“Eshiklar yopiladi, keyingi bekat – Chilonzor” Markaziy Osiyodagi ilk yerosti transporti 49 yoshda
Qariyb yarim asr davomida nafaqat poytaxtning muhim transport tarmog‘iga, balki o‘ziga xos me’morchiligi bilan ajralib turadigan maskanga aylangan Toshkent metrosi qanday bunyod etilgan va shu kungacha qanday taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan?
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent – azaldan Sharq va G‘arbni bog‘lovchi, madaniyatlar chorrahasida joylashgan afsonaviy shahar. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida bu qadimiy va navqiron kent sanoat va iqtisodiyotdan tashqari shaharsozlik hamda zamonaviy transport infratuzilmasi bo‘yicha ulkan o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. 1950-yillarning oxiriga kelib, shaharda aholi sonining jadal o‘sishi, yangi sanoat hududlarining barpo etilishi transport tizimiga tushayotgan yuklamani keskin oshirib yubordi. Avtobus va trolleybus yo‘nalishlarining haddan tashqari bandligi, ko‘chalardagi tirbandliklar va transport harakatining sekinlashishi shahar ostida tezkor, xavfsiz hamda yuqori o‘tkazuvchanlikka ega transport arteriyasi – metropoliten yaratish zaruriyatini kun tartibiga qo‘ydi.
Yerosti transportining joriy etilishi
Toshkentda metropoliten qurish bo‘yicha dastlabki rasmiy takliflar 1950-yillarda ilgari surilgan. Biroq bu g‘oyani amalga oshirish oson emasdi: shahar joylashgan hududning o‘ziga xos seysmik faolligi, yer osti suvlarining sathiy joylashuvi va murakkab geologik-iqlimiy sharoiti chuqur ilmiy-tadqiqot izlanishlarini talab etardi.
1965-yilga kelib barcha geologik va texnik izlanishlar muvaffaqiyatli yakunlandi hamda 1966-yilgi Toshkent zilzilasidan so‘ng shaharni qayta tiklash va modernizatsiya qilish bo‘yicha qabul qilingan davlat qarorlari doirasida metropoliten qurilishi ham rasman tasdiqlandi. Amaliy qurilish va poydevor qo‘yish ishlari 1968-yilda boshlanib, unga butun respublikadan 1 000 dan ortiq yetakchi muhandislar, konchilar va quruvchilar jalb etildi. Loyihaning murakkab arxitektura va muhandislik namunalarini ishlab chiqishda Shvetsiya va Germaniya mutaxassislarining tajribasidan ham foydalanildi. Natijada 1977-yilning 6-noyabrida Markaziy Osiyodagi eng birinchi metro tizimi – Toshkent metropoliteni rasman foydalanishga topshirildi.

1. Chilonzor yo‘nalishi Toshkent metropolitenining ilk liniyasi bo‘lib, 1977-yilda foydalanishga topshirilgan. Dastlab u 12,2 km masofada “Olmazor” (sobiq “Sobir Rahimov”) bekatidan “Amir Temur xiyoboni” (sobiq “Oktyabr inqilobi”) bekatigacha bo‘lgan 9 ta bekatdan iborat edi. Shu bilan birga, yo‘nalishga xizmat ko‘rsatuvchi “Chilonzor” elektrodeposi va aloqa uyi ham foydalanishga topshirilgan. 1980-yil avgust oyida liniya yana 4,2 km ga uzaytirilib, “Amir Temur xiyoboni”dan “Buyuk Ipak yo‘li” (sobiq “Maksim Gorkiy”) bekatigacha bo‘lgan 3 ta yangi bekat ochildi. Keyinchalik, Sergeli tarmog‘i qurilishi boshlandi va 2020-yil dekabr oyida 7 km uzunlikdagi 5 ta yerusti bekati foydalanishga topshirilib, Chilonzor yo‘nalishiga tutashtirildi. Bugungi kunda yo‘nalish “Buyuk Ipak yo‘li” bekatidan “Chinor” bekatigacha davom etadi. Uning umumiy uzunligi 22,6 km, bekatlar soni esa 17 tani tashkil etadi.
