O‘zbekistonlik haydovchilarga Rossiyaning sakkizta hududida taksichilik qilish taqiqlanishi mumkin
O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada taksi sohasida ishlash bo‘yicha yangi cheklovlarga duch kelishi mumkin.
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mehnat vazirligi 2027-yildan boshlab mamlakatning sakkizta hududida ushbu sohaga xorijiy ishchilarni jalb qilish kvotasini nolga tushirishni taklif qildi. Biroq taqiq Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo ayrim davlatlar fuqarolariga tatbiq etilmaydi.
Qaysi hududlarda taksichilik qilish taqiqlanishi mumkin?
Qaror loyihasiga ko‘ra, Mordoviya, Tatariston, Udmurtiya, Chuvashiya respublikalari, Orenburg, Sverdlovsk va Ulyanovsk viloyatlari hamda Yahudiy avtonom viloyatidagi kompaniyalar taksi va haydovchili yengil avtomobil ijarasi xizmatlariga xorijiy haydovchilarni ishga ololmaydi.
Shu tariqa, O‘zbekiston fuqarolari ham yangi cheklovlar ta’siriga tushishi mumkin. Chunki O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo emas.
Yangi cheklovlar kimlarga tatbiq etilmaydi?
Taqiq Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Ular Rossiyada avvalgidek taksi haydovchisi bo‘lib ishlashda davom etishlari mumkin.
Shuningdek, Rossiyada vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma yoki yashash guvohnomasiga ega xorijliklar, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislar uchun ham istisnolar nazarda tutilgan.
Cheklovlar boshqa sohalarga ham taalluqli bo‘ladi
Taksi xizmatidan tashqari, loyiha boshqa sohalarda ham xorijiy ishchilarni yollashni cheklashni nazarda tutadi. Mordoviya va Udmurtiyada shahar va shahar atrofi yo‘lovchi tashish, shuningdek, avtomobil transportida yuk tashish sohalarida ham xorijliklar uchun kvotani nolga tushirish taklif etilmoqda.
Orenburg viloyatida cheklovlar shahar va shahar atrofi transportiga, Kaluga viloyatida esa kuryerlik faoliyatiga taalluqli bo‘lishi mumkin.
Yangi qoidalar qachondan kuchga kirishi mumkin?
Rossiya Mehnat vazirligi ma’lum qilishicha, cheklovlar har bir ish beruvchiga alohida tatbiq etiladi. Ya’ni kompaniyalar belgilangan kvotadan ortiq xorijiy ishchilarni yollay olmaydi.
Mordoviya hukumati yangi choralar zaruratini xorijliklar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari, taksi sohasida noqonuniy bandlik holatlari va boshqa qonunbuzarliklar bilan izohlamoqda.
Hozircha gap 2027-yil uchun ishlab chiqilgan qaror loyihasi haqida bormoqda. Oktabr oyi oxirida hujjat Rossiya Uch tomonlama komissiyasi tomonidan ma’qullangan. Yangi cheklovlar kuchga kirishi uchun Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin uni imzolashi kerak.



