$
 11774.92
9.71
 13588.26
1.8
 139.17
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

FIDE Samarqanddagi Olimpiadada joylashish muammosiga duch kelgan jamoalarga kompensatsiya to‘laydi

Shaxmat

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Samarqandda o‘tkazilayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasining dastlabki kunida turar joy bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan jamoalarning xarajatlarini qoplashga qaror qildi.

FIDE bayonotida aytilishicha, Olimpiadaning birinchi kunida joylashtirish jarayonidagi tashkiliy kamchiliklar sabab ayrim jamoalar o‘zlari uchun ajratilgan turar joydan foydalana olmagan. Natijada ular Samarqandda mustaqil ravishda mehmonxona yoki boshqa turar joy izlashga va buning uchun xarajat qilishga majbur bo‘lgan.

Federatsiya turar joy bilan ta’minlash masalasi mahalliy tashkiliy qo‘mita vakolatiga kirishini qayd etdi. Shunga qaramay, FIDE yuzaga kelgan vaziyatdan zarar ko‘rgan ishtirokchilarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga qaror qilgan.

Mustaqil ravishda turar joy topishga majbur bo‘lgan jamoalarga uch kungacha bo‘lgan muddat uchun tegishli darajadagi mehmonxona xarajatlari qoplab beriladi. Shuningdek, FIDE tomonidan belgilangan standartlarga mos kelmaydigan rasmiy mehmonxonalarda yashashga majbur bo‘lgan jamoalarga ham qo‘shimcha kompensatsiya ajratiladi. Biroq kompensatsiya miqdori hozircha ma’lum qilinmagan.

FIDE tashkiliy muammolar yuzaga kelganidan afsusda ekanini bildirib, bundan zarar ko‘rgan federatsiyalar va jamoalardan uzr so‘radi. Federatsiya moliyaviy jihatdan yuzaga kelgan noqulayliklarning ishtirokchilarga yuklanmasligini asosiy ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatdi.

Hindiston terma jamoasi ham mehmonxona muammosiga duch keldi

Joylashtirishdagi muammolardan Hindiston terma jamoasi ham zarar ko‘rgan. The Indian Express nashri xabariga ko‘ra, Samarqandga kelganidan keyin Hindiston delegatsiyasining bir necha shaxmatchisi bir necha soat davomida Silk Road by Minyoun mehmonxonasidan xonalar ololmagan.

Hindiston erkaklar terma jamoasi kapitani Shrinatx Narayanan nashrga ma’lum qilishicha, jamoaga mehmonxonada bo‘sh xonalar qolmagani aytilgan. Uning taxminicha, jamoaning bron qilingani haqidagi ma’lumotlar mahalliy tashkiliy qo‘mita tomonidan mehmonxonaga o‘z vaqtida yetkazilmagan bo‘lishi mumkin.

Narayanan X tarmog‘ida ham vaziyat haqida yozgan. Uning bildirishicha, parvoz tugaganidan besh soat o‘tgan bo‘lsa-da, jamoa a’zolari hali xonalariga joylasha olmagan va muammo qachon hal etilishi noma’lum bo‘lgan.

Grossmeyster Vidit Gujrati esa Samarqand Olimpiadasidagi dastlabki taassurotlarini “juda yomon” deb baholagan.

Muammoni hal qilish uchun Butunhindiston shaxmat federatsiyasi delegatsiya rahbari, grossmeyster Abxijit Kunteni Samarqandga yuborgan.

Keyinchalik Narayanan O‘zbekiston shaxmat tomoni va mehmonxona vakillari Hindiston delegatsiyasi bilan uchrashgani hamda yuzaga kelgan muammolarni hal qilishga yordam berganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev ham keyinchalik Hindiston jamoasining barcha a’zolari xonalar bilan ta’minlanganini bildirdi.

“O‘zbekistonga xush kelibsiz. Hindiston jamoasining barcha a’zolariga xonalar ajratildi. Olimpiadaning qolgan qismi ijobiy ruhda o‘tishiga umid qilamiz”, — deb yozdi u X tarmog‘ida.

Joylashtirish, akkreditatsiya va vizalar bo‘yicha muammolar avvalroq ham aytilgan

Olimpiada ishtirokchilarini joylashtirishdagi qiyinchiliklar musobaqa boshlanishidan oldin o‘tkazilgan rasmiy matbuot anjumanida ham tilga olingan edi.

FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand o‘sha paytda turar joy, akkreditatsiya va vizalar bilan bog‘liq ayrim muammolar mavjudligini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, FIDE ushbu masalalarni mahalliy tashkiliy qo‘mita bilan hamkorlikda hal qilish ustida ishlagan va o‘sha vaqtga kelib muammolarning bir qismi allaqachon bartaraf etilgan.

FIDE Kongressi viza muammolari sabab boshqa sana yoki joyga ko‘chirilishi mumkin

Turar joy masalasidan tashqari, FIDE Samarqanddagi Kongress ishtirokchilarining vizalari bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan ham bayonot berdi.

Federatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Olimpiadaning ayrim ishtirokchilari va FIDE Kongressi delegatlari hali zarur vizalarni olmagan. Ular orasida bo‘lajak FIDE saylovlarida ovoz berish huquqiga ega delegatlar, shuningdek, FIDE Kengashi a’zosi Benard Vanjala ham bor.

FIDE Kongressni faqat unda qatnashish va ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan barcha shaxslar ushbu huquqlaridan foydalana oladigan sharoitda o‘tkazish mumkinligini ta’kidladi.

Agar viza bilan bog‘liq muammolar hal etilmasa va delegatlar hamda FIDE Kengashi a’zolarining huquqlari kafolatlanmasa, tashkilot Kengashi Kongressni boshqa sana va boshqa joyga ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Shu bilan birga, FIDE O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi Olimpiada tashkiliy qo‘mitasiga turnirni tashkil etish borasidagi ishlar uchun minnatdorlik bildirdi. Federatsiya Samarqanddagi musobaqa “haqiqiy shaxmat bayrami” bo‘lishiga ishonch bildirdi.

FIDE Kongressi Samarqandda 20–27-sentabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bosh assambleya yig‘ilishi hamda federatsiya rahbariyatiga saylovlar esa 26–27-sentabr kunlariga belgilangan.

Теги :
Jamiyat