“Real Madrid” Xitoy xalqidan uzr so‘radi: Mbappe nimalar qilib qo‘ydi?
“Real” futbol klubi Kilyan Mbappening Xitoyda norozilikka sabab bo‘lgan so‘zlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
2 daqiqa o‘qiladi

“Real Madrid” futbol klubi Kilyan Mbappening Xitoyda norozilikka sabab bo‘lgan so‘zlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Madrid jamoasi Xitoy xalqidan uzr so‘rab, mamlakat tarixi va madaniyatini hurmat qilishini ta’kidladi. Klub, shuningdek, o‘z muxlislari qatorida bo‘lgan millionlab xitoyliklarni qadrlashini bildirdi.
Mojaroga Mao Szedun haqidagi izoh sabab bo‘ldi
Vaziyat Mbappening internetda tarqalgan memga munosabatidan keyin yuzaga kelgan. Unda fransiyalik futbolchining surati Xitoyning sobiq rahbari Mao Szedun tasviri bilan birlashtirilgan edi. Mbappe ushbu tasvirni izohlar ekan, Mao Szedunni “xitoylik diktator” deb atagan. Bu fikr Xitoyda keskin tanqidga uchradi.
27-oktabr kuni futbolchining o‘zi ham bayonot bilan chiqdi. U ishlatgan so‘zlari noo‘rin bo‘lganini tan olib, Xitoy xalqi va uning tarixiga chuqur hurmat bilan qarashini bildirdi. Mbappe gaplaridan ranjiganlardan uzr so‘radi.

Klub Xitoy bilan munosabatlarni saqlab qolishga urinmoqda
“Real” o‘z bayonotida futbolchining uzrini qo‘llab-quvvatladi. Klub Xitoy va uning fuqarolari bilan do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirishga intilishini ma’lum qildi. Shuningdek, turli madaniyat vakillari o‘rtasida hurmat, hamjihatlik va o‘zaro tushunishni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
“Real Madrid” klubi futbolchimiz Kylian Mbappening so‘nggi so‘zlari tufayli yuzaga kelgan noqulayliklar uchun Xitoy xalqidan uzr so‘raydi.
Klubimiz Xitoyga, uning tarixi, madaniyati va fuqarolariga, shuningdek, “Real Madrid”ga mehr va havas bilan qaraydigan millionlab xitoylik muxlislarga chuqur hurmat bilan qaraydi”, – deb yoziladi klub bayonotida.
Mojaro yuzasidan La Liga prezidenti Xavyer Tebas ham xitoylik muxlislardan uzr so‘ragan.
Xitoydagi hamkorlar Mbappedan yuz o‘girdi
Futbolchining bayonoti Xitoydagi tijoriy hamkorlikka ham ta’sir ko‘rsatdi. Mojarodan so‘ng mamlakatdagi ayrim kompaniyalar Mbappe bilan hamkorlikni to‘xtatdi. Xitoy davlat televideniyesi esa La Liga uchrashuvlari translyatsiyasi to‘xtatilganini e’lon qildi.



