$
 12732.56
3.08
 14181.53
25.08
 139.37
-0.35
weather
+26
Кечаси   +14°

Davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi holatlariga chek qo‘yilmoqda

Davlat xodimi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazib kelmoqda.

107 nafar davlat xodimi faoliyati

Xususan, Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda ularda faoliyat yuritayotgan 107 nafar boshqaruv xodimi 116 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi.

Jumladan, Transport vazirligining 50 ta boshqaruv xodimi 55 ta tadbirkorlik subyektida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 37 ta boshqaruv xodimi 39 ta tadbirkorlik subyektida hamda Madaniyat vazirligining 20 ta boshqaruv xodimi 22 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.

Ogohlantirish xatlari

Yuqoridagi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha mazkur vazirliklarga Agentlik tomonidan kiritilgan taqdimnomalar ushbu vazirliklar tomonidan tanqidiy muhokama qilindi va tadbirkorlik subyektlarida ta’sischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda.

Bundan oldin 398 nafar davlat xodimining tadbirkorlik faoliyati aniqlangan edi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va ularning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 398 nafar boshqaruv xodimi 449 ta tadbirkorlik subyektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlangandi.

Bildirilishicha, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 93 nafar boshqaruv xodimi 112 ta tadbirkorlik subyektida, Suv xo‘jaligi vazirligining 26 nafar boshqaruv xodimi 35 ta tadbirkorlik subyektida hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining 279 nafar boshqaruv xodimi 302 ta tadbirkorlik subyektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan. Yuqoridagi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha mazkur vazirliklarga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tegishli taqdimnomalar kiritilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlariga chek qo‘yilgan.

Qonunchilik

O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati subyektlari bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan.

Теги :
Жамият