Seshanba, 10-noyabr, 2026
Havo 60 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌧 +10° kechasi +9°

Dunyoning eng boy o‘rmonlariga kimlar ko‘z tikkan?

Dunyodagi eng boy flora va faunaga ega tropik o‘rmonlar tobora yirik biznes manfaatlari bilan to‘qnash kelmoqda. Bir hududda neft qazib olish rejalashtirilsa, boshqasida oltin izlanadi. Yana bir joyda esa tabiiy o‘rmonlar o‘rnida palma yog‘i plantatsiyalari paydo bo‘lmoqda.

7 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng boy o‘rmonlariga kimlar ko‘z tikkan?

Konchilik, palma plantatsiyalarining kengayishi va boshqa jarayonlar faqat daraxtlarning kesilishi bilan cheklanmaydi. O‘rmonlarning yo‘qolishi hayvonlarning yashash joylarini qisqartiradi, daryolar va tuproq tarkibiga ta’sir qiladi, mahalliy xalqlarning turmush tarzini o‘zgartiradi. Bugun biz ana shunday jarayonlar qanday noroziliklarni keltirib chiqargani haqidagi ma’lumotlarni bir joyga jamladik.

Amazonkada aholi qaroriga qaramay, neft qazib olish davom etmoqda

Deforestation

Amazonka dunyodagi eng katta tropik o‘rmon ekotizimi hisoblanadi. U Janubiy Amerikaning bir nechta davlatini, jumladan Braziliya, Peru, Ekvador, Kolumbiya va boshqalarni qamrab olgan. Bu hudud millionlab odamlarning yashash makoni bo‘lish bilan birga, sayyoradagi biologik xilma-xillikning eng muhim markazlaridan biridir.

Ammo Amazonkaning tabiiy boyliklari yirik neft-gaz kompaniyalari uchun ham katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Buning yorqin misollaridan biri Ekvadordagi Yasuni milliy bog‘idir. Bu hudud dunyodagi biologik xilma-xilligi yuqori bo‘lgan joylardan biri sanaladi. Unda noyob qushlar, sutemizuvchilar, sudralib yuruvchilar va o‘simliklarning ko‘plab turlari yashaydi. Shuningdek, bog‘ hududida tashqi dunyo bilan aloqasi cheklangan mahalliy xalqlar ham istiqomat qiladi.

Yasuni hududidagi ITT neft bloki, xususan, Ishpingo, Tambococha va Tiputini konlari atrofidagi bahslar bir necha yildan beri davom etmoqda. Davlatga qarashli Petroecuador kompaniyasi ushbu hududda neft qazib oladi. Referendumdan oldin u kuniga taxminan 55-57 ming barrel neft ishlab chiqargan va bu Ekvador umumiy ishlab chiqarishining taxminan 11-12 foizini tashkil qiladi.

2023-yil 20-avgustda Ekvadorda tarixiy referendum o‘tkazildi. Unda fuqarolardan Yasuni milliy bog‘idagi 43-blokda neft qazib olishni to‘xtatish masalasi bo‘yicha fikr so‘raldi. Saylovchilarning qariyb 59 foizi qazib olishga qarshi ovoz berdi. Bu qaror mamlakatda tabiatni muhofaza qilish tarafdorlari uchun katta g‘alaba sifatida baholandi. Biroq referendum ijrosini amalga oshirish kutilganidek tez kechmadi.

2026-yil avgustida Amnesty International tashkiloti referendumdan uch yil o‘tganiga qaramay, neft qazib olish to‘liq to‘xtatilmaganini ma’lum qildi. Tashkilot qayd etishicha, konlarni bosqichma-bosqich yopish uchun belgilangan bir yillik muddat 2024-yil avgustida tugagan. Shunga qaramay, hukumat taqdim etgan rejada jarayonni 2034-yilgacha cho‘zish taklifi mavjud.

Amazon Watch, Human Rights Watch va boshqa tashkilotlar ham bu holatni tasdiqlagan: 2026-yil holatiga ko‘ra, quduqlarning faqat kichik qismi yopilgan, kuniga taxminan 40-44 ming barrel atrofida ishlab chiqarish davom etmoqda. Hukumat esa iqtisodiy sabablarni vaj qilib, muddatni uzaytirishga harakat qilyapti.

