$
 11813.09
-7.39
 13677.20
-88.93
 135.61
-1.9
weather
+26
Кечаси   +14°

Markaziy bank 1,3 million so‘mlik stipendiya joriy qildi

Stipendiya

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarining so‘nggi bosqichida tahsil olayotgan yoshlarga maxsus stipendiya dasturini amaliyotga joriy etmoqda. Ushbu loyihada kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha bakalavriat va magistraturada o‘qiyotgan bitiruvchi talabalar o‘z omadlarini sinab ko‘rishlari mumkin. Moliyaviy rag‘batlantirish miqdori bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch baravari hajmid belgilangan bo‘lib, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 1 million 320 ming so‘mga to‘g‘ri keladi.

Haftasiga 15 soatli ishga taklif

Tanlovda g‘olib chiqqan talabalarga shunchaki moddiy yordam berilib qolmasdan, ularga regulyatorning tegishli tarkibiy tuzilmalarida bevosita amaliyot o‘tash sharoiti ham yaratiladi. Ishtirokchilar haftasiga 15 soatdan oshmagan tartibda ish jarayonlariga jalb etiladi. Bu esa bo‘lajak mutaxassislarga o‘zlari egallayotgan yo‘nalish bo‘yicha nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash hamda bank sohasining ichki mexanizmlarini yaqindan o‘rganish imkonini beradi.

Nomzodlarga qo‘yiladigan mezonlar

Dasturda qatnashishni istagan talabgorlar avvalo o‘tgan o‘quv yilida yuqori akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini namoyish etgan bo‘lishlari lozim. Til bilish ko‘nikmalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Davlat tilini mukammal egallaganlikdan tashqari, rus va ingliz tillari bo‘yicha kamida B2 darajasidagi bilim talab qilinadi.

Loyihaning qamrov doirasi yetarlicha keng bo‘lib, u faqatgina an’anaviy iqtisodiyot, moliya, bank ishi, statistika, buxgalteriya, jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohalari bilan cheklanmaydi. Dasturda, shuningdek, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi, huquqshunoslik, mediadizayn, filologiya hamda tarjimonlik yo‘nalishlarining bitiruvchilari ham teng huquqli ravishda ishtirok etishlari mumkin.

Qo‘shimcha afzalliklar

Tanlov jarayonida ACCA va boshqa xalqaro e’tirof etilgan moliyaviy sertifikatlarga ega bo‘lgan nomzodlarga ustunlik beriladi. Shuningdek, katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data) bilan ishlash ko‘nikmalari mavjudligi, IELTS bo‘yicha kamida 7,0 ballik natija hamda moliya, iqtisodiyot va IT yo‘nalishlaridagi olimpiadalarda erishilgan muvaffaqiyatlar ham saralash paytida inobatga olinadi.

Saralash bosqichlari

Dasturda qatnashish uchun hujjatlarni qabul qilish 11-sentabrga qadar Markaziy bankning rasmiy Telegram boti orqali amalga oshiriladi. Shundan so‘ng, saralashning birinchi bosqichi — masofaviy test sinovlari 15-sentabr kuni soat 10:00 da start oladi. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar 16-sentabr kuni xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlovchi suhbatga taklif etiladi. Yakuniy bosqichga yo‘llanma olgan nomzodlar bilan 18-sentabr kuni Ekspert guruhi a’zolari o‘rtasida hal qiluvchi suhbat o‘tkaziladi.