Payshanba, 29-oktabr, 2026
Havo 109 sezgirlar uchun zararli Tirbandlik xaritasi
☀ +20° kechasi +10°

Global Talent Forum: Dunyoning yetakchi ta’lim tashkilotlari Samarqandda jamlanmoqda

29–30-oktyabr kunlari Samarqandda Global Talent Forum xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. Inson kapitali va xalqaro ta’lim masalalariga bag‘ishlangan tadbirni O‘zbekistonning yetakchi banklari, kompaniyalari va ta’lim muassasalari qo‘llab-quvvatlamoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Global Talent Forum

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etayotgan forumning asosiy mavzusi — “O‘zgarayotgan dunyoda inson kapitalini shakllantirish”. Unda xalqaro ta’lim va stipendiya dasturlarini mehnat bozori ehtiyojlari bilan bog‘lash, malakali mutaxassislar tayyorlash, xorijda orttirilgan bilim va tajribadan O‘zbekistonda foydalanish hamda davlat idoralari, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Forumda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), Turkiya Oliy ta’lim kengashi, Xalqaro ta’lim instituti (IIE), Qozog‘istonning “Bolashaq” dasturi, DAAD, British Council, JICA va EducationUSA vakillarining ishtiroki rejalashtirilgan.

Forumning xalqaro hamkorlari va homiylari

Global Talent Forumning bosh hamkori — O‘zbekiston Milliy banki (NBU). Bank forumning asosiy hamkori sifatida inson kapitalini rivojlantirish va malakali mutaxassislar tayyorlashga bag‘ishlangan xalqaro muloqotni qo‘llab-quvvatlamoqda.

“Uzbekistan’s Club” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti forumning strategik hamkori hisoblanadi. O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirishga e’tibor qaratib kelayotgan tashkilot forumni o‘tkazishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

MKBANK, “Xalq banki” va “Agrobank” ham forum hamkorlari qatoridan o‘rin olgan. Tadbir dasturida moliya institutlarining inson kapitalini rivojlantirishdagi roliga alohida sessiya ajratilgan. Unda ta’limga investitsiyalar, kadrlar tayyorlash va moliya sektori bilan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Forumni “Uzbekistan Airways” AJ va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu tariqa tadbir hamkorlari safida banklar bilan bir qatorda aviatsiya va oliy ta’lim sohasi vakillari ham bor.

Bundan tashqari, GRANDPHARM va MEROS PHARM kompaniyalari forumning ikkinchi kunida o‘tkaziladigan “Samarkand Tea Time” uchrashuvini qo‘llab-quvvatlamoqda. Unda “El-yurt umidi” jamg‘armasi bitiruvchilari o‘z kasbiy tajribasi va tashabbuslari bilan o‘rtoqlashadi.

Xorijda o‘qigan yoshlar uchun  imkoniyatlar

“El-yurt umidi” jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025–2026-yillarda o‘tkazilgan uchta ochiq tanlovda qariyb 500 nafar yosh Prezident stipendiyasini qo‘lga kiritgan. Ularning 80 foizi dunyoning Top-100 universitetlariga qabul qilingan. Forumda xorijda tahsil olgan mutaxassislarning O‘zbekistonda ish topishi, ilmiy loyihalarda qatnashishi va o‘z bilimini amaliyotda qo‘llashi uchun zarur sharoitlar muhokama qilinadi.

Dasturdan xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik, kelgusi o‘n yillikdagi qo‘shma tashabbuslar va ish beruvchilar bilan bevosita uchrashuvlar ham o‘rin olgan.

Samarqanddagi ikki kunlik forum davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ta’lim muassasalari va xususiy sektor vakillarini birlashtiradi. Muhokamalarda xorijda olingan bilim va tajribadan O‘zbekiston iqtisodiyotida qanday foydalanish mumkinligiga asosiy e’tibor qaratiladi.