O‘zbekistonliklarni noyabrda qanday ob-havo kutib turibdi?
“O‘zgidromet” noyabr oyida O‘zbekistonda kutilayotgan ob-havo haqida ma’lumot berdi. Prognozga ko‘ra, oy davomida o‘rtacha havo harorati asosan iqlim me’yoriga yaqin, ayrim hududlarda esa undan 1–1,5 daraja yuqori bo‘ladi.
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zgidromet” noyabr oyida O‘zbekistonda kutilayotgan ob-havo haqida ma’lumot berdi. Prognozga ko‘ra, oy davomida o‘rtacha havo harorati asosan iqlim me’yoriga yaqin, ayrim hududlarda esa undan 1–1,5 daraja yuqori bo‘ladi. Oyning dastlabki kunlari iliq o‘tishi, keyingi o‘n kunliklarda esa harorat pasayishi kutilmoqda. Yog‘ingarchilik miqdori respublikaning aksariyat hududlarida me’yordan kam bo‘lishi mumkin.
Noyabrda harorat qanday o‘zgaradi?
Oyning birinchi o‘n kunligida nisbatan iliq ob-havo kuzatiladi. Bu davrda kechalari havo harorati asosan 5–10 daraja iliq, kunduzi esa 17–22 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.
Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat pasayib boradi. Kechalari havo harorati 3–8 daraja iliqdan 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha, kunduz kunlari esa 15–20 daraja iliqdan 5–10 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.
Oy davomida ayrim kunlari yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. Asosan yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgan bo‘lsa-da, havo sovigan davrlarda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi ehtimoli ham bor.
Umuman olganda, oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi, ayrim joylarda esa ko‘p yillik ko‘rsatkichlarga yaqinlashishi prognoz qilinmoqda.
Noyabr oyida yog‘ingarchilik ko‘payadi
Noyabrda yog‘ingarchilik oktabr oyiga qaraganda tez-tez kuzatiladi. Yomg‘irli kunlar ko‘payishi, ayrim davrlarda esa yog‘ingarchilik uzoqroq davom etishi va jadal yog‘ishi mumkin.
Respublikaning katta qismida oylik yog‘ingarchilik miqdori 30–55 millimetrni tashkil etadi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda bu ko‘rsatkich 60–110 millimetrgacha yetishi mumkin.
Ko‘p yillik kuzatuvlarga ko‘ra, yog‘ingarchilik eng kam kuzatiladigan hududlar mamlakatning shimoli-g‘arbiy tumanlari va cho‘l zonasidir. Bu yerlarda o‘rtacha oylik yog‘in miqdori 8–17 millimetr atrofida bo‘ladi.
Farg‘ona vodiysining ayrim joylari hamda respublikaning janubidagi ba’zi hududlarda esa noyabr oyida o‘rtacha 20–30 millimetr yog‘ingarchilik kuzatiladi.
Yog‘inlar asosan yomg‘ir shaklida yog‘adi. Harorat pasaygan davrlarda esa qor yog‘ishi mumkin.
Tog‘li hududlarda qor qoplami shakllanadi
Noyabr oyida tog‘li hududlarda mavsumning dastlabki qor qoplami yuzaga keladi. Pastroq joylarda qor qoplami beqaror bo‘lib, tez erib ketishi mumkin.
Baland tog‘li hududlarda, dengiz sathidan 2 000–2 200 metr va undan yuqorida, oy oxiriga kelib qor qalinligi 25–40 santimetrga yetishi kutiladi.
2023-yil noyabr tarixdagi eng iliq oylardan biri bo‘lgan
“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil noyabr O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar olib borilgan davrdagi eng iliq noyabr sifatida qayd etilgan. O‘sha oyda o‘rtacha havo harorati iqlim me’yoridan 3–6 daraja yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, 2023-yil noyabrda respublikaning katta qismida, shimoliy hududlar va cho‘l zonalaridan tashqari, havo harorati manfiy qiymatlargacha tushmagan.
Toshkentda noyabr harorati asta-sekin ko‘tarilmoqda
So‘nggi 50 yillik meteorologik kuzatuvlar Toshkent shahrida noyabr oyining o‘rtacha harorati sekin o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Bu davrda haroratning o‘sish tendensiyasi ijobiy bo‘lib, o‘n yillik hisobda taxminan 0,14 darajani tashkil etadi.
2011-yil noyabrda yog‘ingarchilik rekord darajaga yetgan
Meteorologik kuzatuvlar tarixida 2011-yil noyabr respublikaning katta qismida eng ko‘p yog‘ingarchilik qayd etilgan oy sifatida ajralib turadi.
O‘sha oyda yog‘in miqdori oylik me’yordan 3–3,5 baravar, mamlakatning eng janubiy hududlarida esa 4–7 baravar ko‘p bo‘lgan.
Masalan, Toshkent shahrida noyabr oyi uchun yog‘ingarchilik me’yori 51 millimetr bo‘lsa-da, 2011-yilda 167 millimetr yog‘in qayd etilgan. Odatda bir oyda o‘rtacha 11 kun yog‘ingarchilik kuzatiladigan poytaxtda o‘sha yili 19 kun davomida yomg‘ir yoki qor yog‘gan.
Yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor shaklida kuzatilgan. Oy davomida bir necha marta beqaror qor qoplami hosil bo‘lgan. Noyabr oxirida uning qalinligi 20 santimetrga yetgan, biroq bunday qor qoplami atigi ikki kun saqlanib turgan.
Termiz shahrida ham 2011-yil noyabrda yog‘ingarchilik miqdori keskin oshgan. Oylik me’yor 20 millimetr bo‘lganiga qaramay, o‘sha oyda 148 millimetr yog‘in qayd etilgan.
Shu bilan birga, meteorologik kuzatuvlar tarixida noyabr oyida yog‘ingarchilik juda kam bo‘lgan davrlar ham uchraydi. Ayrim yillarda oylik yog‘in miqdori me’yorning atigi 1–30 foizini tashkil etgan.



