$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekiston tashqi savdosi: Oltin eksporti $3,42 mlrd.ga yetdi, $463 mln.lik gaz import qilindi

Joriy yilning 4 oyida Oʻzbekiston 3,42 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotdi. Bu rekord koʻrsatkichdir.

Mamlakat tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli qismi Xitoy (19 foiz), Rossiya (18,4 foiz), Qozogʻiston (5,9 foiz), Turkiya (4,4 foiz) va Janubiy Koreya (3,3 foiz) bilan qayd etilgan. Eʼtiborga molik jihati, Markaziy Osiyo mamlakatlarning barchasiga eksport hajmi sezilarli darajada qisqargan.

Tashqi savdo salbiy saldosi esa $3,9 mlrd.

Statistika agentligi Oʻzbekistonning 2024-yil yanvar-aprel oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir maʼlumotni eʼlon qildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 20,9 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 8,5 mlrd dollarni, import hajmi esa 12,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 9 foizga, import hajmi 3,9 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 3,9 mlrd dollar boʻlgan.

 

15 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi

Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi oʻrnini saqlab qolgan. Hisobot davrida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 3,96 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 19 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Rossiya (18,4 foiz), Qozogʻiston (5,9 foiz), Turkiya (4,4 foiz) va Janubiy Koreya (3,3 foiz) bilan qayd etilgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat boʻyicha 20 ta yirik hamkor davlatdan beshta mamlakat – Fransiya, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Pokiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 15 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

Markaziy Osiyo davlatlarining barchasida yetkazib berish qisqargan

Eʼtiborga molik jihati yanvar–aprel oylarida oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, quyidagi davlatlarga eksport hajmi sezilarli darajada koʻpaygan: Rossiyaga (811,5 mln dollardan 1 mlrd 21,4 dollarga), Fransiyaga (120,6 mln dollardan 264,6 mln dollarga), Afgʻonistonga (258 mln dollardan 301,4 mln dollarga). Eʼtiborga molik jihati, Markaziy Osiyo mamlakatlarning barchasiga mahsulot yetkazib berish qisqargan.

Oltin savdosi sabab eksport hajmi 9 foizga oshgan

4 oy davomida oltinsiz eksport 5,6 foizga oʻsib, qariyb 5 mlrd dollarni tashkil etgan. Yaʼni yanvar-aprel oyidagi eksport hajmining 9 foizga oshishi bevosita oltin sotishning koʻpaygani bilan bogʻliq. Mazkur davrda 3,42 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan. Bu rekord koʻrsatkichdir.

Shuningdek, umumiy eksport tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 16,8 foizdan 15,9 foizga, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar ulushi 6,1 foizdan 5,6 foizga qisqargan. Kimyoviy vositalarning ulushi esa 4,8 foizdan 5,7 foizgacha oshgan. Oʻz navbatida oltin eksportining ulushi 19 foizdan 19,3 foizgacha koʻpaygan.

Avtomobillar importi $1,18 mlrd.

Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (36,8 foiz), sanoat tovarlari (15,9 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (12,4 foiz) hisobiga toʻgʻri kelgan. Oʻz navbatida avtomobillar importi 1,18 mlrd dollarni tashkil etgan.

Yoqilgʻi mahsulotlarining eksporti va importi

Hisobot davrida Oʻzbekiston 462 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2023-yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 4 barobarga koʻp. Oʻz navbatida mazkur davrda gaz eksporti 54 foizga yoki 52,3 mln dollargacha qisqargan.

Shuningdek, 4 oy davomida 63,3 mln dollarlik koʻmir import qilingan, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15,7 foizga koʻp.

$67,8 mln.lik elektr toki importi

Yanvar-aprel oylarida 67,8 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (oʻsish – 39,5 foiz) va 43,8 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (oʻsish – 31 foiz) eksport qilingan.

Neft va neft mahsulotlarining eksporti qariyb 4 barobarga oshib, 179,4 mln dollarni, importi esa 26,8 foizga koʻpayib, 788 mln dollarni tashkil qilgan.