$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Shaharlardagi urbanizatsiya darajasi tadbirkorlikka qanday ta’sir qilmoqda?

Urbanizatsiya darajasi yuksalgan sayin, shahar hududlarida tadbirkorlikning rivojlanishi sezilarli o‘smoqda. MHTI tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston shaharlaridagi aholi o‘sishi xizmatlar sohasi va sanoat tarmoqlarini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. 2024-yil boshidagi statistikaga ko‘ra, mamlakat urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetgan va 18,7 milliondan ortiq fuqaro shaharlarda istiqomat qilmoqda. Shu jumladan, kichik biznes subyektlarining katta qismi shahar hududlarida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tadqiqot xulosalari

1. Shaharlardagi aholi nufuzi tadbirkorlikning rivojlanish bosqichini belgilagan holda xizmatlar va sanoat tarmog‘ining o‘sishiga rag‘bat yaratadi. 2017-2023 yillarda shahar aholisining har 1000 nafarga kichik tadbirkorlik subyektlari sonining o‘rtacha 35 taga ko‘payishi, yillik xizmatlar hajmining 24,1 milliard so‘mga, yillik yalpi sanoat mahsulotlari hajmining esa 74,2 milliard so‘mga o‘sishini ta’minlagan.

2. Shaharlarda infratuzilma ta’minoti, xususan oliy ta’lim muassasalari mavjudligi biznes va xizmatlar sohasining barqaror rivojlanishini ta’minlaydi. Birgina bitta oliy ta’lim muassasasining shaharda mavjudligi yiliga 300 ta kichik biznes subyektining tashkil etilishiga, xizmatlar hajmining 270 milliard so‘mdan 350 milliard so‘mgacha o‘sishiga olib kelgan.

Shuningdek, shaharlarda suv ta’minoti darajasining 1 foizga oshishi xizmatlar hajmini 20 milliard so‘mgacha, tabiiy gaz ta’minoti darajasining 1 foizga oshishi esa faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes subyektlari sonining 14 tadan 42 tagacha ortishiga sabab bo‘lgan.

3. Uy-joy fondi tadbirkorlik tashabbuslari uchun muhim ahamiyatga ega. Shahar hududlarida uy-joy fondining 1000 kv.m. ga ko‘payishi kichik tadbirkorlik subyektlari sonini o‘rtacha 2,5 taga oshirgan, faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari sonining esa 1,2 taga ortishini ta’minlagan.

Xalqaro tajriba

Shahar aglomeratsiyalari yirik bozorlarni yuzaga keltiradi. “Marshall-Arrow-Romer” tashqi ta’sirlariga ko‘ra, shaharlardagi bozor hajmining yirikligi tadbirkorlik rivojlanishini belgilaydi. Masalan, K. Kopchevska va hamkorlari Polshaning Mazoviya hududi bo‘yicha olib borgan tadqiqotida aholi zichligining ikki baravar oshishi natijasida mahalliy biznes aglomeratsiyasi o‘rtacha 76 foizga ortishi kuzatilgan. Shuningdek, A. Valero va J. Van Rinen tomonidan olib borilgan dunyoning 78 mamlakati bo‘yicha tadqiqot natijasida universitetlar sonining 10 foizga o‘sishi kelgusi 5 yilda aholi jon boshiga YaHM hajmini 0,45 foizga oshirgan.

O‘zbekiston shaharlarida urbanizatsiya

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston shaharlarida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va hududlarda qulay biznes ekotizimini shakllantirish urbanizatsiya jarayonini jadallashtirishi mumkin. Shaharlarning o‘sishi va infratuzilmasining yaxshilanishi mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Prezidentning 2024-yil 8-iyuldagi PQ-245-sonli qaroriga binoan, 70 ga yaqin tuman/shaharning master-rejasini ishlab chiqish va tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘shimcha qulay sharoitlar yaratish rejalashtirilgan.