$
 11825.40
-5.47
€
 13483.32
32.8
₽
 140.34
1.07
weather
+26
Кечаси   +14°

Bill Geyts sun’iy intellekt xavfidan ogohlantirdi: bu texnologiya milliardlab insonlar yostig‘ini quritishi mumkin

Microsoft asoschisi yovuz niyatli kimsalar qo‘lidagi sun’iy intellekt daxshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi. Shu bois u SI rivojlanishi va undan foydalanish ustidan davlat nazoratini kuchaytirishga chaqirdi.

“Bunday qudratli uyg‘unlik ilgari hech qachon bo‘lmagan”

Bill Geytsning ta’kidlashicha, insoniyat o‘z tarixida birinchi marta g‘arazli kimsalar va misli ko‘rilmagan darajada qudratli SI vositalari to‘qnashuviga guvoh bo‘lmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellektdan g‘arazli maqsadlarda foydalanish juda ko‘p insonlar taqdiriga daxl qiluvchi fojialarga olib kelishi mumkin.

Tadbirkor bu haqda NBC telekanalining “Meet the Press” ko‘rsatuviga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tdi.

Geyts nazoratni kuchaytirishga chaqirdi

Geytsning fikricha, SI dasturlarini yaratayotgan kompaniyalarning texnologiya xavfsizligini faqat o‘zlari nazorat qilishi yetarli emas. Bu jarayonga hukumatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va siyosatchilar ham faol jalb etilishi shart.

Uning ta’kidlashicha, ushbu mutasaddi idoralar sun’iy intellekt tizimlari uchun aniq xavfsizlik talablari hamda ularni monitoring qilish mexanizmlarini ishlab chiqishlari zarur.

Shu bilan birga, Geyts qo‘shimcha talablar texnologiya sohasi uchun muayyan xarajatlarni keltirib chiqarsa-da, rivojlanish sur’atiga jiddiy g‘ov bo‘lmasligi kerakligini qo‘shimcha qildi.

U qanday xavf-xatarlarni ajratib ko‘rsatmoqda?

Geyts bundan avval ham sun’iy intellektdan kiberhujumlar, firibgarlik, dezinformatsiya tarqatish hamda xavfli biologik vositalar yaratishda foydalanilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

Biroq uning milliardlab halok bo‘ladiganlar haqidagi ogohlantirishi voqealarning albatta shunday tus olishini anglatmaydi. Bu o‘rinda gap SI yovuz niyatli kimsalar qo‘liga tushganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy xavf-xatarlar haqida bormoqda.

Теги :
Jamiyat