$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun arizalar qabuli boshlandi

Subsidiya

Bugun soat 9:00 dan boshlab ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun qabul ochildi. 2024-yildan boshlab yangi uylar uchun ipoteka kreditlariga qat’iy belgilangan 30 mln. so‘m to‘lab berilmoqda. Shuningdek, subsidiya quyidagi tartibda ham to‘lanishi mumkin: 

— Dastlabki to‘lovning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida;

— foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga.

Daromadlar miqdori 

Subsidiya uchun ariza beruvchining, agar birgalikda ariza berilayotgan bo‘lsa u va turmush o‘rtog‘ining yoki yaqin qarindoshlarining daromadlari belgilangan chegarada bo‘lishi kerak: 

— Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravaridan (2 mln. 835 ming so‘m) 8 baravarigacha (8 mln. 400 ming so‘m);

— Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravaridan (2 mln. 835 ming so‘m) 9,2 baravarigacha (9 mln. 660 ming so‘mgacha) bo‘lishi zarur.

Mazkur talabga to‘g‘ri kelmagan fuqarolarning subsidiya uchun arizasi darhol rad etiladi. 

Kimlarda subsidiya olish ehtimoli katta? 

Ijtimoiy himoya muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yosh oilalar va o‘z nomida uy mavjud bo‘lmaganlar subsidiya olishda ustunlikka ega bo‘ladi. 

Ariza beruvchi bir qancha ko‘rsatkichlar asosida umumiy 50 balldan kamida 30 ball oladigan bo‘lsa, subsidiya olishi mumkin.  

Subsidiya berish yana qay holatda rad etiladi?

— taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;

— taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;

— ilgari imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda subsidiya olganlar (avval olingan uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdirda ham) takroriy murojaat etganda;

— joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda. 

Qancha kredit beriladi? 

O‘zbekistonliklarga subsidiya asosida ipoteka krediti Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 330 mln., Toshkent shahrida esa 420 mln. so‘mgacha beriladi. 

Bunda boshlang‘ich to‘lov 15 foiz, kreditning foiz stavkasi esa yillik 17,5 foiz bo‘ladi. Agarda siz sotib olmoqchi bo‘lgan uy ushbu miqdordan oshib ketsa, bank o‘z mablag‘laridan bozor shartlarida (26 foiz atrofida) qarz ajratishi mumkin. 

Ariza necha kunda ko‘rib chiqiladi?

Subsidiya uchun arizalar 19 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Ariza beruvchilar soni ko‘p bo‘lganda, kim avvalroq ariza bergan bo‘lsa, shunga birinchi subsidiya ajratiladi. 

Ariza my.gov.uz portalidagi Ipoteka kreditiga Davlat subsidiyasini olishga ariza berish xizmati orqali amalga oshiriladi.

Теги :
Jamiyat