O‘quvchi qiz unashtirilsa, maktab IIBga xabar berishi shart: O‘zbekistonda yangi tartib joriy etildi
O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hamda voyaga yetmaganlarning huquqlari buzilishi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash bo‘yicha yangi talablar belgilandi.
4 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasi 25-noyabr kuni tegishli nizomni tasdiqladi. Endi mas’ul tashkilotlar bunday holatlarni aniqlasa, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlar va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berishi kerak.
Maktablar qaysi holatlarda IIBga xabar beradi?
Yangi tartibga ko‘ra, maktablar o‘quvchi qizlarning erta turmushga chiqish xavfi, jumladan, unashtirilgani haqida ma’lumot olsa, ichki ishlar organlarini ogohlantirishi shart. Shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan qizlarda homiladorlik alomatlari aniqlansa yoki o‘quvchi uzoq vaqt uzrsiz darsga kelmasa, buning sabablariga e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, dars qoldirish erta nikoh, homiladorlik yoki bolaning huquqlari buzilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lsa, bu haqda “Inson” markazlariga ham xabar beriladi.
Maktablar o‘quvchilar tomonidan yoki ularga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar, tanadagi jarohatlar, ko‘karishlar hamda zo‘ravonlik alomatlarini ham yashirmasligi kerak.
Bundan tashqari, ota-ona yoki vasiy bolaning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan bo‘lsa, o‘quvchining xulq-atvorida xavotirli o‘zgarishlar kuzatilsa yoki uyidagi sharoit xavfli bo‘lsa, tegishli idoralarga ma’lumot beriladi.
Voyaga yetmaganlarning spirtli ichimlik yoki boshqa moddalar ta’sirida zaharlanishi ham xabar berilishi lozim bo‘lgan holatlar qatoriga kiritilgan.
Shifoxonalar ham ayrim holatlar haqida xabar berishga majbur
Tibbiyot muassasalariga kelgan bemorda zo‘ravonlik yoki jinoyat alomatlari aniqlansa, shifokorlar bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lum qilishi kerak.
Xususan, o‘qotar qurol yoki pichoqdan yetkazilgan jarohatlar, bosh va tanadagi shikastlanishlar, suyak sinishi, qon quyilishi, kuyish, bo‘g‘ish, nafas yetishmasligi va zaharlanish kabi holatlar shular jumlasidan.
Hushsiz holatda olib kelingan bemorning ahvoli jinoyat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aniqlansa ham tegishli tartibda xabar beriladi.
16 yoshga to‘lmagan qizlarning homiladorligi, farzand ko‘rishi yoki abort qilishi haqida ham mas’ul idoralar ogohlantiriladi.
Bundan tashqari, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz, zo‘ravonlikning jismoniy va ruhiy oqibatlari hamda hayot yoki sog‘liqqa tahdid solayotgan oilaviy zo‘ravonlik holatlari haqida ma’lumot berish talab etiladi.
Jarohatlangan yoki hushsiz voyaga yetmaganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilganda, shuningdek, bolalarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan oilaviy zo‘ravonlik aniqlanganda “Inson” markazlari ham xabardor qilinadi.
Mahalla va FHDYO xodimlariga qanday talablar qo‘yildi?
Yangi tartib mahallalar zimmasiga ham qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi.
Mahalla vakillari voyaga yetmagan qizlarning erta turmushga chiqish xavfi, homiladorlik alomatlari, oiladagi zo‘ravonlik va bolalarning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid haqida ma’lumotga ega bo‘lsa, darhol tegishli idoralarga murojaat qilishi kerak.
Qizlarning xulq-atvoridagi xavotirli o‘zgarishlar va oiladagi xavfli sharoitlar ham e’tibordan chetda qolmasligi lozim.
Shuningdek, oila a’zolari tomonidan ayollarning erkinligi, harakatlanishi, pul mablag‘laridan foydalanishi yoki boshqalar bilan aloqa qilish imkoniyati muntazam cheklanishi ham xabar berilishi kerak bo‘lgan holatlar qatoriga kiradi.
FHDYO organlari esa 16 yoshga to‘lmagan shaxs tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olish uchun murojaat qilsa yoki yangi tug‘ilgan bolaning onasi 16 yoshdan kichik bo‘lsa, ichki ishlar organlari va “Inson” markazlariga xabar berishi shart.
Voyaga yetmaganlarga nikoh o‘qitish so‘ralsa ham xabar beriladi
Yangi talablar diniy tashkilotlarga ham tegishli.
Agar ularga qonunda belgilangan nikoh yoshiga yetmagan shaxslar uchun diniy nikoh marosimini o‘tkazish iltimosi bilan murojaat qilinsa, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va “Inson” markazlariga ma’lumot berilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil mart oyida qabul qilingan Prezident farmoni bilan voyaga yetmaganlarni turmush qurishga undash va bunday nikohlarni targ‘ib qilish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan edi.
O‘sha paytda erta nikohlarni aniqlash bo‘yicha ham choralar tasdiqlanib, mahalla, FHDYO, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda diniy tashkilotlar zimmasiga tegishli holatlar haqida xabar berish vazifasi yuklatilgan.
Xabarlar qanday yuboriladi?
Tegishli tashkilotlar aniqlangan holatlar haqida zudlik bilan xabar berishi shart.
Axborot tizimlari to‘liq birlashtirilguniga qadar ichki ishlar organlarining 102 yoki 112 raqamlariga murojaat qilish mumkin.
Kelgusida tibbiyot muassasalari va boshqa davlat tashkilotlarining axborot tizimlari IIVning “E-material” tizimi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Shundan so‘ng shifoxonalarda bemorga qo‘yilgan tashxis huquqbuzarlik ehtimolini bildiruvchi belgilar ro‘yxatiga mos kelsa, tegishli ma’lumot avtomatik tarzda yuboriladi.
Bunday tashxislar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan tasdiqlanadi.



