O‘zbekistonda qo‘riqlash xizmatlari to‘liq raqamlashtiriladi: sakkizta yangi xizmat turi joriy etilishi mumkin
O‘zbekistonda qo‘riqlash xizmatlari tizimi tubdan yangilanishi mumkin. Yangi rejaga ko‘ra, sohada sakkizta qo‘shimcha xizmat turi joriy etiladi, barcha jarayonlar yagona raqamli platformaga birlashtiriladi. Shuningdek, 2027-yilga borib qo‘riqlanadigan obyektlar sonini 600 mingtaga yetkazish ko‘zda tutilgan.
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qo‘riqlash xizmatlari qamrovini kengaytirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish va Milliy gvardiyaning ushbu yo‘nalishdagi vakolatlarini oshirish rejalashtirilmoqda. Yangi tizim doirasida sakkizta qo‘shimcha xizmat turi yo‘lga qo‘yilishi, qo‘riqlash jarayonlariga sun’iy intellekt va dronlar joriy etilishi taklif qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘riqlash xizmatlarining sifati va qamrovini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qo‘riqlash xizmatlariga talab oshmoqda
Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatdagi ijtimoiy va savdo obyektlari soni 150 mingdan 500 mingtaga yetgan. Uy-joylar soni esa 1,5 milliondan 8 milliontagacha ko‘paygan. Shuningdek, tun-u kun faoliyat yuritadigan savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalari soni 255 taga yetgan.
Bunday o‘zgarishlar fonida aholi va tadbirkorlarning xavfsizlik xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib bormoqda. Biroq amaldagi qo‘riqlash xizmatlari turlari va ularning qamrovi mavjud talabni to‘liq qondira olmayotgani ta’kidlandi.
Barcha xizmatlar yagona raqamli tizimga birlashtiriladi
Sohani modernizatsiya qilish doirasida hozirda foydalanilayotgan beshta axborot tizimini yagona platformaga birlashtirish taklif etildi. Yangi tizim «Raqamli qo‘riqlash» deb nomlanadi.
U orqali qo‘riqlash xizmatlari bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda tuzish, to‘lovlar haqidagi ma’lumotlarni onlayn olish hamda tezkor guruhlarning qayerda harakatlanayotganini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Yana sakkizta qo‘riqlash xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Hozirda mavjud oltita xizmat turiga qo‘shimcha ravishda yana sakkizta yo‘nalishni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ular orasida xonadonlarga zamonaviy nazorat qurilmalarini o‘rnatish va mobil telefonlar orqali virtual «SOS» tizimidan foydalanish xizmatlari bor.
Shuningdek, quyidagi xizmatlarni joriy etish taklif qilinmoqda:
investorlar, sayyohlar va tadbirkorlarga tansoqchilik xizmatlarini ko‘rsatish;
oilaviy va boshqa tadbirlarda jamoat tartibini saqlash;
dronlar yordamida hududlarni kuzatish;
mavsumiy faoliyat yuritadigan obyektlarni qo‘riqlash.
Ko‘p kvartirali uylarni xavfsizlik vositalari bilan jihozlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, bunday uylarga domofon va tashvish tugmalarini o‘rnatish, shuningdek, yangi qurilayotgan obyektlarni qo‘riqlash uskunalari bilan ta’minlash bo‘yicha yagona talablarni belgilash rejalashtirilgan.
Mahalliy ishlab chiqarish hajmi uch barobar oshiriladi
Qo‘riqlash sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, mahalliy dasturiy mahsulotlar va texnik qurilmalar ishlab chiqarishni rivojlantirish ham kun tartibidagi masalalardan biri bo‘ldi.
Taqdimotda mahalliylashtirish darajasini hozirgi 30 foizdan 60 foizga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini esa oyiga 10 ming donadan 30 ming donagacha yetkazish imkoniyati qayd etildi. Bu orqali qo‘riqlash uskunalarining tannarxini 1,7 barobar kamaytirish mumkin.
Shu bilan birga, Milliy gvardiya tomonidan qo‘riqlanishi mumkin bo‘lgan obyektlar toifasini kengaytirish taklif qilindi. Xususan, ularning turlarini 13 tadan 24 taga yetkazish nazarda tutilmoqda.
2027-yilgacha qo‘riqlanadigan obyektlar soni 600 mingtaga yetkaziladi
Kelgusi yilda soha faoliyatini kengaytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlar ham belgilangan. 2027-yilda qo‘riqlanadigan obyektlar sonini hozirgi 337 mingdan 600 mingtaga yetkazish maqsad qilingan.
Buning uchun tezkor harakatlanuvchi guruhlar soni 630 tadan 800 taga oshiriladi. Bundan tashqari, qo‘shimcha 1,5 mingta mahallada patrullik xizmatini yo‘lga qo‘yish va qo‘riqlash xodimlari sonini 8 ming nafarga ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.
Prezident taqdimot yakunida mas’ullarga aholi va tadbirkorlar uchun sifatli, shu bilan birga, hamyonbop qo‘riqlash xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.



