniyaga o‘tgan edi.