$
 11765.21
-0.55
 13586.46
-52.41
 139.35
-0.36
weather
+26
Кечаси   +14°

Birlashgan Qirollik parchalanib ketishi mumkin: uchta hudud referendumlarni o‘tkazish huquqini talab qildi

Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya hukumat rahbarlari darajasida ilk bor qo‘shma uchrashuv o‘tkazib, o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashdi. Hujjatda xalqlarning o‘z kelajagini o‘zlari belgilash huquqi mustahkamlandi va London ehtimoliy konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga g‘ov bo‘lmaslikka chaqirildi.

“Vestminster davri poyoniga yetmoqda”

Kardiffda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Shotlandiya birinchi vaziri Jon Suinni, Uels birinchi vaziri Rin ap Yorvert va Shimoliy Irlandiya birinchi vaziri Mishel O’Nil ishtirok etdi.

Muzokaralar yakunida siyosatchilar Britaniya hukumati referendumlarga to‘sqinlik qilish o‘rniga, kutilayotgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga tayyor turishi kerakligini ta’kidlashdi.

BBC iqtibos keltirgan qo‘shma bayonotda: “Vestminster davri poyoniga yetmoqda”, — deyiladi.

Suinni va O’Nil, shuningdek, yaqin kelajakda Shotlandiya hamda Shimoliy Irlandiya kelajagi bo‘yicha referendumlar o‘tkazishga chaqirishdi.

Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya nima xohlamoqda?

Gap Birlashgan Qirollikning amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirish tarafdori bo‘lgan partiyalar haqida bormoqda.

Shotlandiya va Uelsdagi milliy kuchlar mustaqillik g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shimoliy Irlandiyada esa Irlandiya bilan qayta birikish masalasi ko‘rilmoqda. Mustaqillikka erishgan taqdirda Shotlandiya va Uels keyinchalik Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni rejalashtirgan. Shimoliy Irlandiya esa Irlandiya bilan birlashsa, avtomatik ravishda YEI tarkibiga kiradi.

Biroq hozircha ushbu hududlarning Buyuk Britaniyadan zudlik bilan ajralib chiqishi haqida gap ketmayapti. Siyosatchilarning asosiy talabi — ushbu masala bo‘yicha ovoz berishni mustaqil ravishda o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritish.

Nega referendumni o‘tkazish bunchalik qiyin?

Shotlandiyada 2014-yilda mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazilgan edi. O‘shanda aholining 55 foizi Birlashgan Qirollik tarkibida qolishni yoqlab, 45 foizi bunga qarshi ovoz bergan.

Brexit’dan so‘ng Shotlandiya rasmiylari qayta referendum o‘tkazish harakatiga tushdi. Lekin Buyuk Britaniya Oliy sudi Shotlandiya parlamenti Londonning roziligisiz mustaqillik bo‘yicha referendum tayinlay olmasligi haqida qaror chiqardi.

Shimoliy Irlandiyada ham Irlandiya bilan birlashish bo‘yicha referendum o‘tkazish vakolati bevosita Britaniya hukumatiga tegishli. Uelsda esa hali mustaqillik bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tmagan va mahalliy hokimiyat bunday ovoz berishni mustaqil belgilash huquqiga ega emas.

London hozircha qarshi

Britaniya hukumati yangi referendumlarni qo‘llab-quvvatlamayapti. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning ta’kidlashicha, hozir Shotlandiyada mustaqillik bo‘yicha yangi ovoz berish uchun yetarlicha umumiy konsensus mavjud emas.

Uning fikricha, bunday tashabbuslar e’tiborni iqtisodiy o‘sish, turmush darajasini oshirish va boshqa ichki muammolardan chalg‘itishi mumkin.

Shunga qaramay, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyaning bir yoqadan bosh chiqarib bildirgan pozitsiyasi hududlar hamda markaziy hukumat o‘rtasidagi munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish g‘oyasi tobora kuchayib borayotganidan darak beruvchi navbatdagi ishora bo‘ldi.

Теги :
Jamiyat