2. O‘zbekiston yo‘nalishi Toshkent shahar markazini temir yo‘l vokzali va yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lash maqsadida qurilgan metropolitenning ikkinchi liniyasidir. 1984-yil 26-noyabrda “Alisher Navoiy” va “Toshkent” bekatlari oralig‘idagi 5,6 km masofada 5 ta bekat foydalanishga topshirildi. 1987-yilda yo‘nalish vokzaldan keyin yana kengaytirilib, “Toshkent”, “Mashinasozlar” va “Do‘stlik” (sobiq “Chkalov”) bekatlarini o‘z ichiga olgan 3,2 kmlik qism ishga tushirildi. 1989-yilda “Alisher Navoiy” bekatidan “Chorsu” bekatigacha bo‘lgan 2 ta bekat va 2,2 km masofalik yangi qism foydalanishga topshirildi. 1991-yil aprel oyida esa “Chorsu”dan “Beruniy” bekatigacha bo‘lgan 3,2 km uzunlikdagi yana 2 ta bekat ochilib, yo‘nalishning qurilishi davom ettirildi. Bugungi kunda O‘zbekiston yo‘nalishi “Beruniy” bekatidan “Do‘stlik” bekatigacha cho‘zilgan bo‘lib, umumiy uzunligi 14,8 kilometrni, bekatlar soni 11 tani tashkil etadi. Shuningdek, yo‘nalishga xizmat ko‘rsatuvchi “O‘zbekiston” elektrodeposi ham mavjud.
3. Yunusobod yo‘nalishi Yunusobod tumanini shahar markazi bilan bog‘lash maqsadida qurilgan uchinchi liniyadir. Uning birinchi bosqichi 2001-yil 26-oktyabrda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, “Ming o‘rik”dan “Shahriston” (sobiq “Habib Abdullayev”) bekatigacha bo‘lgan 7,15 km masofani va 6 ta bekatni qamrab olgan. Keyinchalik 2020-yil avgust oyida umumiy uzunligi 2,9 km bo‘lgan “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda Yunusobod yo‘nalishi “Ming o‘rik” bekatidan “Turkiston” bekatigacha davom etib, umumiy uzunligi 10,05 km va bekatlar soni 8 tani tashkil etadi.
4. Toshkent metropolitenining Yer usti halqa yo‘li Prezidentning 2017-yil 19-maydagi PQ-2979-sonli qaroriga muvofiq qurila boshlangan. Uning birinchi bosqichi 2020-yil avgust oyida foydalanishga topshirilib, “Texnopark” bekatidan boshlanuvchi 11,5 km uzunlikdagi 7 ta bekatni o‘z ichiga oldi. 2024-yilda “Turon” va “Qipchoq” bekatlari foydalanishga topshirildi hamda liniya Chilonzor yo‘nalishining “Chinor” bekati bilan tutashtirildi. Bugungi kunda yer usti halqa yo‘li “Texnopark” bekatidan “Qipchoq” bekatigacha davom etadi. Uning umumiy uzunligi 22,34 km, bekatlar soni esa 14 tani tashkil etadi.
Arxitektura va bezak san’ati: Yer ostidagi muzeylar
Toshkent metropolitenining har bir bekati shunchaki jamoat transporti bekati emas, balki milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan o‘ziga xos me’moriy ansambldir. Bekatlarni bezashda tabiiy marmar, granit, ganchkorlik, o‘ymakorlik, sirlangan keramika va mozaika san’atidan keng foydalanilgan.
