O‘zbekistonliklar firibgar ilovalar sabab qariyb 80 mlrd so‘m yo‘qotdi
Eng katta moliyaviy zarar firibgarlikning aniq turini ko‘rsatmagan fuqarolar murojaatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu toifada bank kartalari va elektron hamyonlardan pul mablag‘lari yechib olinishi bilan bog‘liq 11 475 ta holat qayd etilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

2026-yil boshidan 1-oktabrgacha O‘zbekistonda mobil qurilmalarga zararli fayllar o‘rnatilishi bilan bog‘liq 18 830 ta firibgarlik holati qayd etilgan.
Ushbu holatlar oqibatida fuqarolarga 79,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Umuman olganda, yilning dastlabki to‘qqiz oyida turli firibgarlik sxemalari sabab aholining jami 278,3 mlrd so‘mi talon-toroj qilingan.
Firibgarlar qanday usullardan foydalanmoqda?
Markaziy bank Ichki ishlar vazirligining Cardblock platformasida ro‘yxatga olingan fuqarolar murojaatlarini tahlil qildi. Unga ko‘ra, eng ko‘p uchrayotgan firibgarlik usullaridan biri — smartfonlarga zararli ilova va fayllarni o‘rnatish orqali pul mablag‘larini o‘zlashtirish.
Keyingi o‘rinda firibgarlar bilan telefon orqali suhbatlashgandan so‘ng hisobdan pul yechib olinishi bilan bog‘liq holatlar turadi. To‘qqiz oy davomida bunday 611 ta holat aniqlangan, yetkazilgan zarar esa 27,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, 2 808 nafar fuqaroning Telegram akkauntlari buzib kirilgan. Buning oqibatida ular jami 21,9 mlrd so‘m mablag‘idan ayrilgan.
Qayd etilgan boshqa firibgarlik usullari quyidagicha:
treyding orqali daromad topishni va’da qilgan firibgarlar — 1 044 ta holat, 15,1 mlrd so‘m zarar;
kiritilgan mablag‘ni ko‘paytirib berish va’dasi bilan pul o‘tkazishga undash — 1 086 ta holat, 14 mlrd so‘m zarar;
yetkazib berilmagan tovar va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun oldindan to‘lov olish — 3 571 ta holat, 10,5 mlrd so‘m zarar;
fuqarolarning xabarisiz ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish — 130 ta holat, 10,6 mlrd so‘m zarar;
onlayn o‘yinlardagi to‘lovlar bilan bog‘liq firibgarlik — 272 ta holat, 900 mln so‘m zarar.
Bank kartalari va elektron hamyonlardan 98,1 mlrd so‘m yechib olingan
Eng katta moliyaviy zarar firibgarlikning aniq turini ko‘rsatmagan fuqarolar murojaatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu toifada bank kartalari va elektron hamyonlardan pul mablag‘lari yechib olinishi bilan bog‘liq 11 475 ta holat qayd etilgan. Yetkazilgan zarar 98,1 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.
Shu tariqa, 2026-yil 1-yanvardan 1-oktabrgacha firibgarlik harakatlari oqibatida yetkazilgan jami moddiy zarar 278,3 mlrd so‘mga yetgan. Tezkor ko‘rilgan choralar natijasida esa 113,1 mlrd so‘m mablag‘ni bloklashga muvaffaq bo‘lingan.
Qayd etilgan barcha holatlar yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.



