$
 11774.92
9.71
 13588.26
1.8
 139.17
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammitida nimalar dedi?

Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammitida

Seul shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchi Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi biznes sammitida qatnashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sammitda Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni tomonlarning imkoniyatlari bir-birini to‘ldirishiga asoslangan holda rivojlantirishni taklif etdi.

O‘zbekiston rahbari koreys kompaniyalari uchun Markaziy Osiyoni yagona bozor va investitsiya makoni sifatida ko‘rish muhimligini qayd etdi. Mintaqada 80 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, talab o‘sib bormoqda, shuningdek, katta resurs, energetika va inson salohiyati mavjud.

Markaziy Osiyo xomashyosini chuqur qayta ishlash taklif qilindi

Sammitda har bir davlatning xomashyo imkoniyatlaridan kelib chiqib, mintaqada sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, O‘zbekistonning mineral-xomashyo bazasi kamida 3 trillion dollarga baholanayotgani ta’kidlandi.

Muhim minerallar yo‘nalishida yaqin yillarda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 120 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev mintaqaning resurs salohiyatini Janubiy Koreyaning moliyaviy va texnologik imkoniyatlari bilan birlashtirishni taklif etdi. Bunda asosiy maqsad xomashyoni eksport qilish emas, balki uni chuqur qayta ishlash va yuqori texnologiyali tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish va malakali kadrlar tayyorlash hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Koreya kompaniyalari va universitetlari bilan yagona hamkorlik tizimi taklif qilindi

O‘zbekiston Koreya kompaniyalari, universitetlari va tadqiqot markazlarini mamlakatga jalb etib, intellektual mulk huquqi bilan himoyalangan yangi mahsulotlarni yaratishga qaratilgan yagona hamkorlik tizimini tashkil etishni taklif qildi.

Prezident sun’iy intellekt texnologiyalariga ham alohida to‘xtaldi. Uning qayd etishicha, bu yo‘nalish keyingi besh yil davomida har bir mamlakat iqtisodiyotida kamida 10 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkonini beradi.

Shu maqsadda Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellektga ixtisoslashgan data-markazlar uchun keng imtiyozlar berilgan xab tashkil etildi. Koreya kompaniyalari ushbu sohaga sarmoya kiritishga taklif qilindi.

Nurafshonda yarimo‘tkazgichlar bo‘yicha qo‘shma markaz tashkil etilmoqda

Sammitda yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik ham istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Nurafshon shahridagi Kelajak texnologiyalari markazi negizida yarimo‘tkazgichlar, sanoat mikroelektronikasi va yangi materiallarni loyihalash hamda sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi qo‘shma markaz tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston, shuningdek, Koreya va Markaziy Osiyo kompaniyalarining ilmiy-tadqiqot bo‘linmalari hamda laboratoriyalarini mamlakatda joylashtirish uchun zarur sharoitlarni yaratishga tayyorligini bildirdi.

Biofarmatsevtika klasteri tashkil etish taklif qilindi

Biotexnologiya va farmatsevtika sohalari ham hamkorlik uchun muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatildi.

O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlar bozori hajmi 3 milliard dollarga yetgani qayd etildi.

Shu asosda tadqiqotlar, klinik baza va ishlab chiqarishni yagona tizimga birlashtiradigan biofarmatsevtika klasterini tashkil etish taklif qilindi.

Koreya bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha yagona dastur ishlab chiqiladi

Hamkorlikda mutaxassislar tayyorlashga ham katta e’tibor qaratish taklif etildi. Jumladan, butun mintaqa uchun muhandislarni tayyorlash, shuningdek, ularning Janubiy Koreyadagi laboratoriyalar va ilg‘or korxonalarda stajirovka o‘tashini tashkil etishga qaratilgan yagona dasturni yo‘lga qo‘yish masalasi ilgari surildi.

Bundan tashqari, koreys kompaniyalari misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etishga taklif qilindi.

Robototexnika, biotexnologiya, farmatsevtika, energetika, transport va shahar infratuzilmasi yo‘nalishlarida ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.

Теги :
Jamiyat