Amazonka hududida ko‘plab uglevodorod bloklari mavjud va ba’zilari himoyalangan hududlar, hatto mahalliy xalqlar yerlariga yaqin joylashgan. Bundan tashqari, Amazonka vodiysida dunyodagi eng yirik go‘sht kompaniyasi – JBS, Click IP hamda Zionext data-markazlari, ADATA server hamda modul yig‘uvchi markazi va boshqa ishlab chiqarish kompaniyalari faoliyat yuritadi.

Indoneziyada palma yog‘i uchun o‘rmonlar qisqarmoqda

Indonesia palm plantation

Indoneziya dunyodagi eng yirik palma yog‘i ishlab chiqaruvchilardan biri. Ushbu mahsulot oziq-ovqat, kosmetika, sovun, shampun va boshqa ko‘plab kundalik iste’mol tovarlarni ishlab chiqarishda ishlatiladi. Tadqiqotlarda Indoneziya o‘rmonlari kamayish sabablaridan biri sifatida Unilever, Procter & Gamble (P&G), Nestlé, Beiersdorf (Nivea), Colgate-Palmolive, Henkel va boshqa yirik brendlarning palma yog‘i ta’minot zanjiri ko‘rsatilgan.

Palma yog‘iga talab yuqori bo‘lgani sababli ishlab chiqaruvchilar yangi plantatsiyalar uchun yer izlaydi. Ayrim hududlarda buning uchun tabiiy o‘rmonlar kesilib, ularning o‘rnida bir xil turdagi palma daraxtlaridan iborat katta maydonlar tashkil etiladi. Ayniqsa, Borneo va Yangi Gvineya orollaridagi o‘rmonlar bu jarayonning bosimiga uchragan.

Nusantara Atlas tashkilotining 2026-yil 1-martda e’lon qilingan tahliliga ko‘ra, 2025-yilda Indoneziyada palma yog‘i plantatsiyalari kengayishi bilan bog‘liq o‘rmonlarning kesilishi 31 073 gektarni tashkil etgan. Bu 2024-yildagi 30 956 gektarlik ko‘rsatkichdan yuqori.

Eng katta o‘zgarish Papua hududida kuzatilgan. Bu yerda palma yog‘i plantatsiyalari uchun 7 333 gektar o‘rmon yo‘qotilgan. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 3 510 gektar bo‘lgan. Demak, bir yil ichida o‘rmon yo‘qotilishi ikki baravardan ko‘proq oshgan.

Tadqiqotlarda Fangiono oilasi bilan bog‘liq kompaniyalar guruhi alohida tilga olingan. Tahlilga ko‘ra, ushbu guruh 2025-yilda Indoneziyada palma yog‘i ishlab chiqarish bilan bog‘liq o‘rmon yo‘qotilishining qariyb uchdan biriga, ya’ni 9 355 gektariga aloqador bo‘lgan. Uning tarkibidagi Ciliandry Anky Abadi (CAA), New Borneo Agri va boshqa kompaniyalar Papua hududidagi plantatsiyalar bilan bog‘liq loyihalarda qayd etilgan. Umumiy sanoat plantatsiyalari kengayishi 2025-yilda 101 120 gektarga yetgan, lekin o‘rmon yo‘qotilishi barqaror qolgan.

Tabiiy o‘rmon o‘rniga bir xil turdagi daraxtlardan iborat plantatsiya barpo etilganda, ekotizimning murakkab tuzilishi buziladi. Ko‘plab hayvonlar oziq-ovqat va yashash joyidan ayriladi. Ayniqsa, orangutanlar, noyob qushlar va boshqa o‘rmon hayvonlari uchun bu jiddiy muammo. Bundan tashqari, o‘rmonlarning yo‘qolishi uglerodning atmosferaga chiqishini kuchaytiradi. Ayniqsa, Indoneziyaning torfli hududlarini quritish va o‘zlashtirish katta miqdorda issiqxona gazlari ajralishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Kongo havzasida 39 million kishining hayotiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan neft loyihalari

Congo oil company

Markaziy Afrikadagi Kongo havzasi Amazonkadan keyingi eng yirik tropik o‘rmon hududlaridan biri hisoblanadi. Bu hudud nafaqat noyob hayvonlar va o‘simliklar makoni, balki global iqlim muvozanatida ham muhim o‘rin tutadi. Masalan, Kongo havzasidagi o‘rmon va botqoqliklar katta miqdordagi uglerodni saqlaydi. Ayniqsa, Cuvette Centrale nomli ulkan torfli hudud ekologik jihatdan ahamiyatli.

