3 ta yirik xalqaro kompaniya O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda
Qozonning “Nordwind Airlines”, Turkiyaning “Pegasus Airlines” va AQShning “United Airlines” kompaniyalari O‘zbekistonga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapti.
3 daqiqa o‘qiladi

“Nordwind Airlines” Qozon va Farg‘onani to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘laydi
16-18-sentyabr kunlari Moskvada bo‘lib o‘tgan “NETWORK 2026” xalqaro aviatsiya forumida “Uzbekistan Airports” va “Nordwind Airlines” o‘rtasidagi muzokaralar o‘tkazilib, yangi reyslarni ochish hamda mavjud yo‘nalishlarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilingan.
Unga ko‘ra, joriy yilning 25-noyabridan boshlab “Nordwind Airlines” aviakompaniyasi Qozon – Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslarni boshlaydi. Parvozlar haftasiga bir marta chorshanba kunlari Airbus A321 samolyotlarida amalga oshiriladi.
“Pegasus Airlines” O‘zbekistonning uchta shahriga parvozlarni boshlaydi
“Uzbekistan Airports” va Turkiyaning “Pegasus Airlines” aviakompaniyasi Istanbuldan Buxoro, Andijon va Termizga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Qarshi va Nukusga parvozlarni ochish masalasi ham muhokama qilinmoqda.
Buxoroga ilk reys 2026-yil 14-dekabrda, Andijonga esa 18-dekabrda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Termizga qatnovlar 2027-yil 1-martdan boshlanishi kutilmoqda. Reyslar Istanbuldagi Sabiha Gökçen xalqaro aeroportidan Airbus A320/A321 samolyotlarida amalga oshiriladi.
“United Airlines” Kanada yo‘nalishlarini qisqartirib, Markaziy Osiyoga e’tibor qaratmoqchi
Airline Geeks nashrining 2026-yil 29-oktyabrdagi xabariga ko‘ra, “United Airlines” bosh direktori Skott Kirbi Cheeky Pint podkastidagi chiqishida Kanadaga yo‘nalishlarni qisqartirib, Markaziy Osiyoning ayrim shaharlariga parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini tilga olgan. Ko‘rib chiqilayotgan manzillar orasida O‘zbekiston poytaxti Toshkent va Qozog‘istonning Olmaota shahri ham bor.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, United Airlines’ning global yo‘nalishlarni rejalashtirish bo‘yicha rahbari Patrik Kveyl boshchiligidagi jamoa O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurgan. Bu tashriflar aviakompaniyaning mintaqadagi imkoniyatlarni o‘rganayotganidan dalolat beradi. Shunga qaramay, Toshkent yoki Olmaotaga yangi reyslarni ochish bo‘yicha hozircha yakuniy qaror e’lon qilinmagan. Parvozlarning boshlanish sanasi, chastotasi va foydalaniladigan samolyotlar haqida ham rasmiy ma’lumot yo‘q.
Hozirda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida yo‘lovchi tashish bozorida Uzbekistan Airways muhim o‘rin tutadi. Aviakompaniya Toshkentdan Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi xalqaro aeroportiga parvozlarni amalga oshiradi. United Airlines’ning bozorga kirishi esa ikki mamlakat o‘rtasidagi havo qatnovlarida yangi raqobat muhitini yuzaga keltiradi.
United Airlines’ning Markaziy Osiyoga qiziqish bildirishi ortida turistik va iqtisodiy omillar ham bo‘lishi mumkin. Airline Geeks ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonga kelgan AQSh fuqarolari soni 2019-yilda qariyb 17 ming nafarni tashkil etgan. 2026-yilning dastlabki yetti oyida esa bu ko‘rsatkich 26 ming nafardan oshgan. Bu raqamlar amerikalik sayyohlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, yo‘lovchilar sonining o‘sishi aviakompaniya uchun yangi yo‘nalish ochishning o‘zi yetarli asos bo‘la olmaydi. Bunda yil davomida talabning barqarorligi, chiptalar narxi, raqobat va parvoz xarajatlari ham hisobga olinadi.
Biroq yangi yo‘nalishlarni ochishda jiddiy to‘siqlar ham bor. Rossiyaning G‘arb aviakompaniyalari uchun havo hududini yopishi Rossiya ustidan o‘tadigan eng qisqa parvoz yo‘nalishlaridan foydalanish imkonini cheklaydi. Natijada parvozlar uzoqroq davom etishi va ularning iqtisodiy samaradorligi pasayishi mumkin.



