Jamiyatda muhojirlarga nisbatan nafrat uyg‘otish orqali hech nimaga erishib bo‘lmaydi – Ramzan Qodirov
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyada migratsiya siyosati qattiqlashganidan noroziligini bildirdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyada migratsiya siyosati qattiqlashganidan noroziligini bildirdi. Bu haqda u o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Muammo migrantlarda emas
Uning qayd etishicha, ko‘rilgan chora-tadbirlar bor umidlarni puchga chiqaradi va qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yomonlashtiradi.
Qodirovga ko‘ra, muammoni ommaviy haydash bilan hal qilib bo‘lmaydi. Muammoning ildizi migrantlarda emas, balki bu muammolar bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lganlar tomonidan nazoratning sustligi va tezkor yechim yo‘qligidadir.
“Jamiyatda muhojirlarga nisbatan nafrat uyg‘otish orqali hech qanday yaxshilikka erisha olmaymiz, aksincha, vaziyatni yanada og‘irlashtiramiz. Hech bo‘lmaganda, hozirdanoq migratsiya nazoratining vakolatli tizimini yo‘lga qo‘yib, bu borada to‘g‘ri siyosat yuritish yaxshi bo‘lardi”, – deb yozadi Qodirov.
Muhojirlarga nisbatan tajovuzkor yondashuvdan voz kechish kerak
Ramzan Qodirov muhojirlarga nisbatan tajovuzkor yondashuvdan voz kechishga chaqirdi va o‘ylamasdan choralar ko‘rmasdan, jarayonni yanada samarali nazorat qilish uchun migratsiya siyosatida tartib o‘rnatishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlarning ko‘pchiligi qonunga bo‘ysunuvchi shaxslar bo‘lib, ular bilan huquqbuzarlarni farqlash zarur.
“Xo‘sh, biz bugungi muhojirlarni to‘liq ta’qib qilib haydab chiqaramiz. Lekin ertaga boshqa hududlardan boshqalari keladi. Ularning oldingilaridan yaxshiroq bo‘lishiga kim kafolat beradi?”, deya ta’kidladi Qodirov.
“Нелегал-2024” operatsiyasining ikkinchi bosqichi
Rossiya Ichki ishlar vazirligi “Нелегал-2024” operatsiyasining ikkinchi bosqichini olib borayotgani haqida xabar bergan edik.
Unga koʻra, Sankt-Peterburgda keng ko‘lamli reydlar 1,5 ming nafar migratsiya qonunbuzarlarini aniqlagan. Tekshiruvlar minglab muhojirlarni qamrab olgan. Aniqlangan 1500 huquqbuzarliklarning aksariyati Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lish qoidalari – registratsiyaga bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, bir qancha migrantlar patentsiz noqonuniy ishlaganligi aniqlangan. Barcha muhojirlar politsiya bo‘limlariga olib borilgan va sud qarori bilan qariyb ikki yuz nafar xorijiy fuqaroga ma’muriy chiqarib yuborish jazosi – “выдворение” qo‘llangan. “Выдворение” qilinganlarning aksariyati xorij fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgani aytilmoqda.
Kaltak bilan reydlar
Shuningdek, Moskvadagi reydlarning biri qurilish maydonida olib borilgan va natijada 40 nafar migrantga ma’muriy bayonnomalar tuzilgan. Har bir qonunbuzarga 5 ming rubl miqdorida jarima solinib, Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborish jazosi berilgani xabar qilindi. Moskva shahrida esa reydlar migrantlar yashayotgan yotoqxonalarda ham o‘tkazildi. Moskva shahrining Ugreshskaya ko‘chasidagi yotoqxonada yashaydigan muhojirlarning so‘zlariga ko‘ra, ular uyquda bo‘lgan vaqtda tonggi soat 4 da politsiya xodimlari yotoqxonaga bostirib kirib, kuzatuv kameralarini yopib chiqqan va migrantlarning yuzini yerga qaratib kaltaklagan.



