O‘zbekistonda uy xo‘jaliklarining 26 foizi va maktablarning 13 foizi yetarli darajada suv ta’minotiga ega emas
Kambag‘allik va asosiy xizmatlardan foydalanishda, ayniqsa, qishloq joylarda, hududlararo farqlar saqlanib qolmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘allik va asosiy xizmatlardan foydalanishda, ayniqsa, qishloq joylarda, hududlararo farqlar saqlanib qolmoqda. BU haqda UNICEF va bolalar ombudsmanining O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar holati bo‘yicha yangi tahlilida keltirilgan.
Kambag‘allikdan himoya qilish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
2022-yilda O‘zbekiston aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasining qabul qilinishi muhim yutuq bo‘ldi. Strategiya sohadagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Ijtimoiy yordam dasturlari bilan barcha ehtiyojmand oilalar va shaxslarni qamrab olish, nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish, aholiga bevosita mahalla darajasida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyotini joriy etish va boshqalar shular jumlasidan.
Ijtimoiy himoya yagona reyestri 2023-yilda 336 ming kam ta’minlangan oilani qamrab oldi. Bolalar kambag‘alligi sezilarli darajada — 2021-yildagi 21,5 foizdan 2023-yilda 13,7 foizgacha tushdi. Kambag‘allikda yashayotgan bolalar soni 860 mingga kamaydi.
Sohada nimalar takomillashtirilishi zarur?
Shunga qaramay, tizim hali ham bir qator muammolarga duch kelmoqda. Shikoyatlarni ko‘rib chiqishning maxsus mexanizmi mavjud emasligi va budjet imkoniyatlarining cheklanganligi ijtimoiy himoyaning kengayishini sekinlashtirmoqda.
Bu bolalar nafaqalari misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. 2023-yilda hukumat ijtimoiy himoya uchun 19,2 trillion so‘m (umumiy budjetning 6,8 foizi) ajratgan. Shundan 12,3 trillion so‘mi bolalar nafaqasi va moddiy yordamga yo‘naltirilgan. Shunga qaramay, 2024-yilning birinchi choragida bolalar nafaqasini oluvchi bolalar soni 4,8 milliondan 3,1 milliongacha qisqardi.
Ijtimoiy himoya tizimi inqirozlarga yetarlicha tayyor emas. Standart operatsion jarayonlarning yo‘qligi koronavirus pandemiyasi davrida yordam ko‘rsatishning kechikishiga olib keldi, bu esa favqulodda vaziyatlarda chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Kambag‘allik va asosiy xizmatlardan foydalanishda, ayniqsa, qishloq joylarda, hududlararo farqlar saqlanib qolmoqda. Masalan, uy xo‘jaliklarining 26 foizi va maktablarning 13 foizi yetarli darajada suv ta’minotiga ega emas. Qishloq maktablarining atigi 71 foizi, ayni paytda shahar maktablarining 83 foizi asosiy suv xizmatlariga ega.
Nima qilish kerak?
Bolalar kambag‘alligi muammosini hal etish va munosib turmush darajasini ta’minlash uchun kompleks yondashuv talab etiladi. Bu kam ta’minlangan oilalarga beriladigan bolalar nafaqalari qamrovini kengaytirish va zaif guruhlar, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ijtimoiy yordam dasturlarini yaratishni nazarda tutadi. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari kabi ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar yuqori bo‘lgan hududlar uchun strategiyalar ishlab chiqish hamda ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish va rad etilgan arizalar ustidan shikoyat qilish mexanizmlarini yaratish uchun standart operatsion tartib-taomillarni joriy etish zarur.



