$
 11813.09
-7.39
 13677.20
-88.93
 135.61
-1.9
weather
+26
Кечаси   +14°

Nyu-Yorkda 8-sinfgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari uchun sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlandi: Cheklov 600 ming bolaga ta’sir qiladi

AI

Shahar hokimiyati boshlangʻich va oʻrta sinflarda generativ sunʼiy intelekt texnologiyalaridan foydalanishni bir yilga vaqtincha toʻxtatdi. Yuqori sinf oʻquvchilari uchun esa, aksincha, oʻqituvchilar nazorati ostida SI boʻyicha darslar va tajriba dasturlari joriy etiladi.

Maktablarda nimalar oʻzgaradi?

Nyu-York davlat maktablarining 8-sinfgacha boʻlgan oʻquvchilariga yangi oʻquv yilida generativ sunʼiy intelekt vositalaridan foydalanish taqiqlanadi. Bir yil davom etadigan ushbu cheklov qariyb 600 ming nafar oʻquvchiga daxldor.

Taqiq bevosita oʻquvchilar uchun moʻljallangan generativ SI dasturlariga taalluqli. Shahar maʼmurlari bergan maʼlumotga koʻra, hozirda maktablarda shunday 40 ga yaqin taʼlim vositasidan foydalanilmoqda — ularning qoʻllanishi vaqtincha toʻxtatiladi.

Buning ustiga, sunʼiy intelektga asoslangan chat-botlar barcha sinf oʻquvchilari uchun cheklanadi.

Yuqori sinf oʻquvchilariga mutlaq taqiq qoʻyilmaydi

Yuqori sinf oʻquvchilariga nisbatan boshqacha yondashuv koʻzda tutilgan. Ular uchun SI vositalaridan foydalanish toʻliq taqiqlanmaydi.

Maktablarda yiliga ikki marta sunʼiy intelekt bilan toʻgʻri va masʼuliyat bilan ishlash boʻyicha maxsus mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Shuningdek, ayrim oʻquvchilar uchun tajriba dasturlari yoʻlga qoʻyilib, ular poydevorida pedagoglar nazorati ostida saralab olingan SI platformalaridan foydalanishlari mumkin boʻladi.

Oʻqituvchilarga esa darsga tayyorgarlik koʻrish, dars jadvalini tuzish va boshqa tashkiliy topshiriqlarni bajarishda sunʼiy intelekt koʻmagiga tayanishga ruxsat beriladi.

Ekran qarshisida oʻtkaziladigan vaqt ham qisqartiriladi

Yangi tartib faqatgina SIga cheklov qoʻyish bilan cheklanmay, bolalarning ekran qarshisida oʻtkazadigan vaqtini qisqartirishni ham nazarda tutadi.

3–5-sinf oʻquvchilari uchun tavsiya etilgan meyor kuniga koʻpi bilan 30 daqiqani, 6–8-sinf oʻquvchilari uchun esa 45 daqiqagachani tashkil etadi.

Bundan tashqari, hokimiyat maktablarda qoʻllanilayotgan taʼlim texnologiyalarini keng koʻlamli taftishdan oʻtkazishni hamda oʻquv jarayoni uchun oʻta zarur deb topilmagan vositalardan voz kechishni rejalashtirmoqda.

Nima uchun hokimiyat SIni cheklashga qaror qildi?

Nyu-York meri Zohran Mamdani bu qarorni taʼlim jarayonida jonli muloqotni saqlab qolish zarurati bilan izohladi.

Uning taʼkidlashicha, bolalar oʻqituvchilar va tengdoshlari bilan birga saboq olishlari, murakkab masalalarni mustaqil yechishni hamda muloqot koʻnikmalarini rivojlantirishlari shart.

Shuningdek, mutasaddilarning fikricha, oʻquvchilar mustaqil savol berishni, farazlarni tekshirishni va olingan axborotga — xususan, sunʼiy intelekt bergan maʼlumotlarga ham — tanqidiy baho berishni oʻrganishlari kerak.

Nyu-York bu borada birinchisi emas

Nyu-York maktablarda generativ SI qoʻllanishini vaqtincha cheklashga qaror qilgan AQSHdagi eng yirik shaharlardan biriga aylandi.

Bunday chorani ilgariroq AQSHda kattaligi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turuvchi Los-Anjeles maktab okrugi ham joriy etgan edi. U yerda ham texnologiyaga nisbatan doimiy siyosat ishlab chiqilgunga qadar oʻquvchilarning qurilmalarida generativ SI vositalaridan foydalanish vaqtincha cheklangan.

Associated Press maʼlumotlariga koʻra, AQSHning kamida 37 ta shtati maktablarda SIdan foydalanish boʻyicha u yoki bu shakldagi tavsiyalarni ishlab chiqib boʻlgan. Shunday boʻlsa-da, oʻquvchilarni sunʼiy intelekt bilan ishlashga oʻrgatish boʻyicha yagona milliy standart hali mavjud emas.

Pedagoglar va ekspertlar nima deydi?

Nyu-York hokimiyatining bu qaroriga munosabat turlicha boʻldi.

Oʻqituvchilar birlashgan federatsiyasi prezidenti Maykl Malgryu ekran vaqtini cheklash tashabbusini qoʻllab-quvvatladi, biroq SIga oid yangi siyosat bir qator savollarni, xususan, taʼlim vositalarining xavfsizligi masalasini ochiq qoldirayotganini bildirdi.

Bolalar huquqlarini hamda manfaatlarini hisobga oluvchi tashkilotlar vakillari esa yanada uzoqroq muddatli moratoriy eʼlon qilishga chaqirishdi. Ularning fikricha, SI platformalarini yaratuvchilar oʻz mahsulotlari bolalarga taʼlim olishda haqiqatan ham yordam berishini, xavfsiz ekanini, jonli muloqot oʻrnini egallamasligini va ommaviy koʻchirmachilikka sabab boʻlmasligini amalda isbotlab berishlari kerak.

Kelasi haftada Nyu-York davlat maktablarining 1 millionga yaqin oʻquvchisi yana darslarga qaytishi kutilmoqda.