Biroq Kongo Demokratik Respublikasida neft qidirish loyihalarining kengayishi ushbu ekotizimga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. 2025-yil iyun oyida mamlakat 55 ta neft bloki bo‘yicha litsenziyalash jarayonini boshladi. Ulardan 52 tasi yangi e’lon qilingan, uchtasi esa avvaldan mavjud bo‘lgan qidiruv bloklari edi.

Earth Insight tashkiloti va hamkorlarining 2025-yil iyulida e’lon qilingan tahlili bu loyihalarning ko‘lami haqida jiddiy raqamlarni keltiradi. Tahlilga ko‘ra, neft bloklari:

  • 66,8 million gektar tabiiy holati saqlangan tropik o‘rmonlarga, ya’ni ushbu turdagi o‘rmonlarning 64 foiziga;
  • 8,3 million gektar muhofaza qilinadigan hududlarga, ya’ni ularning 23 foiziga;
  • 8,6 million gektar biologik xilma-xillik uchun muhim hududlarga, ya’ni ularning 23 foiziga tahdid solishi mumkin.

Eng e’tiborlisi, ushbu bloklar qariyb 39 million kishining yashash hududlariga bevosita ta’sir qilishi ehtimoli bor. Ularning katta qismi o‘rmon resurslariga bog‘liq holda hayot kechiradigan mahalliy jamoalardir. Bundan tashqari, mamlakatdagi jamoaviy o‘rmonlarning 63 foizi neft bloklari chegaralariga to‘g‘ri kelishi aniqlangan.

Ekvador milliy bog‘laridan oltin izlayotgan noqonuniy konchilar

Ecuador

Tabiiy hududlarga tahdid faqat yirik va rasmiy neft loyihalaridan kelib chiqmaydi. Ayrim mamlakatlarda noqonuniy konchilik ham muhofazaga olingan o‘rmonlarni vayron qilmoqda. Ekvadorning Podocarpus milliy bog‘i bunga misol bo‘la oladi. Bog‘ And tog‘lari va Amazonka oralig‘ida joylashgan bo‘lib, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan mashhur. Biroq bu hududda noqonuniy oltin qazib olish ishlari ham olib borilmoqda.

Amazon Monitoring of the Andean Amazon Project tashkiloti sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida ushbu jarayonni kuzatgan. Tashkilotning 2024-yil oktyabrida e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, Podocarpus milliy bog‘i ichidagi Loyola daryosi bo‘yida konchilik sabab zararlangan hudud 2023-yil iyulida 22 gektar bo‘lgan. 2024-yil sentyabriga kelib esa bu ko‘rsatkich 50 gektarga yetgan. Bir yildan sal ko‘proq vaqt ichida zararlangan maydon 125 foizga kengaygan. Tadqiqotchilar noqonuniy konchilik nafaqat o‘rmonlarni yo‘q qilayotganini, balki Loyola daryosining o‘zaniga ham ta’sir ko‘rsatayotganini aniqlagan.

Muammo faqat Podocarpus bilan cheklanmaydi. Sumaco Napo-Galeras milliy bog‘i, Cofán Bermejo ekologik qo‘riqxonasi va El Zarza yovvoyi tabiat hududida ham noqonuniy konchilik faoliyati kuzatilgan. MAAP ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil sentyabridan 2024-yil avgustigacha Sumaco Napo-Galeras milliy bog‘i atrofidagi muhofaza zonasida konchilik maydoni 142 gektarga kengaygan. Ayrim faoliyat hududlari bog‘ning ichki chegaralariga ham kirib borgan. Cofán Bermejo qo‘riqxonasi atrofida esa 2020-yil fevralidan 2024-yil sentyabrigacha konchilik bilan bog‘liq 337 gektarlik kengayish qayd etilgan.

Oltin qazib olishda foydalaniladigan texnika, o‘rmonlarni kesish va daryolarda olib boriladigan ishlar tabiiy muhitga bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda zarar yetkazadi. Ayrim usullarda ishlatiladigan simob esa suv va oziq-ovqat zanjiri orqali insonlar hamda hayvonlar salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin. Bu holat muhofaza qilinadigan hudud maqomining o‘zi tabiatni himoya qilish uchun yetarli emasligini ko‘rsatadi. Agar noqonuniy faoliyat ustidan nazorat sust bo‘lsa, hatto milliy bog‘lar ham konchilar bosimidan himoyalanmay qolishi mumkin.