$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda hukumat iste’foga chiqadi

Vazirlar Mahkamasi

O‘zbekistondagi 2024-yilgi parlament saylovlari 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu saylovlar O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangilangan qoidalariga asosan aralash saylov tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi, ya’ni deputatlar majoritar va proporsional usulda saylanadi. Bu, parlamentning tarkibini rang-baranglashtirish va siyosiy partiyalarning roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi. Qonunchilikka ko‘ra, saylovlardan so‘ng, parlamentda eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan partiya hukumatga Bosh vazir nomzodini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Amaldagi tartibot

Konstitutsiyaning 118-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan so‘ng bir oy ichida yoki Bosh vazir lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi iste’foga chiqqanidan keyin bir oy ichida Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng taqdim etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdimnoma kiritilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqadi.

Bosh vazirni tayinlash jarayoni

Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi. Bosh vazir nomzodi uning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda ma’qullangan hisoblanadi. Bosh vazir lavozimiga taqdim etilgan nomzod uch marta rad etilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari ularning nomzodlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.

Avvalgi saylov natijalari

2019-yilning 22-dekabr kunida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Liberal-demokratik partiyasi 53 o‘rinni egallab, parlamentdagi eng yirik fraksiyani tashkil etgan. E’tiborlisi, Islom Karimov davrida tashkil qilingan va avval-boshdan hokimiyatdagi partiya maqomi berilgan O‘zLiDeP bundan avval ham uch marta parlamentdagi eng yirik fraksiyani tashkil qilgan. Parlament saylovi natijalari ko‘pchilik uchun kutilgan bo‘lgan.

Abdulla Aripov haqida

Amaldagi O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ilk bor 2016-yil dekabridagi prezident saylovlari ortidan O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida hukumat rahbari etib tasdiqlangandi. Abdulla Aripov 2002-yildan 2012-yilga qadar Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida axborot va telekommunikatsiya tizimiga rahbarlik qilgan. U O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligini boshqargan, ammo Gulnora Karimova va MTSga bog‘liq korrupsion tergovlar tufayli 2012-yilda ishdan chetlatilgan.

“U ko‘p og‘ir tuhmatlarga qolgan”

Bundan avval so‘nggi bor 2020-yilning 21-yanvar kuni Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodi tasdiqlangandi. Minbarda nutq so‘zlagan mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev uning shaxsiy fazilatlari, hukumatni boshqarishdagi tajribasi va o‘tgan yillarda boshdan kechirganlari haqida to‘xtalib o‘tadi. “14-yil bosh vazir bo‘lgan odam va uch marta ushbu lavozimga qayta tayinlangan shaxs sifatida bosh vazirning yuragidan qanday hislar o‘tayapti, bilaman. Abdulla Nig‘matovichni 20-yildan buyon bilaman. Ko‘p yillar yonma-yon birga ishlaganmiz. Hayotda ko‘p og‘ir tuhmatlarga qolgan, lekin shularni jasorat [bilan yengib], hech qachon singan emas. Men shu lavozimga (muvaqqat prezidentlik — tahr.) vaqtincha bo‘lganimda ham bosh vazir o‘rinbosari qilib, Abdulla Aripovni adolat yuzasidan qaytarganim, bejiz emas”, — deydi prezident.

Теги :
Jamiyat