Twitter’ning narxi uni Ilon Mask sotib olganidan buyon 78 foizga arzonlagan
Fidelity hozir X kompaniyasi qiymatini 9,4 milliard dollarga baholamoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik investitsiyaviy xoldinglardan biri — Amerikaning Fidelity kompaniyasi o‘zining X (sobiq Twitter) kompaniyasidagi ulushini 4,19 million dollarga baholadi. Bu haqda Fidelity’ning hisobotiga tayanib, TechCrunch nashri yozmoqda.
X 78 foizga arzonlagan
Dastlab kompaniya X’ga 19,66 million dollar investitsiya kiritgan. Ya’ni, Fidelity hisob-kitoblariga ko‘ra, uning ulushi 4,6 marta yoki 78 foizga arzonlashgan.
“Bu shuni bildiradiki, Fidelity hozir X kompaniyasi qiymatini 9,4 milliard dollarga baholamoqda”, — deb yozadi TechCrunch.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Fidelity X platformasining qiymati 44 milliard dollarga baholanayotgan vaqtda unga sarmoya kiritgan, 2022-yil kuzida Ilon Mask uni aynan shunday narxga sotib olgan edi.
Maskka sanksiyaviy tahdid
Yaqinda AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) aynan Ilon Maskning ushbu xaridi yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida sudda ko‘rsatma berish uchun kelmagani sababli unga nisbatan sanksiyalar qo‘llash niyatida ekanini ma’lum qilgan.
San-Fransisko federal sudiga taqdim etilgan bayonotda Komissiya Mask ko‘rsatma berish uchun belgilangan sana, 10-sentyabr kuni, oxirgi uch soat ichida o‘zining kelmasligini xabar qilganini ta’kidladi. O‘sha kuni milliarder SpaceX kompaniyasining Polaris Dawn kosmik kemasining uchirilishini kuzatish uchun Floridadagi Kanaveralga ketgan.



