Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +10° kechasi +9°

Telegram qaysi holatlarda sizning IP manzilingizni maxsus xizmatlarga oshkor qiladi?

Telegramning maxfiylik siyosatidan “messenjer hech qachon foydalanuvchilarning IP manzillari va telefon raqamlarini rasmiylarga oshkor qilmasligi” haqidagi band olib tashlandi.

2 daqiqa o‘qiladi

Telegram qaysi holatlarda sizning IP manzilingizni maxsus xizmatlarga oshkor qiladi?

Bir necha kun avval Telegram asoschisi Pavel Durov qoidalarni buzgan foydalanuvchilarning telefon raqami va IP manzilini qonuniy talab bilan chiqqan tegishli organlarga oshkor qilishini e’lon qildi. Messenjerning maxfiylik siyosatida ro‘y bergan o‘zgarishlarni, bu qanday amalga oshishini yurist Hasan Mamayusupov tahlil qildi.

Terrorizm

Birinchidan, terrorizm. Ilgari messenjer foydalanuvchining telefon raqami va IP manzilini, agar u terrorizm ishi bo‘yicha tasdiqlangan gumondor bo‘lsagina oshkor qilishga rozi bo‘lgan. Endilikda esa jinoiy ishda, noqonuniy faoliyatda gumon qilinayotgan va shu bilan birga Telegram foydalanuvchisi shartnomasini buzgan foydalanuvchilarga oid ma’lumotlarni “vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarining rasmiy so‘rovi” asosida oshkor qiladi.

Pornografik kontentlar

Ikkinchidan, noqonuniy pornografik kontentni joylashtirish, spam yuborish, foydalanuvchilarni aldash va zo‘ravonlikka undashdan tashqari, Telegram endi “aksariyat mamlakatlarda noqonuniy deb topilgan faoliyat bilan shug‘ullanishni” ham nazorat qiladi. Ushbu bandda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, giyohvand moddalar, qurollar, soxta hujjatlar ro‘yxati keltirilgan.

Faqat bu emas...

Uchinchidan, yuqorida keltirilgan “noqonuniy tovarlar va xizmatlar”ning yangi ro‘yxati to‘liq emas. Bu shuni anglatadiki, Telegram mazkur ro‘yxat bilan cheklanmaydi va boshqa turdagi qoidabuzarliklar haqidagi ma’lumotlar uchun ham ma’lumotlarni tegishli organlarga oshkor qilishi mumkin.

Maxfiylik siyosatidan bir band olib tashlandi

Shuningdek, Telegramning maxfiylik siyosatidan “messenjer hech qachon foydalanuvchilarning IP manzillari va telefon raqamlarini rasmiylarga oshkor qilmasligi” haqidagi band olib tashlandi.

Bundan tashqari, Telegram qoidalarni buzgan foydalanuvchilarning telefon raqamlari va IP manzillari maxsus xizmatlarga taqdim etsa, bu haqidagi hisobotlarni har chorakda ochiqlashi ma’lum qilingan.