$
 11795.00
-18.09
 13698.71
21.51
 135.80
0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Talabalar uchun eng yaxshi shahar qaysi?

Seul

Toshkent shahri ta’lim va talabalik hayoti bo‘yicha dunyo miqyosidagi nufuzli reytingdan joy olib, o‘z tarixida yangi sahifa ochdi. Quacquarelli Symonds (QS) xalqaro tahlil agentligi tomonidan tayyorlangan “QS Best Student Cities 2027” tadqiqotida O‘zbekiston bosh kenti ilk bor debyut qildi va sayyoraning talabalar uchun eng yaxshi 146-shahri deb e’tirof etildi.

Global va mintaqaviy yetakchilar

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, jahon bo‘yicha talabalar uchun eng qulay va jozibador shahar maqomini ketma-ket ikkinchi yil Janubiy Koreya poytaxti Seul saqlab qoldi. Global reytingning ikkinchi pog‘onasini Yaponiya poytaxti Tokio egallagan bo‘lsa, Buyuk Britaniya poytaxti London uchinchi o‘rindan joy oldi.

Sayyoraning eng yaxshi o‘nta talabalar shahri qatoriga, shuningdek, to‘rtinchi o‘rin bilan Melburn kirgan. Avstraliyaning yana bir yirik shahri Sidney hamda Germaniyaning Myunxen shahri beshinchi o‘rinni o‘zaro bo‘lishib oldi. Keyingi o‘rinlarni mos ravishda Parij (yettinchi o‘rin), Berlin (sakkizinchi o‘rin), Vena (to‘qqizinchi o mezon) va Syurix (o‘ninchi o‘rin) egalladi.

Mintaqaviy ko‘rsatkichlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo hududidan ham bir qator shaharlar ushbu ro‘yxatga kiritilgan. Jumladan, Qozog‘iston poytaxti Astana 119-o‘rinni, Qirg‘iziston poytaxti Bishkek esa 137-o‘rinni band etdi. Yurtimiz poytaxti Toshkent esa 146-pog‘onadan joy olib, 2027-yilgi reytingning yangi vakillaridan biriga aylandi.

Nufuzli reyting mezoni

Buyuk Britaniyaning QS tashkiloti shaharlarning talabalar uchun qay darajada jozibadorligini baholashda oltita asosiy va muhim omilga tayanadi. Bular — hududda joylashgan universitetlarning xalqaro reytinglardagi o‘rni, talabalar tarkibining xilma-xilligi, shaharning umumiy yashash jozibadorligi va qulayligi, mehnat bozoridagi ish beruvchilarning faolligi, ta’lim va yashash xarajatlarining hamyonbopligi hamda talabalarning shaharga bergan shaxsiy baholaridir.

Shuningdek, shaharlarning ushbu nufuzli reytingga kiritilishi uchun aniq va qat’iy talablar belgilangan. Unga ko‘ra, nomzod shaharda kamida 250 ming nafar aholi istiqomat qilishi lozim. Bundan tashqari, u yerda eng so‘nggi “QS World University Rankings” ro‘yxatiga kirishga muvaffaq bo‘lgan kamida ikkita oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritayotgan bo‘lishi shart qilib belgilangan.

Теги :
Jamiyat