$
 11830.87
16.82
€
 13450.52
-31.67
₽
 139.27
-0.66
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyodagi eng yaxshi shaharlar ro‘yxati e’lon qilindi: Ular orasida Toshkent ham bor

Toshkent

Oxford Economics 2026-yilgi “Global shaharlar indeksi” reytingini e’lon qildi. Unda dunyoning 1 000 ta yirik shahri iqtisodiyot, inson kapitali, hayot sifati, atrof-muhit va boshqaruv kabi beshta yo‘nalish bo‘yicha baholangan. Reytingda Nyu-York, London va Parij yetakchi o‘rinlarni egallagan. Toshkent esa alohida “Cities to Watch” – kelajakda kuzatishga arziydigan shaharlar qatoridan joy olgan.

Dunyoning eng yuqori reytingli 10 shahri

2026-yilgi Global Cities Indexning kuchli o‘ntaligi quyidagicha:

1. Nyu-York, AQSh

2. London, Buyuk Britaniya

3. Parij, Fransiya

4. Sietl, AQSh

5. San-Fransisko, AQSh

6. Dublin, Irlandiya

7. Boston, AQSh

8. San-Xose, AQSh

9. Tokio, Yaponiya

10. Syurix, Shveytsariya

Oxford Economics ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaharlar yuqori iqtisodiy salohiyat, malakali ishchi kuchi, rivojlangan infratuzilma va hayot sifati kabi omillar bilan ajralib turadi.  Nyu-York 100 ball bilan reytingni boshqaradi, London 98,8 ball bilan ikkinchi, Parij esa 93,4 ball bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

Toshkent qaysi o‘rinda?

Toshkent umumiy reytingda 343-o‘rinni egallagan. Boshqa kategoriyalar bo‘yicha quyidagi natijalarni egallagan:

  • Iqtisodiyot – 188-o‘rin
  • Inson kapitali – 108-o‘rin
  • Hayot sifati – 644-o‘rin
  • Atrof-muhit – 806-o‘rin
  • Boshqaruv – 825-o‘rin

Oxford Economics Toshkentni umumiy reytingdagi o‘rnidan ko‘ra, uning kelajakdagi iqtisodiy salohiyati sabab alohida ajratgan. Shahar Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi “Top Cities to Watch”(“Tomosha qilish uchun eng yaxshi shahar”) ro‘yxatiga kiritilgan.

Toshkent nima uchun e’tiborga tushdi?

Indeksda Toshkent Markaziy Osiyoning eng istiqbolli iqtisodiyotga ega shaharlaridan biri sifatida tasvirlangan.

Hisob-kitoblariga ko‘ra, Toshkent Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada YaIM o‘sishi bo‘yicha eng tez rivojlanayotgan shaharlardan biri. Tashkilot 2026-2030-yillarda shahar iqtisodiyoti yiliga o‘rtacha 7 foizdan ko‘proq o‘sishini prognoz qilgan.  

Qurilish va investitsiyalar o‘sishning asosiy drayverlaridan

Hisobot Toshkentdagi iqtisodiy o‘zgarishlarda qurilish va investitsiyalar muhim rol o‘ynayotganini qayd etadi. Shahar texnologiya va moliya sohalarida mintaqaviy markazga aylanishga intilmoqda va bunda xorijiy kompaniyalarni jalb qilish hamda mahalliy biznesni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar muhim omil sifatida ko‘rsatilgan.

Toshkent IT Park ham hisobotda alohida tilga olinadi. U texnologik markaz va erkin iqtisodiy zona sifatida ko‘plab kompaniyalarni jalb qilgan. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xalqaro moliya markazini rivojlantirish rejalari ham Toshkentning moliyaviy markaz sifatidagi rolini kuchaytirishi mumkin.

“Yangi Toshkent” ham e’tiborda

Oxford Economics Toshkentdagi qurilish faolligi shahar qiyofasining shiddat bilan o‘zgarishiga olib kelayotganini ta’kidlaydi. Hisobotda “Yangi Toshkent” loyihasi yirik megaloyiha sifatida qayd etilgan. U zamonaviy yangi shahar hududini barpo etish va katta miqdordagi aholini joylashtirishni ko‘zda tutadi. Yangi xalqaro aeroport qurish rejalari ham Toshkentning tranzit markaz sifatidagi imkoniyatlarini oshirishi mumkin.

Toshkentning geografik ustunligi

Shaharning yana bir muhim ustunligi uning geografik joylashuvi. Toshkent Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan O‘rta koridor savdo yo‘lagi yaqinida joylashgan. Ushbu yo‘nalish Rossiyani chetlab o‘tadi. Oxford Economics bu omil Toshkentning Markaziy Osiyodagi logistika markazlaridan biriga aylanishiga yordam berayotganini qayd etadi.

Inson kapitali bo‘yicha Toshkent kuchliroq

Toshkentning reytingdagi eng yuqori natijalaridan biri inson kapitali kategoriyasida ko‘rsatib o‘tilgan. Shahar ushbu yo‘nalishda dunyo shaharlari orasida 108-o‘rinda. Malakali ishchi kuchining ortib borishi Toshkent uchun biznesni jalb qiluvchi muhim omillardan biri ekani ta’kidlangan. Biroq tashkilot aholi jon boshiga daromadlarning nisbatan pastligi malakali mutaxassislarning yuqori daromadli mamlakatlarga ketish xavfini ham oshirishini bildirgan.

Ekologiya Toshkent uchun asosiy muammolardan biri

Reyting Toshkentning iqtisodiy o‘sishi bilan birga muammolarini ham ko‘rsatadi. Shahar atrof-muhit kategoriyasida 806-o‘rinda. Hisobotda yuqori emissiya intensivligi va haroratdagi anomal o‘zgarishlar Toshkentning zaif jihatlari sifatida aytib o‘tilgan. Bundan tashqari, suv tanqisligi ham uzoq muddatli muammo sifatida ko‘rsatilgan. Tashkilot O‘zbekiston suv ta’minotining 80 foizi tashqi manbalarga bog‘liqligini ta’kidlaydi.

 Toshkent hozircha top-10 talikda emas, ammo...

Muhim jihat shundaki, Toshkent 2026-yilgi dunyoning eng yuqori reytingdagi 10 ta shahar qatoriga kirmaydi. Uning umumiy reytingdagi o‘rni 343.

Ammo Toshkent kelajakda o‘sish salohiyati yuqori bo‘lgan shaharlar qatoriga qo‘yilgan. Tashkilotning “Cities to Watch” ro‘yxatida Toshkent bilan bir qatorda Kuala-Lumpur, Xoshimin, Shenzhen va Bengaluru kabi Osiyoning tez rivojlanayotgan shaharlari ham bor. Bundan tashqari, Toshkent “Regional Leader”, ya’ni o‘z mintaqasida muhim iqtisodiy lider sifatida tasniflangan.

Теги :
Jamiyat