Gaz zapravkalarda maishiy ballonlarni to‘ldirishga ruxsat berilishi mumkin
O‘zbekistonda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish uchun maxsus joylar tashkil etiladi. “Hududgazta’minot” 24-noyabr kuni bu borada tegishli tashkilotlarga taklif kiritilganini ma’lum qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Agar taklif ma’qullansa, gaz zapravkalarda ballonlarni xavfsiz to‘ldirishga mo‘ljallangan, alohida jihozlangan postlar paydo bo‘lishi mumkin.
Nega oddiy gaz zapravkada maishiy ballon to‘ldirish mumkin emas?
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish, maishiy ballonlarni to‘ldirish va gaz zapravkalarda buning uchun javobgarlik belgilanishi yuzasidan turli fikrlar bildirilmoqda.
“Hududgazta’minot” bunga munosabat bildirib, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida maishiy ballonlarni odatdagi usulda to‘ldirish xavfsizlik talablariga zid ekanini tushuntirdi. Bu cheklov yangi emas. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktyabrdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan Yong‘in xavfsizligi qoidalarining 674-bandida ham mazkur talab belgilangan.
Gaz zapravkalarga qachondan jarima qo‘llanadi?
2026-yil 2-noyabrda qabul qilingan 1186-son qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari tomonidan maishiy ballonlarga suyultirilgan gaz quyilgani uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
Yangi norma 2027-yil 5-fevraldan kuchga kiradi.
Shu bilan birga, bu aholi uchun gaz ballonlarini to‘ldirish xizmati to‘xtatiladi degani emas. Faqat ushbu xizmat xavfsizlik talablariga javob beradigan va tegishli ruxsatga ega joylarda ko‘rsatilishi kerak.
Maishiy gaz ballonlarini qayerda to‘ldirish mumkin?
Amaldagi tartibga ko‘ra, aholi maishiy gaz ballonlarini maxsus gaz to‘ldirish stansiyalari (GTS) va gaz to‘ldirish shoxobchalarida (GTSH) to‘ldirishi mumkin.
“Hududgazta’minot” ma’lumotiga ko‘ra, respublikada LPG-Trade MCHJ tasarrufiga kirmaydigan 360 dan ortiq gaz to‘ldirish stansiyasi va shoxobchasi mavjud.
Ular mustaqil yuridik shaxslar tomonidan boshqariladi va aholining maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish huquqiga ega.
Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida maxsus postlar ochish taklifi esa aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish uchun ilgari surilgan. Hozircha bu taklif bo‘lib, oddiy gaz zapravkalarda maishiy ballonlarni to‘ldirishga umumiy ruxsat berilgani yo‘q.



