Seshanba, 10-noyabr, 2026
Havo 65 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌧 +12° kechasi +9°
Читать на русском

Yangi turpaketlar, aksiyaviy aviachiptalar va turizm poytaxti maqomi: O‘zbekiston va Turkiya qanday kelishuvlarga erishdi?

Turkiyadan O‘zbekistonga ko‘proq sayyoh jalb qilish, ikki mamlakat bo‘ylab sayohatlarni birlashtiradigan yo‘nalishlar yaratish va turizm mutaxassislarini tayyorlash rejalashtirilmoqda.

3 daqiqa o‘qiladi

Yangi turpaketlar, aksiyaviy aviachiptalar va turizm poytaxti maqomi: O‘zbekiston va Turkiya qanday kelishuvlarga erishdi?

Turkiyadan O‘zbekistonga ko‘proq sayyoh jalb qilish, ikki mamlakat bo‘ylab sayohatlarni birlashtiradigan yo‘nalishlar yaratish va turizm mutaxassislarini tayyorlash rejalashtirilmoqda. Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovning Istanbulga tashrifi davomida ko‘plab kelishuvlarga erishildi.

Uch yillik hamkorlik rejasi imzolandi

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy bilan uchrashuvda 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi.

Unga ko‘ra, tomonlar ziyorat turizmini rivojlantiradi, qo‘shma sayohat yo‘nalishlarini shakllantiradi, xalqaro tadbirlarda birgalikda qatnashadi va soha mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Turkiyaning mehmonxonalar va turistik hududlarni boshqarish, tarixiy merosni asrash hamda gastronomiya turizmi bo‘yicha tajribasini o‘rganish ham muhokama qilindi. Ikki mamlakatni sayyohlarga kengroq tanitish uchun jurnalistlar va blogerlar safarlarini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Toshkentga turizm poytaxti ramziy kaliti topshirildi

2027-yilda Toshkent “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” bo‘ladi. 7-noyabr kuni Istanbuldagi “Korkut Ata” kinofestivalining yopilish marosimida Mehmet Nuri Ersoy ramziy kalitni Abdulaziz Aqqulovga topshirdi. Bu yil mazkur maqom Anqaraga tegishli.

“Turkish Airlines” bilan maxsus turpaketlar va aksiyaviy tariflar ishlab chiqiladi

Aviakompaniya rahbariyati bilan muzokaralarda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini uning keng xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘i orqali targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi.

Tomonlar maxsus turpaketlar va aksiyaviy aviachipta tariflarini ishlab chiqish, xorijiy turoperatorlar bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari hamda xalqaro targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishga kelishdi.

Konferensiya, ko‘rgazma va boshqa ishbilarmonlik tadbirlari bilan bog‘liq turizmni rivojlantirish ham hamkorlik yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Uchrashuv yakunida Turizm qo‘mitasi va “Turkish Airlines” o‘rtasida memorandum imzolandi.

Ikki mamlakat turoperatorlari Istanbulda uchrashdi

O‘zbekiston–Turkiya turizm forumida turoperatorlar, sayyohlik kompaniyalari, aviakompaniyalar va Turkiya OAV vakillari qatnashdi.

Ularga O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, ziyorat maskanlari, zamonaviy turistik infratuzilmasi va yangi sayohat yo‘nalishlari taqdim etildi. Muhokamalarning asosiy mavzusi Turkiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish va yangi turistik mahsulotlar yaratish bo‘ldi.

Yirik kompaniyalar bilan investitsiya va qo‘shma loyihalar

Abdulaziz Aqqulov “Pegasus Airlines” boshqaruv kengashi raisi Mehmet Tevfik Nane, Istanbul savdo palatasi prezidenti Şekib Avdagiç va “World Halal Summit Council” prezidenti Yunus Ete bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda turizm aloqalarini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Hududlarda turizm uchun mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlari o‘rganildi

TİKA — Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi prezidenti Abdullah Eren bilan uchrashuvda hududlarda o‘quv markazlarini tashkil etish, turizm va mehmonxona sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, yoshlarni turizm tadbirkorligiga jalb qilish, mahalliy aholi uchun ish imkoniyatlarini kengaytirish, madaniy meros obyektlarida sayyohlarga qulay xizmatlar yaratish va zamonaviy axborot xizmatlarini joriy etish muhokama qilindi.