O‘zbekistonda BMT ofisi ochilishi mumkin
Shavkat Mirziyoyev mamlakatda BMTning yangi tuzilmasini tashkil etish, shuningdek, sun’iy intellektdan xavfsizlik va ta’lim yo‘nalishlarida foydalanish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston BMTning Aksilterror boshqarmasi mintaqaviy ofisini mamlakat hududida joylashtirishga tayyor. Yangi tuzilma Markaziy Osiyo davlatlariga terrorizmga qarshi kurashish, xavfli axborot materiallarini aniqlash va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olishda ko‘maklashishi mumkin. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
6-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida Aqaba jarayoni doirasida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sun’iy intellekt va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida ishtirok etdi.
Davlat rahbari tomonidan bildirilgan taklifga ko‘ra, O‘zbekistonda ochilishi mumkin bo‘lgan BMT mintaqaviy ofisining asosiy vazifalaridan biri terrorchilik mazmunidagi materiallarni aniqlash va ular haqida oldindan ogohlantirish tizimlarini rivojlantirishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, tuzilma terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish va mintaqa mamlakatlari uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga yordam beradi. Bu yo‘nalishlarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan ham foydalanish rejalashtirilgan.
Sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha yangi tashabbuslar
Uchrashuv davomida O‘zbekiston prezidenti “Inson manfaatlari yo‘lida raqamli taraqqiyot” tashabbusini ilgari surdi. Ushbu taklif sun’iy intellekt imkoniyatlarini bilimlarni keng tarqatish, jamiyatda o‘zaro ishonchni mustahkamlash va inson salohiyatini rivojlantirishga yo‘naltirishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida “Raqamli davrda jaholatga qarshi ma’rifat” xalqaro dasturini ishga tushirish taklif etildi.
Dastur doirasida bir nechta yo‘nalishda ish olib borish ko‘zda tutilgan. Jumladan, ko‘p tilli axborot resurslarini yaratish, diniy arboblarning raqamli makondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda yosh tadqiqotchilar uchun zarur sharoitlarni shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq tahdidlar muhokama qilindi
Uchrashuvda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalari ham kun tartibidan joy oldi. Xususan, raqamli texnologiyalar rivoji natijasida yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatarlar, shuningdek, yoshlarning radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Iordaniya qiroli Abdulla II qatnashdi. Shuningdek, Ozarbayjon hamda Qirg‘izistonning yuqori martabali vakillari ham uchrashuvda ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, Aqaba jarayoni Iordaniya qiroli Abdulla II tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro muloqot platformasidir. Uning asosiy maqsadi xavfsizlik sohasida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va umumiy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishdan iborat.



