O‘zbekistonliklar qaysi davlatlarga vizasiz borishlari mumkin?
O‘zbekistonlik sayyohlar uchun Tailandga borish osonlashmoqda.
3 daqiqa o‘qiladi

Mamlakat Turizm va sport vazirligi O‘zbekiston, Kolumbiya hamda Meksika fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz tartib joriy etish taklifini ilgari surdi. Xo‘sh, O‘zbekiston fuqarolari yana qaysi davlatlarga vizasiz yoki yengillashtirilgan tartiblar bilan bora oladi?
Viza qoidalari doimiy o‘zgarib turadi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolarimiz 31 ta davlatga to‘liq vizasiz kirishi yoki oldindan viza olmasdan sayohat qilishlari mumkin. Biroq vizasiz qolish muddati va kirish shartlari har bir davlatda farq qiladi. Bundan tashqari, tartiblar doimo o‘zgartirib turadi. Bu esa pasport bo‘yicha jahon reytinglaridagi viza ma’lumotlari tavofutlariga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, Henley Passport Indexda O‘zbekiston 57 ta davlatga vizasiz kira olishi ko‘rsatilgan bo‘lsa, passportindex.org da ko‘rsatkich 27 ta deb berilgan. Shu bilan birga, yil boshida Kabo-Verde O‘zbekiston uchun soddalashtirilgan viza tartibini bekor qildi.
4 ta davlatda – Keniya, Kot-d’Ivuar, Seyshel orollari va Shri-Lankada turistik ro‘yxatdan o‘tish tartibi bor bo’lib, bunda turistik vaucher, mehmonxona bandligi tasdig’i va chiptalar talab qilinadi.
Hozirgi kunda 41 ta davlat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun soddalashtirilgan kirish rejimini joriy etgan. Shulardan 29 tasida – Boliviya, Burundi, Kambodja, Komor orollari, Gvineya-Bisau, Indoneziya, Yamayka, Iordaniya, Laos, Livan, Makao, Madagaskar, Maldiv orollari, Mavritaniya, Mavrikiy, Mozambik, Nepal, Nikaragua, Palau, Qatar, Ruanda, Samoa, Saudiya Arabistoni, Syerra-Leone, Sharqiy Timor, Togo, Tuvalu, Zimbabveda joyida viza beriladi. Bu borilgan mamlakat aeroportida yoki chegara punktida rasmiylashtiriladigan viza hisoblanadi.
13 ta davlatga, xususan, Kongo Demokratik Respublikasi, Jibuti, Ekvatorial Gvineya, Efiopiya, Gabon, Gvineya, Hindiston, Lesoto, Malavi, Nigeriya, Janubiy Sudan, Uganda, Vietnamga elektron viza orqali kirish mumkin
MDH va qo‘shni davlatlar
O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus va Moldova kabi mamlakatlarga vizasiz borishlari mumkin. Masalan, Qozog‘istonda 30 kungacha, Qirg‘izistonda 60 kungacha, Tojikistonda esa 30 kungacha vizasiz yurish imkoniyati mavjud. Gruziyada esa o‘zbekistonliklar 365 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Biroq mamlakatga kirishda tibbiy sug‘urta kabi qo‘shimcha talablarni ham hisobga olish lozim.
Osiyo va Yaqin Sharq
Turkiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Filippin, Iordaniya va Mo‘g‘uliston o‘zbekistonlik sayyohlar uchun vizasiz yo‘nalishlar qatoriga kiradi. Ushbu mamlakatlarda ruxsat etilgan qolish muddati turlicha. Masalan, Turkiyada 180 kunlik davr ichida jami 90 kungacha, Xitoyda esa 30 kungacha vizasiz qolish mumkin. Maldiv orollariga kelgan sayyohlarga belgilangan talablar bajarilgan taqdirda, odatda, chegarada 30 kunlik sayyohlik vizasi beriladi. Bu tartib to‘liq vizasiz rejimdan farq qiladi. Singapurga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklar esa oldindan viza olish talabini hisobga olishlari kerak. Ayrim tranzit yo‘lovchilar uchun esa maxsus istisnolar mavjud.
Lotin Amerikasi va Karib dengizi
Antigua va Barbuda, Gaiti, Grenada, Sent-Vinsent va Grenadinlar hamda Barbados kabi mamlakatlar ham o‘zbekistonlik sayyohlar uchun vizasiz yo‘nalishlar qatorida tilga olinadi. Biroq ruxsat etilgan qolish muddati va kirish shartlarini safardan oldin aniqlashtirish zarur. Braziliya, Argentina va Chiliga esa O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish imkoniyati mavjud emas. Ushbu mamlakatlarga safar qilishdan oldin tegishli viza talablarini tekshirish kerak.



