Seshanba, 24-noyabr, 2026
Havo 82 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +14° kechasi +9°

O‘zbekiston 9 oyda qariyb $598 millardlik mol go‘shti import qildi

Importning eng katta qismi Hindiston, Belarus va Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, ichki bozorda ham go‘sht narxi oshib, yil oxirigacha bir kilogrammi 130 ming so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht

O‘zbekiston 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida xorijdan 132 ming tonna mol go‘shti xarid qildi. Import qilingan mahsulotlarning jami qiymati 597,7 million dollarga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Import hajmi 17,7 foizga oshgan

Hisobot davrida mol go‘shti importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,9 ming tonnaga ko‘paygan. Bu 2025-yilning yanvar–sentabr oylariga qaraganda 17,7 foizlik o‘sishni anglatadi.

O‘zbekiston mol go‘shtini jami 12 ta davlatdan olib kirgan. Eng katta hajmdagi mahsulot Hindistondan import qilingan — 55,9 ming tonna. Yetkazib beruvchilar orasida Belarus 31,9 ming tonna bilan ikkinchi, Qozog‘iston esa 31,7 ming tonna bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

Bundan tashqari, Pokistondan 5,4 ming tonna, qolgan davlatlardan jami 7,1 ming tonna mol go‘shti xarid qilingan.

Umumiy import tarkibida Hindistonning ulushi 42,3 foizni tashkil etgan. Belarusdan keltirilgan mahsulotlar 24,2 foiz, Qozog‘istondan import qilingan go‘sht esa 24 foiz ulushga ega bo‘lgan.

Import go‘sht narxi ham qimmatlashgan

Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida bir tonna sovutilgan mol go‘shtining o‘rtacha import narxi 4 574 dollar yoki 54,9 million so‘mni tashkil qilgan. Muzlatilgan mol go‘shtining bir tonnasi esa o‘rtacha 4 493 dollar (53,9 million so‘m)ga to‘g‘ri kelgan.

2020-yil bilan taqqoslaganda, sovutilgan mol go‘shti importi narxi 36,9 foizga, muzlatilgan mahsulot narxi esa 40,3 foizga oshgan.

Markaz tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonning mol go‘shtiga bo‘lgan yillik ehtiyoji o‘rtacha 1,3 million tonnani tashkil etadi. Ushbu talabning 92,5 foizi mahalliy ishlab chiqarish, qolgan 7,5 foizi esa import orqali qoplanadi. Shunga qaramay, so‘nggi besh yil ichida mamlakatga olib kirilayotgan mol go‘shti hajmi 7,2 baravarga ko‘paygan.

Yil boshidan beri ichki bozorda ham narxlar ko‘tarilgan

Mol go‘shti narxining oshishi ichki bozorda ham kuzatilmoqda. 2026-yil sentabr oyida mahsulotning o‘rtacha narxi avgust oyiga nisbatan 1,7 foizga qimmatlashgan. O‘tgan yilning shu oyiga nisbatan esa narxlar 16,2 foizga yuqori bo‘lgan.

Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazining ekonometrik prognoziga ko‘ra, ichki va tashqi bozorlarda keskin o‘zgarishlar sodir bo‘lmasa, 2026-yil dekabr oyida O‘zbekistonda bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxi 130 ming so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.