O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegarada yagona bojxona nazoratini joriy etishi mumkin
O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan ayrim chegara bojxona postlarida yuklarni takroriy tekshirish amaliyotini bekor qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Tomonlar One Stop tizimining qaysi shaklini joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan ayrim chegara bojxona postlarida One Stop tamoyili asosida ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Yangi tizim chegaradan o‘tayotgan yuklarni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirish va takroriy tekshiruvlarning oldini olishga qaratilgan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov 11-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozmoqda Spot.
One Stop tizimining uch xil shakli mavjud
Farhod Olimjonovning tushuntirishicha, yagona bojxona nazoratini tashkil etishning uchta modeli bor.
Birinchi modelda ikki davlatning bojxona xodimlari bitta binoda faoliyat yuritadi. Ikkinchi holatda esa har ikki mamlakat bojxona organlari alohida binolarda ishlaydi. Bunda tomonlardan biri eksport, ikkinchisi import jarayonlarini rasmiylashtirish bilan shug‘ullanadi.
Uchinchi model esa davlatlar o‘rtasida bojxona tekshiruvlari natijalarini o‘zaro tan olishga asoslanadi. Ya’ni bir davlat hududida tekshiruvdan o‘tgan yuk ikkinchi mamlakat chegarasida qayta ko‘zdan kechirilmaydi. Buning uchun ikki tomon o‘rtasida zarur ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
“Masalan, O‘zbekistondan eksport qilinayotgan yuk bizning bojxona organlari tomonidan tekshirilgan bo‘lsa, import vaqtida qo‘shni davlat, deylik, Qozog‘iston tomoni uni qayta tekshirmaydi. Xuddi shuningdek, yuk qo‘shni davlatda tekshiruvdan o‘tgan bo‘lsa, bizda yana bir bor nazorat qilinmaydi”, — dedi Olimjonov.
Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan muzokaralar davom etmoqda
Hozirda ushbu tizimni ayrim chegara bojxona postlarida joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi va Bojxona qo‘mitasi Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda.
Qo‘mita vakilining ta’kidlashicha, One Stop tizimini joriy etish bo‘yicha qaror faqat O‘zbekistonning o‘zi tomonidan qabul qilinmaydi. Chunki mexanizm ikki yoki undan ortiq davlatning kelishuviga asoslanadi.
“Bu masala faqat O‘zbekistonning xohishi bilan hal bo‘lmaydi. Muzokaralar davomida One Stop tamoyilini aynan qaysi shaklda joriy etish mumkinligini tomonlar bilan kelishib olishimiz kerak”, — dedi Farhod Olimjonov.
Hozircha yagona bojxona nazoratining qaysi modeli tanlanishi va tizim qachondan ishga tushirilishi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmagan.



