$
 11765.21
-0.55
 13586.46
-52.41
 139.35
-0.36
weather
+26
Кечаси   +14°

Ta’lim kreditini qanday olish mumkin?

Ta’lim krediti

Yangi o‘quv yili boshlandi. Talabalar o‘qishni davom ettirish bilan birga, kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish masalasiga ham duch kelmoqda. Kontrakt pulini birdaniga to‘lash imkoniyati bo‘lmaganlar uchun ta’lim krediti qulay yechim bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar va o‘quvchilar ta’lim kreditidan foydalanishi mumkin. Buning uchun bankka borishdan oldin my.gov.uz portali orqali elektron ariza topshirish imkoniyati mavjud. Xo‘sh, ta’lim kreditini olish uchun nima qilish kerak, u kimlarga beriladi va kredit qanday qaytariladi?

Ta’lim krediti olish uchun qayerdan ariza topshiriladi?

Ta’lim krediti olishni istagan talabalar va o‘quvchilar arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali topshirishi mumkin.

Buning uchun quyidagi tartibda harakat qilish kerak:

Avvalo, my.gov.uz saytiga kirib, ta’lim bo‘limidagi ta’lim krediti olish uchun mo‘ljallangan xizmatni tanlash lozim.

Shundan so‘ng kredit ajratadigan ro‘yxatdagi tijorat banklaridan biri va bank joylashgan hudud tanlanadi. Ariza beruvchi birgalikda qarz oluvchi hamda kafil haqidagi ma’lumotlarni ham kiritishi kerak.

Ariza jarayonida ko‘rsatilgan birgalikda qarz oluvchi va kafilning my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetlariga xabarnoma yuboriladi. Ular ushbu xabarnomalarni tasdiqlaganidan keyingina ariza yakuniy tarzda yuboriladi.

Topshirilgan ariza tegishli tijorat banki tomonidan 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Ta’lim krediti kimlarga beriladi?

Ta’lim krediti quyidagi toifadagi talabalar va o‘quvchilarga ajratiladi:

  • Davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida bakalavriat bosqichida o‘qiyotgan talabalarga;
  • Magistratura bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotganlarga;
  • O‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilariga;
  • O‘qishini boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirgan talabalarga.

Bunda asosiy talab — talaba yoki o‘quvchi kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan bo‘lishi kerak. Ta’lim kreditidan foydalanish imkoniyati faqat shu ta’lim shakliga tegishli.

Kontraktning qancha qismi uchun kredit ajratiladi?

Ta’lim krediti miqdori talabaning bosqichi, o‘zlashtirish ko‘rsatkichi va ijtimoiy maqomiga qarab belgilanadi.Birinchi bosqichda tahsil olayotgan talabalar uchun ta’lim krediti kontrakt to‘lovining 100 foizi miqdorida ajratiladi. Yuqori bosqichlarda o‘qiyotgan talabalar uchun kredit miqdori GPA ko‘rsatkichiga bog‘liq.

Agar talabaning fanlarni o‘zlashtirish bo‘yicha o‘rtacha GPA ko‘rsatkichi 3 balldan past bo‘lsa, unga kontrakt to‘lovining 80 foizi miqdorida ta’lim krediti ajratiladi. Qolgan 20 foizni talabaning o‘zi to‘lashi kerak.

Agar talabaning GPA ko‘rsatkichi 3 yoki undan yuqori bo‘lsa, kontrakt to‘lovining 100 foizi miqdorida ta’lim krediti olish mumkin.

Shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan talabalar uchun ham kontrakt to‘lovining 100 foizi miqdorida ta’lim krediti ajratiladi.

Ta’lim krediti qanday qaytariladi?

Ta’lim kreditini qaytarish o‘qish davri tugaganidan keyin boshlanadi. Kreditni o‘qish muddati yakunlanganidan so‘ng, yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytarish mumkin.

Kredit bo‘yicha foiz stavkasi talabaning jinsiga qarab farqlanadi. O‘g‘il bolalar uchun foizlar Markaziy bankning asosiy stavkasidan kelib chiqib belgilanadi. Qizlarga esa foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.

Shu tariqa, ta’lim krediti kontrakt to‘lovini birdaniga amalga oshirish imkoniyati bo‘lmagan talabalar uchun o‘qish xarajatlarini bosqichma-bosqich qoplash imkonini beradi.

Kimlarga ta’lim krediti berilmaydi?

Ta’lim krediti barcha ta’lim shakllari va barcha talabalar uchun amal qilmaydi. Quyidagi toifadagilarga ta’lim krediti ajratilmaydi:

  • Superkontrakt asosida tahsil olayotganlarga;
  • Sirtqi ta’lim shakida o‘qiyotgan talabalarga;
  • Kechki ta’lim shaklida tahsil olayotganlarga;
  • Masofaviy ta’lim shaklida o‘qiyotganlarga;
  • Xorijdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlarga.

Demak, ta’lim kreditidan foydalanishni rejalashtirayotganlar, avvalo, o‘z ta’lim shakli va bosqichi belgilangan talablarga mos kelishini tekshirishi kerak. Talablar bajarilgan taqdirda esa arizani my.gov.uz orqali elektron shaklda yuborish mumkin.

Теги :
Jamiyat