O‘zbekiston sayyohlar xavfsizligi bo‘yicha AQSh, Germaniya va Fransiyani ortda qoldirdi
CEOWORLD Magazine xalqaro nashri O‘zbekistonni sayyohlar uchun xavfsizlik darajasi juda yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritdi. Mutaxassislar mamlakatdagi barqaror vaziyat, jamoat tartibi va osoyishta muhitni yuqori baholagan.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2027-yilda sayohat qilish uchun eng xavfsiz mamlakatlar qatoridan joy oldi. Bu haqda CEOWORLD Magazine xalqaro nashri tomonidan 2026-yil 23-noyabrda e’lon qilingan Travel Safety Ranking reytingi natijalarida ma’lum qilindi.
Tadqiqot yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning 198 ta davlat va hududi orasida 27-o‘rinni egallab, 100 balldan 81,03 ball to‘pladi. Reyting tuzuvchilari mamlakatni “Very High” — “Juda yuqori xavfsizlik darajasi” toifasiga kiritgan.
Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizligi qanday baholandi?
O‘zbekiston reytingda Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natijani qayd etdi. Shuningdek, mamlakat bir qator mashhur sayyohlik yo‘nalishlarini ham ortda qoldirdi. Jumladan, Avstraliya 29-o‘rinni, Kanada esa 34-o‘rinni egalladi.
Markaziy Osiyo davlatlari reytingda quyidagi o‘rinlardan joy oldi:
🇺🇿 O‘zbekiston — 27-o‘rin
🇰🇿 Qozog‘iston — 44-o‘rin
🇹🇲 Turkmaniston — 57-o‘rin
🇰🇬 Qirg‘iziston — 65-o‘rin
🇹🇯 Tojikiston — 73-o‘rin
Bundan tashqari, 2026-yilgi Global Peace Index natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning tinch mamlakatlari qatorida qayd etilgan.
AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonga qanday baho bergan?
Avvalroq AQSh Davlat departamenti ham O‘zbekistonni amerikalik sayyohlar uchun xavfsiz yo‘nalishlar qatoriga kiritgan. Mamlakatga sayohat xavfsizligining 1-darajasi — “Exercise Normal Precautions”, ya’ni “Odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish” tavsiyasi berilgan.
AQShning sayohat xavfsizligini baholash tizimida to‘rtta ogohlantirish darajasi mavjud. Birinchi daraja eng past xavf darajasi hisoblanadi va sayyohlar safar davomida odatiy ehtiyot choralariga rioya qilishlari yetarli ekanini bildiradi.
CEOWORLD Magazine — biznes, iqtisodiyot, moliya, texnologiya va sayohat mavzularini yoritadigan ingliz tilidagi xalqaro onlayn nashr. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, uning auditoriyasi dunyoning 180 dan ortiq mamlakatidagi 12,4 milliondan ziyod o‘quvchini qamrab oladi.



