Payshanba, 29-oktabr, 2026
Havo 120 sezgirlar uchun zararli Tirbandlik xaritasi
☀ +20° kechasi +10°
Читать на русском

“Postlarimiz AQShga qaratilgan edi” — Eron Samarqand mojarosiga izoh berdi

Avvalroq Eron elchixonalarining Samarqandni fors merosi bilan bog‘lagan postlari ikki davlat o‘rtasida diplomatik bahsga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston bunga norozilik bildirib, Eron elchisini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirdi va rasmiy nota ham topshirdi.

2 daqiqa o‘qiladi

“Postlarimiz AQShga qaratilgan edi” — Eron Samarqand mojarosiga izoh berdi

Endi esa Eron TIV bu masalaga munosabat bildirdi. Tehronning aytishicha, bahsli postlar aslida O‘zbekistonga emas, AQShga qaratilgan.
Eron TIV Samarqand haqidagi postlarga izoh berdi
Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy Samarqand va Registon haqidagi bahsli postlar yuzasidan fikr bildirdi. Uning aytishicha, Eronning xorijdagi ayrim elchixonalari bu xabarlarni AQShga javob sifatida e’lon qilgan.
“Ayrim elchixonalarimizdagi do‘stlarimiz o‘z postlarini AQSh tomoniga murojaat sifatida e’lon qilishgan edi”, — dedi Baqoiy.
Shuningdek, u Eron O‘zbekiston bilan munosabatlarini yuqori qadrlashini ta’kidladi.
“Eron va O‘zbekistonni bir-biriga bog‘lab turuvchi rishtalar bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgan emas. Biz O‘zbekiston bilan munosabatlarimizga katta ahamiyat beramiz”, — dedi TIV vakili.
Baqoiy ikki mamlakat va mintaqa xalqlarining umumiy tarixiy-madaniy merosi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ham aytdi.
Samarqand nega bahsga sabab bo‘ldi?
Mojaro AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifidan keyin boshlangandi. Rubio Registon maydonida videomurojaat qilgan. Shundan so‘ng Eronning Armaniston, Zimbabve, Bolgariya va boshqa davlatlardagi elchixonalari uning videosiga munosabat bildirgan.
Diplomatlar X ijtimoiy tarmog‘idagi postlarida Samarqand me’morchiligini fors va Eron-islom sivilizatsiyasi merosi bilan bog‘lagan. Bu bayonotlar O‘zbekistonda e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Samarqandning tarixiy merosi siyosiy maqsadlarda talqin qilinayotgani tanqid qilindi.
O‘zbekiston Eron elchisiga norozilik notasi topshirdi
23-oktyabr kuni Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Unga Samarqand haqidagi bahsli postlar yuzasidan rasmiy norozilik notasi topshirildi.
O‘zbekiston TIV Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarning madaniy merosi o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixi va davlatchilik an’analarining ajralmas qismi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Eron tomonidan ushbu postlarni o‘chirib tashlash va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rish talab qilindi.
Bahsli postlar o‘chirildi
Eron TIV izohidan so‘ng diplomatik vakolatxonalarning Samarqand haqidagi bahsli postlari o‘chirilgani ma’lum bo‘ldi. Tehron bu xabarlar AQShga qaratilganini aytib, O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlarni saqlash muhimligini bildirdi.
Shu tariqa, Marko Rubioning Samarqandga tashrifi ortidan boshlangan bahs Eron elchisiga norozilik notasi topshirilishigacha yetib bordi. Hozir bahsga sabab bo‘lgan postlar o‘chirilgan, Eron tomoni esa ularning kimga qaratilganiga izoh bergan.