Toshkent metropolitenining ayrim bekatlari o‘ziga xos me’moriy namunalari va badiiy bezaklari bilan ajralib turadi. Masalan, “Alisher Navoiy” bekati sharqona saroy uslubida qurilgan bo‘lib, arka-gumbazli shiftlari va rassom Chingiz Ahmarov ishlagan kobalt rangli keramika panolarida shoir dostonlari aks ettirilgan. “Kosmonavtlar” bekati esa to‘q ko‘k va havorang devorlari, fazogirlar tasvirlari orqali koinot mavzusini ifodalaydi. “Pushkin” bekatida klassik ruhdagi kessonli shiftlar va sham shaklidagi bronza qandillar o‘ziga xos muhit yaratadi. “Hamid Olimjon” va “Chilonzor” bekatlari esa o‘zbek xalqining milliy naqshlari, ornamentlari va an’anaviy arkasimon bezaklari bilan ajralib turadi.
Uzoq yillar davomida metro harbiylashtirilgan strategik obyekt va fuqaro muhofazasi boshpanasi hisoblangani sababli u yerda suratga hamda videoga olish taqiqlangan edi. Uzoq kutilgan ushbu taqiq 2018-yil 1-iyuldan rasman bekor qilindi va bu holat Toshkent metrosini xalqaro turizmning eng jozibador maskanlaridan biriga aylantirdi.
To‘lov tizimi va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-noyabrdagi qaroriga muvofiq, 2020-yil 3-yanvardan yagona transport kartalari muomalaga chiqarildi. Shu bilan birga, eski jetonlardan foydalanish bosqichma-bosqich bekor qilindi. 2020-yil 1-noyabrdan kassalarda jeton sotish to‘xtatildi, 31-dekabrdan esa ular butunlay muomaladan chiqarildi. Bugungi kunda yo‘lovchilar metroda transport kartalari, bir martalik QR-chiptalar, kontaktsiz bank kartalari va mobil ilovalar orqali yaratiladigan QR-kodlar yordamida yo‘l haqini to‘lashi mumkin. Shuningdek, ayrim toifadagi fuqarolar uchun imtiyozlar ham mavjud. Pensiya yoshidagi fuqarolar har kuni soat 10:00 dan 16:00 gacha metrodan bepul foydalanishi mumkin. Urush qatnashchilari va nogironlari, Afg‘oniston urushi qatnashchilari, Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etganlar, I guruh ko‘zi ojizlar hamda muddatli harbiy xizmatchilar uchun esa bepul yurish imkoniyati doimiy amal qiladi.
“Eshiklar yopiladi, keyingi bekat – Chilonzor”. Ushbu ovoz ko‘pchiligimizga yaxshi tanish. Metro bekatlaridagi bunday mayin e’lonlar uzoq yillar davomida Tuhfa Ahmedova, Ra’no Dehqonova hamda Manzura Ahmadaliyeva kabi professional suxandonlar tomonidan berilgan bo‘lsa, 2006-yildan buyon ushbu jarayonlarda Muslima Murodovaning ovozi yangrab turadi.
Bugungi ko‘rsatkichlar va kelajak rejalar
Bugungi kunda Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 70 kilometrdan oshgan, bekatlar soni esa 50 taga yetgan. Yo‘lovchilar oqimi ham sezilarli darajada ortib, kunlik tashish hajmi 1 million nafardan oshgan. Metropolitenni yanada kengaytirish bo‘yicha ham rejalar mavjud. Jumladan, Prezidentning 111-sonli qaroriga muvofiq, Yunusobod yo‘nalishining “Turkiston” bekatidan Chilonzor buyum bozorigacha (“Ippodrom”) yangi metro liniyasini qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Chilonzor yo‘nalishining so‘nggi bekatlaridan Chirchiq shahriga va Yangi O‘zbekiston bog‘i hududiga metro olib borish bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqilmoqda. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida bekatlarda poyezdlarning kelish va ketish vaqtini ko‘rsatuvchi zamonaviy elektron tablolar ham o‘rnatish bo‘yicha rejalar mavjudligi bildirilgan.
Yarim asrlik shonli yo‘lni bosib o‘tgan Toshkent metropoliteni bugungi kunda ham poytaxt aholisi va mehmonlariga xavfsiz xizmat ko‘rsatib, O‘zbekistonning eng ko‘zga ko‘ringan me’moriy va transport mo‘jizalaridan biri bo‘lib qolmoqda.



